00:30 / 30.03.2019
7 509

Oroldagi orol: dunyodagi eng qattol bioqurollar poligoni (video)

Oroldagi orol: dunyodagi eng qattol bioqurollar poligoni (video)
“Sovuq urush” paytida Orol dengizidagi Vozrojdeniye orolida oʻta xavfli biologik qurollarning sinovi oʻtkaziladigan harbiy poligon joylashgan. Orolda bioqurol sinovlari deyarli 30 yil oldin tugagan boʻlsa-da, ularning asorati qolgan boʻlishi mumkin.

1971 yilda Orol dengizida baliqlar sonini oʻrganayotgan sovet ekspeditsiyasi kemalarining biri kuchli dovul natijasida janub tomon ogʻib, bexosdan Vozrojdeniye oroli atroflariga kelib qoladi. Kemadagi yoshgina juvon chechak virusining birinchi qurboni boʻlgandi. U Vozrojdeniye orolidan kelayotgan zaharli havodan nafas olgan. Keyin uyiga – Aralskka qaytganida unda birdaniga chechak xastaligi belgilari koʻrina boshlaydi. Shundan soʻng oʻsha ayol chechak virusini 9 yoshli ukasiga yuqtiradi. Shu tariqa chechak epidemiyasi butun shahar boʻylab tarqaladi.

Koʻp oʻtmay chechak virusini yuqtirgan ikki goʻdak va bir oʻqituvchi ayol zaharli virusning kuchli taʼsirida halok boʻladi. Oʻshanda hammasi boʻlib 10 kishi chechak virusiga chalingandi. Ulardan uch nafari yetarli emlash choralari koʻrilmagani bois hayotdan koʻz yumdi. Ushbu fojialardan soʻng Aralsk shahri yopib qoʻyiladi.

Olmaotadan Moskvaga ketayotgan poyezdlarga Aralskda toʻxtamaslik buyuriladi. Butun mamlakat boʻylab ommaviy emlash kampaniyasi va karantin eʼlon qilinadi. Nihoyat oradan toʻqqiz yil oʻtib, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti chechak virusi batamom yoʻq qilinganini eʼlon qiladi. 1971 yilda Aralskda chechak virusi tarqalishi shunchaki baxtsiz hodisa emas. Bu Vozrojdeniye orolida biologik qurollar sinab koʻrilganidan dalolatdir.

Bir yil keyin orol atrofida chayqalib turgan qayiqda avvalroq bedarak yoʻqolgan ikki baliqchining jasadini topishadi. Ular oʻlatdan oʻlgan edi.

Bir qancha vaqt oʻtib, mahalliy baliqchilar toʻriga faqat oʻlgan baliqlar toʻdasi tushaverdi. Nima boʻlayotganini hech kim bilmagan. 1988 yil mayida esa saygʻoqlar podasi birdaniga qirilib ketdi. Bir soat ichida deyarli 50 ming hayvon nobud boʻlgan.

Sovet ittifoqida biologik qurollar boʻyicha yetakchi olimlardan boʻlgan, hozir Biologik qurollarga qarshi mudofaa tashkiloti prezidenti Qanotjon Alibekov Vozrojdeniye orolida biologik qurollar sinovi oʻtkazilganini tasdiqlagan.

Olis hududda joylashgani Vozrojdeniye orolini chet el razvedkasining nazaridan berkitdi, dengiz unga tabiiy himoya boʻldi. Shuning uchun ham harbiylar orolda kuydirgining (antraks) dunyodagi eng katta zaxirasini joylashtirishgan.

Lekin MRB (SRU) oʻtkazgan aerofotosyomka 1962 yildayoq bu yerlarda harbiy poligon qurilganini fosh etgan edi. Suratlarda kazarmalar, platsdarm, hayvonlar ogʻili va ilmiy-tadqiqotlar binosi aks etgan.

Vozrojdeniye oroli mikrobiologik qurol sinovdan oʻtkaziladigan xavfli harbiy bazaga aylantirilgan edi. Uni shartli ravishda “Barxan” yoki “Aralsk-7” deb nomlashgan va oʻta maxfiyligidan hatto sovet xaritalarida koʻrsatilmagan.

Bu yerda yarim asr davomida it, maymun, qoʻy, ot kabi hayvonlarda boshqa bakteriologik qurollar ham sinovdan oʻtkazilgan. Preparatlar namunalari SSSRdagi boshqa biokimyoviy laboratoriyalardan yetkazib berib turilgan.

Sobiq ittifoq hududida Orol dengizidagisi bilan qoʻshib hisoblaganda jami 7 ta biokimyoviy laboratoriya boʻlgani aytiladi. Obyekt qattiq qoʻriqlangan. Orolga begonalarning kirishi qatʼiyan man etilgan. Maxfiylik darajasi shu qadar boʻlganki, poligonda qaysidir xizmatlarni koʻrsatishda qatnashgan xodimlarning aksariyati hattoki qayerda ishlashayotganini bilishmagan.

Orolda biomuhandislik institutlarining butun boshli majmuasi – korpuslar, laboratoriyalar va uskunalar omborxonalari boʻlgan.
Harbiy olimlar uchun moʻljallangan shaharchada juda qulay shart-sharoitlar yaratilgan edi.
Sovet tajribalari deb Vozrojdeniye oroli dunyoning eng iflos va xavfli yerlaridan biriga aylandi.

Ammo 1990-yillarda hammasi oʻzgargan. 1992 yilda Rossiya prezidenti Boris Yelsin poligonni yopish haqida farmon chiqargan. Harbiy kontingent Rossiyaning Kirov shahriga yuborilgan, biolaboratoriya esa yoʻq qilingan.

Vozrojdeniye orolida olimlar aynan qanday tajribalar bilan shugʻullanishganini hozirga kelib hech kim aytib berolmaydi.
Qandaydir qiymatga ega boʻlgan uskunalarning barini marodyorlar tashib ketishgan. U yerda faqatgina tashlandiq binolar qolgan.

Orolning qurishi natijasida Vozrojdeniyening hududi 10 barabar oshdi, baʼzi joylarda orol materik bilan tutashdi.
Vozrojdeniye oroli bugun ham xavflimi? Unday boʻlmasa kerak deb hisoblaydi baʼzi olimlar.
“Hattoki laboratoriyadagi ideal sharoitlarda saqlanadigan viruslar bora-bora oʻz yuqumliligini yoʻqotadi”, – deydi virusolog olim Devil Evans.

Sovetlar bioqurol sifatida ishlatmoqchi boʻlgan oʻlat bakteriyalari hozir ham Markaziy Osiyoda keng tarqalgan boʻlib, undan kasallanish darajasi SSSR qulaganidan keyin hatto koʻpaygan.

“Vozrojdeniye” soʻzi ruschadan tirilish deb tarjima qilinadi. Umid qilamizki, orolning nomi ramziyga aylanmaydi va orolda koʻmilgan xavfli mikroorganizmlar yaqin kunlarda “tirilmaydi”.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Oroldagi orol: dunyodagi eng qattol bioqurollar poligoni (video)