11:19 / 30.03.2019
2 870

Jabrlanuvchilar va guvohlarni ijtimoiy himoya qilish tartibi belgilanadi

Jabrlanuvchilar va guvohlarni ijtimoiy himoya qilish tartibi belgilanadi
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini ijtimoiy himoya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini ijtimoiy himoya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlanishi mumkin.

Belgilanishicha:

- Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ijtimoiy himoyani amalga oshiruvchi masʼul boʻlgan vakolatli organ hisoblanadi;
- himoya qilinuvchi shaxslarni himoya qilish choralarini moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan amalga oshiriladi.

Jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini ijtimoiy himoyasini taʼminlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga koʻra, bir martalik toʻlanadigan nafaqalar belgilangan tartibda oʻziga nisbatan himoya qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan jabrlanuvchilar, guvohlar va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilariga, himoya qilinuvchi shaxs jinoyat protsessida ishtirok etishi munosabati bilan halok boʻlgan (vafot etgan) taqdirda – halok boʻlgan (vafot etgan) shaxsning oila aʼzolariga va uning qaramogʻida boʻlgan shaxslarga toʻlanadi.

Himoya qilinuvchi shaxs jinoyat protsessida ishtirok etishi munosabati bilan halok boʻlgan (vafot etgan) taqdirda, halok boʻlgan (vafot etgan) shaxsning oila aʼzolariga va uning qaramogʻida boʻlgan shaxslarga himoya qilishni taʼminlash toʻgʻrisida qaror qabul qiluvchi organning qaroriga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan bir yoʻla beriladigan nafaqa toʻlanadi hamda boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi tayinlanadi.

Himoya qilinuvchi shaxs jinoyat protsessida ishtirok etishi munosabati bilan unga nogironlikni keltirib chiqaruvchi tan jarohati yetkazilgan yoki uning sogʻligʻiga boshqacha ziyon yetkazilgan taqdirda, himoya qilishni taʼminlash toʻgʻrisida qaror qabul qiluvchi organning qaroriga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan bir yoʻla beriladigan nafaqa toʻlanadi va nogironlik pensiyasi tayinlanadi.

Himoya qilinuvchi shaxs jinoyat protsessida ishtirok etishi munosabati bilan unga nogironlikni keltirib chiqarmaydigan tan jarohati yetkazilgan yoki uning sogʻligʻiga boshqacha ziyon yetkazilgan taqdirda, himoya qilishni taʼminlash toʻgʻrisida qaror qabul qiluvchi organning qaroriga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan bir yoʻla beriladigan nafaqa toʻlanadi.

Himoya qilinuvchi shaxs jinoyat protsessida ishtirok etganligi munosabati bilan halok boʻlgan (vafot etgan) taqdirda, agar uning oila aʼzolari va uning qaramogʻida boʻlgan shaxslar turli bir yoʻla beriladigan nafaqalar olish huquqiga ega boʻlsa, bir yoʻla beriladigan nafaqalardan bittasi ularga oʻz tanloviga koʻra tayinlanadi.

Tan jarohati yetkazilgan yoki sogʻligʻiga boshqacha ziyon yetkazilgan taqdirda, bir vaqtning oʻzida turli bir yoʻla beriladigan nafaqalarni olish huquqiga ega boʻlgan himoya qilinuvchi shaxslarga oʻz tanloviga koʻra bir yoʻla beriladigan nafaqalardan bittasi tayinlanadi.

Agar Oʻzbekiston Respublikasining jinoyat-protsessual qonunchiligida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, himoya qilinuvchi shaxsga (halok boʻlgan (vafot etgan) himoya qilinuvchi shaxsning oila aʼzolari va uning qaramogʻida boʻlgan shaxslarga) bir martalik toʻlanadigan nafaqani toʻlash uchun jinoyat toʻgʻrisidagi ariza (xabar) yoxud jinoyat ishi oʻz yurituvida boʻlgan, himoya qilinuvchi shaxsga nisbatan himoya qilishni taʼminlash toʻgʻrisidagi qarorni qabul qiluvchi organning ijtimoiy himoya qilish choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi qarori (ajrimi) asos boʻladi.

Ijtimoiy himoya qilish choralarini qoʻllash toʻgʻrisida qaror (ajrim) chiqarilganda, himoya qilinuvchi shaxsni himoyasini taʼminlash toʻgʻrisida qaror qabul qiluvchi organ himoya qilinuvchi shaxsning (halok boʻlgan (vafot etgan) himoya qilinuvchi shaxsning oila aʼzolari va uning qaramogʻida boʻlgan shaxslarning) Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq toʻlanadigan turli bir martalik toʻlanadigan nafaqa olish huquqiga ega boʻlganda, bir martalik toʻlanadigan nafaqani tanlash xohishini hisobga oladi.

Ijtimoiy himoya qilish choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi qarorda (ajrimda) belgilangan miqdorda bir martalik toʻlanadigan nafaqa toʻlashning asoslari, nafaqa oluvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjatning maʼlumotlari koʻrsatiladi.

Ijtimoiy himoya qilish choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi qaror (ajrim) oʻziga nisbatan mazkur qaror (ajrim) chiqarilgan shaxslarga yuboriladi.

Himoya qilinuvchi shaxs jinoyat protsessida ishtirok etishi munosabati bilan halok boʻlgan (vafot etgan) taqdirda, halok boʻlgan (vafot etgan) shaxsning oila aʼzolariga (xotiniga (eriga), 8 yoshga toʻlmagan yoki 8 yoshdan katta boʻlsa xam 18 yoshga toʻlmasdan nogiron boʻlib qolgan bolalariga, hamda 23 yoshga toʻlgunga qadar taʼlim muassasalarida kunduzgi taʼlim shaklida oʻqiyotgan bolalariga, ota va onalariga) va uning qaramogʻida boʻlgan shaxslarga eng kam oylik ish haqining ellik baravari miqdorida bir martalik toʻlanadigan nafaqa teng ulushlarda har biriga toʻlanadi.

Himoya qilinuvchi shaxs jinoyat protsessida ishtirok etishi munosabati bilan unga nogironlikni keltirib chiqaruvchi tan jarohati yoki sogʻligʻiga zarar (shikastlanish, mayiblanish, kontuziya) yetkazilgan taqdirda, aynan I, II va III guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga va nogironligi boʻlgan bolalarga eng kam oylik ish haqining qirq baravari miqdorida bir martalik toʻlanadigan nafaqa toʻlanadi.

Himoya qilinuvchi shaxsga nogironlikni keltirib chiqarmagan tan jarohatining yoki uning sogʻligʻiga boshqacha ziyonning ogʻirlik darajasidan kelib chiqib bir martalik toʻlanadigan nafaqa quyidagi miqdorlarda toʻlanadi:

- ogʻir darajada - eng kam oylik ish haqining oʻttiz besh baravari miqdorida;
- oʻrta darajada - eng kam oylik ish haqining oʻttiz baravari miqdorida;
- yengil darajada - eng kam oylik ish haqining yigirma besh baravari miqdorida.

Ijtimoiy himoya qilish choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi qaror (ajrim) vakolatli organ tomonidan olingan kundan boshlab 10 kun ichida ijro etiladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Jabrlanuvchilar va guvohlarni ijtimoiy himoya qilish tartibi belgilanadi