08:35 / 30.03.2019
10 705

Maktablarda mobil telefonni ishlatganlarga qanday jazo beriladi?

Maktablarda mobil telefonni ishlatganlarga qanday jazo beriladi?
Ijtimoiy tarmoqlarda Fargʻona shahridagi maktablardan birida muallim uyga vazifalarni bajarmagan oʻquvchiga qoʻpol muomalada boʻlgan video tarqalib ketdi.

Maktabda yoki universitetda bunday nojoʻya harakatlarni videoga olish qoʻliga erk berishni yaxshi koʻradiganlarni ozgina boʻlsa ham tiyib turadi. Aslida oʻquvchilar maktabda telefon ishlatishi mumkinmi?

Taʼlim muassasasida telefondan foydalanish oʻquv jarayoniga xalaqit beradi, taʼlim sifatini tushiradi, oʻqituvchi va oʻquvchini darsdan chalgʻitadi. Sinfdagi telefon global muammoga aylanib boʻlgan. Masalan, Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning saylovoldi kampaniyasining vaʼdalaridan biri maktabda telefonlardan foydalanishni taqiqlash boʻlgan. Natijada 2018 yilda Fransiya maktablarida telefondan foydalanish ham oʻqituvchilarga, ham oʻquvchilarga taqiqlangan. Rossiya ham yaqin kunlarda shunday choralarni koʻrmoqchi.

Oʻzbekiston 2012 yildayoq maktabda telefondan foydalanishni taqiqlagan. Lekin bizda qonunlar unchalik ishlamagani uchun minglab muallimlar hamon ota-onalarga dars vaqtida bolangizga qoʻngʻiroq qilmang deb yalinib yurishadi. Oʻquvchilar va talabalar hamon dars payti yoki oʻquv binosida bemalol telefondan foydalanishmoqda.

Avvalo, telefon bolaning oʻziga zarar
Amerikalik olimlar maktab oʻquvchilarining telefonga qanchalik mukkasidan ketishganini ilmiy jihatdan oʻrganishgan. Tadqiqotdan maʼlum boʻlishicha, oʻquvchilar har 10 daqiqada qoʻliga telefonini oladi.

Mobil telefondan nurlanish oʻsayotgan organizm uchun xavfli hisoblanadi. Nurlanish odam organizmiga turlicha taʼsir koʻrsatishi mumkin. Telefonlarning elektromagnitli nurlanishlari xotirani susaytiradi, arterial qon bosimining oshishi va uyqusizlikka sabab boʻladi.

Nurlanish butun organizmga taʼsir qiladi, lekin markaziy asab tizimi, immunitet va bosh miya eng koʻp aziyat chekadi. Tadqiqotchilarning xulosasiga koʻra, mobil apparatdan chiqadigan elektromagnitli nurlanish odam organizmidagi toʻqimalarda irsiy oʻzgarishlarga olib kelishi mumkin. Shunday oʻzgarishlardan biri saraton kasalligidir. Telefondan uzoq muddat davomida foydalanish bosh miya saratoniga sabab boʻlishi ehtimoldan xoli emas.

Shved professori Leyf Selfordning fikriga koʻra, hozirgi avlod oʻsmirlari mobil telefondan foydalanishi sababli erta qariy boshlaydi.

Bolalarning quloqchinda soatlab musiqa tinglashi eshitish qobiliyatining susayishiga olib keladi. Olimlarning hisoblashicha, kuniga 3 soat quloqchinda musiqa tinglash 5 yildan keyin eshitish qobiliyatini 30 foizga tushirib yuboradi.

Maktabda telefondan foydalanish qoidalari
Oʻquv binosida telefondan foydalanish taqiqlanadi. Bu Vazirlar Mahkamasining 2012 yildagi “Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalarida mobil telefonlardan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan belgilangan.

Taʼlim muassasasiga kirib kelishda har bir taʼlim oluvchi, xodim (oʻqituvchilar ham!), keluvchi va boshqa shaxslar oʻz telefonini toʻliq oʻchirib qoʻyishi (yoki ovozsiz rejimga oʻtkazishi) shart.

