23:00 / 29.03.2019
7 330

Xizr alayhissalom Rishtonda dafn etilganmi?

Xizr alayhissalom Rishtonda dafn etilganmi?
Yurtimizda ichki turizmni rivojlantirish orqali hududlarning obodligini oshirishga alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda. Xususan, Fargʻona viloyatining Rishton tumani “Boʻston” mahallasi hududida joylashgan Xizrbuva ziyoratgohi ham yilning toʻrt faslida respublikamizning turli mintaqalari, hatto, qoʻshni davlatlardan kelgan duotalablar bilan gavjum.

Mahalliy aholining taʼkidlashicha, bu yerga Xizr alayhissalom dafn etilgan. Ziyoratchilar sonining keskin oshganiga 15-20 yilcha boʻldi. Buning natijasida oʻtgan vaqt mobaynida hudud tanib boʻlmas darajada oʻzgardi. Mahallada kulolchilik va boshqa milliy hunarmandchilik ustaxonalari, hashamatli doʻkonlar qad rostladi. Ziyoratgoh atrofida milliy oʻyinlar — kurash, dor namoyishi boshlanadi. Aholining daromadlari oshib, bugun yigʻinda kam taʼminlangan oilaning oʻzi qolmadi. Mahalla borgan sari obodlashib, kichik shaharcha koʻrinishini olmoqda.

Tanganing ikkinchi tomoni
Biroq masalaning boshqa tomoni ham bor. Muqaddas dinimizda sehrgarlik, fol ochish katta gunoh hisoblanadi. Ziyoratgohda esa aynan shu kabi amallar bajarilmoqda. Bu yerda “bashoratchilik”, qoʻrgʻoshin eritib qandaydir “jodu” qilish, boshqa “sehrgarlik” xizmatlarini joriy etgan “kompaniya”lar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Albatta, buning uchun yaxshigina “nazr” ham undiriladi.

— Xizrbuva ziyoratgohi mahalliy aholi eng koʻp boradigan maskanlardan biri, — deydi Bogʻdod tumanidan mehnat faxriysi Mehriniso Xolmirzayeva. — Odamlarning Hizr alayhissalomga boʻlgan ixlosidan bir guruh firibgarlar daromad orttirish maqsadida foydalanishayotgani ayanchli holat. Chekkadan bir folbinni kuzatdim. Yarim soatda 3 nafar mijozdan 100 ming soʻmdan ortiq pul ishlab oldi. Bundan tashqari, u mijozlarga fol uchun zarur, deya, “balo-qazoni bartaraf qiladigan” narsalar xarid qilishni buyurib, sheriklarining ham boyishiga koʻmaklashib yubordi.

Haqiqatan ham, Xizr nazar solganmi?
Ziyoratgoh qachon barpo etilgani toʻgʻrisida mahalliy rivoyatlar, ilmiy manbalarda biror eslatma yoʻq. Maskanning xislatlari bilan bogʻliq el ogʻzidagi aksariyat fikrlarning tarixi 30-40 yildan nariga oʻtmaydi. Ammo hududda istiqomat qiladigan ziyolilar ziyoratgoh qadimdan mavjud boʻlganini taʼkidlashadi.

— Yoshim oltmishdan oshgan, — deydi “Boʻston” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Adhamjon Sobirov. — Esimni taniganimdan buyon shu yerda Xizr boboning maqbarasi borligi toʻgʻrisida rivoyatlarni eshitib kelaman. Toʻgʻri, bu rivoyatlar faqat mahalliy aholi orasida tarqalgandi. Shohimardon pirim va boshqa chegaralarimizdan tashqaridagi ziyoratgohlarga borish ogʻirlashgach, maskanning mashhurligi oshib ketdi. Ilgari maqbara bir tup sada daraxti ostidagi supa tarzida boʻlardi. Oʻshanda ham mahalliy aholi, ayollar shu yerdan farzand, turmush oʻrtoqlarining ishlarini yurgizishni soʻrab kelishgan.

Mahallamizdagi 60 ta xonadonda oilaviy tadbirkorlik asosida bejirim milliy kulolchilik buyumlari, esdaliklar, haykalchalar yasaladi. Umuman aholining uchdan ikki qismining roʻzgʻori Xizr bobo ziyoratgohi tufayli but. Oʻtgan yili Respublika ishchi guruhi kelib hududimizdagi ahvolni oʻrgandi. Bu yerdagi tadbirkorlarga qulayroq sharoitlar yaratib berish borasida taklif va tavsiyalar berishdi. Natijada mahallamiz “Obod qishloq” dasturiga kiritilib, katta taʼmir ishlari olib borildi.

Jumladan, ziyoratchilar koʻpligidan yoʻllarimizda tirbandlik kuzatilayotgandi. Katta koʻchaning kengligi 47 metrgacha kengaytirildi. Ichki yoʻllar toʻliq taʼmirdan chiqarildi. Toza ichimlik suvi tortib kelindi. Barcha simyogʻochlar, elektr simlari, transformatorlar almashtirildi. Doʻkondorlar doʻkon va ustaxonalarni ikki qavatli qilib qayta qurish, binolarni milliy meʼmorchilik anʼanalariga moslashtirish uchun kredit oldilar. Hududimizga, rostdan ham, Xizr nazar qilganining isboti shu emasmi?

Ulamolar nima deydi?
Diniy ulamolar Xizr alayhissalomning bu yerda dafn etilgani toʻgʻrisida biror-bir manba yoʻqligini taʼkidlashadi. Mazkur maqbara atrofidagi “sehrgarlik” bilan bogʻliq voqealarni katta gunoh, diniy savodsizlik va firib yoʻli bilan daromad qilish deb hisoblashadi.

— Toʻgʻrisini aytganda, ushbu jamoani gunohdan qaytarishga urinishlar koʻp boʻldi, — deydi Rishton tumani imom-xatibi noibi Bozorjon qori Mamajonov. — Deyarli har juma namozida shu mavzu koʻtariladi. Ammo loʻttibozlarga ixlos qilayotganlar soni tobora ortib bormoqda. Bu yerga kelayotganlarning son-sanogʻi yoʻq. Odam koʻpligidan yoʻllarda qadam bosishga joy qolmaydi. Mahalliy aholi bu joyni “Baraka mozor” deb ataydi. Goʻyoki ziyoratchilarning kasb-koriga, roʻzgʻoriga baraka kirarmish. Keyingi paytlarda qoʻshni viloyatlar, respublikamizning boshqa hududlaridan ham odamlar kelib, goʻyoki “omad tumori” yasatishyapti, qoʻrgʻoshin quydirib fol ochirish­yapti.

Tuprogʻidan xastalik bor joylarga surtish shifobaxsh deb hisoblashyapti. Qandaydir duoni pichirlab oʻqib, piyolaga eritilgan qoʻrgʻoshin quyib qilinadigan “bashorat”larga odamlar ishonish­yapti. Maqbaraning diniy-madaniy yoki tarixiy ahamiyati toʻgʻrisida biror narsa aytolmayman. Diniy manbalarda bu haqda hech qanday maʼlumot yoʻq. Bizningcha, duotalablar ishlari rivojini Yaratganning oʻzidan soʻragani, savobli amallarni koʻproq bajargani Allohga xush kelardi.

Manba: mahalladosh.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Xizr alayhissalom Rishtonda dafn etilganmi?