07:35 / 30.03.2019
7 846

“Qoʻyliq” va “Chorsu”dagi mardikor ayollar haqida

“Qoʻyliq” va “Chorsu”dagi mardikor ayollar haqida
Tirikchilikning yangi-yangi usullari, yoʻllarini izlash odamzotga xos xususiyat. Shu maʼnoda oʻz mamlakatidan chetga chiqib ishlash jarayoni dunyo ahli uchun yangilik emas. Ammo bugun xorijda emas, turli viloyatlardan kelib poytaxtimizda ishlayotgan hamyurtlarimiz, xususan, ayollar haqida fikr yuritmoqchimiz.

Har bir ayol davlat himoyasidami?
2018 yil 15 iyul kuni Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi tomonidan “Bizning jamiyatda har bir ayol davlat himoyasidadir!” shiori ostida viloyatlardan ish qidirib Toshkent shahriga kelgan “Qoʻyliq” va “Chorsu” bozorlari atrofidagi norasmiy yollanma ishchilar toʻplanadigan joylardagi xotin-qizlar bilan uchrashuv tashkillashtirilgan edi. Sayyor qabulda 130 nafar ayol va 20 nafar murojaatchi ishtirok etgan. Ayollarning yordamga muhtoj qatlami bilan Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Tanzila Norboyeva shaxsan uchrashib, muammolarini oʻrgangan.

Xoʻsh, nima uchun mamlakatimizning turli viloyatlarida norasmiy tarzda shakllangan kunlik ishlovchilar toʻplanadigan hududlar hamon ayollar bilan gavjum. Afsuski, u yerda mungʻayib, ish qidirib yurgan xotin-qizlarning soni kamayayotgani yoʻq...

“Ish bor, maoshi oz-da!”
2019 yilning 15 mart kuni poytaxtimizning “Qoʻyliq” (100 ga yaqin ayollar) hamda “Chorsu” (50 nafarga yaqin) bozorlaridagi kunlik ishlovchi ayollar bilan suhbatlashib, ularning muammosi nimada ekani bilan qiziqdik.

Birinchi manzil “Qoʻyliq” (Vaqtinchalik ish bilan taʼminlash markazi atrofi). Bu yer har doimgidek norasmiy yollanma ishchilar bilan gavjum. Ulardan biri eʼtiborimizni tortdi. Shirmonoy Abdunabiyeva Toshkent viloyati Bekobod tumanidan kelgan, yoshi 45 da. Uning ikki nafar farzandi bor. Turmush oʻrtogʻi uy-joyini sotib yuborgach, qonuniy ajrashgan. Farzandlari bilan koʻchada qolgan ayolga tugʻishgan ukasi oʻzining oʻgʻillari uchun olib qoʻygan uyini vaqtinchalikka berdi. Yashayotgan xonadoni omonat. Shu bois u mana shunday sharoitda ishlashga majbur. Sh.Abdunabiyeva kunlik qora mehnat orqasidan 40-50 ming soʻm pul topib, farzandlariga yuboradi. Oʻzi esa poytaxtda koʻp qavatli uylarda ijarada yashaydi. Uning aytishicha, Bekobod tuman hokimligiga uy-joy hamda ish bilan taʼminlash masalasida bir necha marotaba murojaat qilgan. Bandlikka koʻmaklashish markazidagilar 300 ming soʻmlik oylik maoshli ishni taklif qilishgan. Sh.Abdunabiyeva esa bu maosh kamligi bois, oilasini iqtisodiy taʼminlashga yetadigan oylik beruvchi tashkilotda ishlash niyatida.

Toʻrt yashar qizcha nega sarson?
Navoiy viloyatidan kelgan Nigora Jumaboyeva 24 yoshda. U ham bir nafar qizi bilan ajrashgan. Bolalar bogʻchasi qanday boʻlishini tushida ham koʻrmagan qizaloq baʼzida (enagasiz qolsa) onasining etagiga yopishib, sarson boʻlib yurishga majbur. N.Jumaboyevaning kasbi hamshira. U shu yoshgacha birorta tashkilotga yordam soʻrab murojaat qilmagan. Hattoki, xotin-qizlar dardini eshituvchi, muammosini hal qiluvchi tashkilotlar borligidan ham bexabar.