Oʻquv mashgʻulotlari va tadbirlar (saflanish, tarbiyaviy soatlar, bayram, sport tadbirlari va shu kabilar) boshlanishidan oldin telefonni oʻchirib qoʻyish yoki telefonni portfel, sumka va shu kabilarga solib qoʻyish shart.

Taʼlim oluvchilarga quyidagilar qatʼiyan taqiqlanadi:
- telefonini boʻyniga osib olish, koʻkrak choʻntaklarida, shim, yubkalar choʻntaklarida va shu kabilarda saqlash;
- telefonni sinfxonada zaryadlash;
- telefoni yordamida atrofdagilarga zoʻravonlik, shafqatsizlik, pornografiyani targʻib qiluvchi video va suratlarni namoyish qilish;
- taʼlim muassasasining nufuziga, shu jumladan, zoʻravonlik va vandalizm holatlarini suratga olish va keyinchalik ularni atrofdagilarga - - namoyish etish yoʻli bilan zarar yetkazish;
- oʻquv mashgʻulotlari vaqtida telefonda gaplashish va SMS (MMS) yo boshqa xabarlarni joʻnatish;
- telefonni stol ustiga qoʻyish;
- musiqa, shu jumladan, quloqchinlar orqali tinglash;
- telefonda oʻyin oʻynash, rasm va video koʻrish;
- diktofon, kalkulyator, kalendar, bloknot, yondaftarcha kabilar sifatida foydalanish;
- suratga va videotasvirga tushirish;
- telefon (GPRS, Bluetooth, internet va shu kabilar) orqali boshqa xizmatlardan foydalanish.

Taʼlim muassasasining oʻqituvchilari va boshqa xodimlari ham oʻquv mashgʻulotlari vaqtida telefondan foydalanish huquqiga ega emas. Darsdan tashqari vaqtda taʼlim oluvchilarning telefondan foydalanishini imkoni boricha cheklashlari shart.

Telefonni ishlatganlar uchun jazolar
- ogohlantirish;
- ularning kundalik daftariga yozib qoʻyish;
- ota-onalarini (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarni) xabardor qilish yoki tushuntirish uchun taʼlim muassasasiga chaqirish.

Nizom talablarini buzgan talabalarga nisbatan oliy taʼlim muassasasining ichki tartib-qoidalariga muvofiq choralar koʻriladi.

Nizom talablari buzilgan taqdirda taʼlim muassasasining har qanday pedagog xodimi taʼlim oluvchidan telefonni olib qoʻyish, nizomni buzganligi toʻgʻrisida bildirishnoma rasmiylashtirish va uni telefon bilan birga taʼlim muassasasining (fakultetning) direktoriga (dekaniga) yoki direktor (dekan) oʻrinbosariga, keyinchalik uni ota-onalarga (kuratorga) berish, nizom talablari buzilgani haqida ogohlantirish huquqiga ega.

Nizom talablarining buzilishi taʼlim muassasasida (fakultetda) tuziladigan direktor (dekan) rahbarligidagi komissiya tomonidan, sinf rahbari (kurator), taʼlim oluvchining ota-onalari (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar) ishtirokida, shuningdek ota-onalar (talabalar) majlisida muhokama qilinadi.

Telefon ishlatishga qachon ruxsat beriladi?
Oʻquvchilarga mashgʻulotlar va tadbirlar oraligʻida faqat asosli va kechiktirib boʻlmaydigan zarur holatlarda ota-onasi, yaqin qarindoshlari, maktab rahbarlari yoki xodimlari bilan bogʻlanish maqsadida telefondan foydalanishga ruxsat etiladi.

Mashgʻulotlar va turli tadbirlar oraligʻida telefon orqali soʻzlashish uchun xonadan yoʻlakka yoki foyega chiqish, past ovozda va qisqa muloqot qilish zarur.

Favqulodda vaziyatlar vujudga kelgan taqdirda taʼlim muassasalarida telefondan foydalanish cheklanmaydi.

Manba: Minbar.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Maktablarda mobil telefonni ishlatganlarga qanday jazo beriladi?