“Oʻgʻlimni davolatishga pulimiz yoʻq!”
Ikkinchi manzil poytaxtimizning “Chorsu” bozori atrofidagi norasmiy kunlik ishlovchilar toʻplanadigan hudud atrofi.

— Xoʻjayinim mardikorlik ortidan uch-toʻrt soʻm mablagʻ topib, uyga yuborib turgandi, — deydi Surxondaryo viloyati Qumqoʻrgʻon tumani “Yangiobod” mahallasida yashovchi Gulnora Xudoyqulova. — Qishloqda bolalarim tarbiyasi bilan bandman. Biroq kenja oʻgʻlimni davolatish uchun mablagʻimiz yetmayotgani bois shu yerga kelib ishlayapman. 1 martdan shu kungacha xoʻjayinim ikkimiz 900 ming soʻm mablagʻ yigʻib uyga yubordik. Onaman axir, farzandlarimni birovdan kam boʻlib oʻsishini istamayman. Agar qishlogʻimizda ham xotin-qizlar uchun munosib ish oʻrni yaratilsa begona joylarda ish izlab sarson boʻlmasdik.

Xonadonlarda, kafe va oshxonalarda, hattoki, dalalarda ham yollanma ishchi sifatida mehnat qilayotgan bunday ayollar taqdirning turfa chalkashliklaridan bezor boʻlganini, boshqalar kabi baxtli yashashni istashlarini aytishdi.

Xotin-qizlar qoʻmitasi nima deydi?
“Qoʻyliq” bozoridagi xotin-qizlar bilan suhbatlashish jarayonida ularning aksariyati Andijon, Fargʻona, Namangan viloyatlaridan kelganiga guvoh boʻldik. Xotin-qizlar qoʻmitasi tomonidan oʻtkazilgan reydlar davomida ham boshqa tumanlarga qaraganda Fargʻona viloyatining Beshariq tumanidan kelgan xotin-qizlar koʻpligi aniqlangan.

— Toshkent shahridagi yollanma ishchi bozorlarida oʻtkazilgan reydlarning 2018 yil iyul oyi natijasida Beshariq tumanida yashovchi va poytaxtga ishlash uchun chiqib ketgan xotin-qizlar borligi aniqlanib, ularning bir nechtasi yashash manzillariga qaytarilib, ish bilan taʼminlandi, — deydi Beshariq tumani hokimi oʻrinbosari, xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Gulchehra Yoʻldosheva. — Jumladan, “Baxmal” mahallasida istiqomat qiluvchi bir nafar farzandning onasi Feruza Roʻziqulova mahalla tomonidan haq toʻlanadigan jamoatchilik ishiga joylashtirildi. “Shaytonkoʻl” mahallasida yashovchi Jamila Omonovaning oilaviy sharoitini oʻrganish natijasida uy-joy bilan bogʻliq muammolari hal etildi. “Navbahor” yigʻinidagi Fayzobod koʻchasi, 31-uyda doimiy roʻyxatda turuvchi Gulshoda Davronova esa oʻz mutaxassisligi boʻyicha 35-MTMga tarbiyachi vazifasiga ishga joylashtirildi.

Har qancha chiroyli gaplarni gapirmaylik, balandparvoz soʻzlarni soʻzlamaylik, tirikchilik, yetishmovchilik eʼtiqodni susaytirishi mumkin. Kunlik ishlovchi xotin-qizlarga hamma ish beruvchilar ham yaxshi munosabatda boʻladi, deb boʻlmaydi. Ularning soddaligi, haq-huquqini bilmasligidan foydalanib qoluvchilar ham topiladi. Albatta, Oʻzbekistonda ish oʻrinlari koʻp, biroq ishsiz yurgan fuqarolarni oʻsha ish bor joylardagi oylik maoshi yoki sharoiti qoniqtirmayotgani aniq. Nima boʻlganda ham mutasaddi tashkilotlar xotin-qizlarning muammosini hal etish chorasini koʻrishlari zarur.

Manba: mahalladosh.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Qoʻyliq” va “Chorsu”dagi mardikor ayollar haqida