15:00 / 30.03.2019
3 680

Gollivud va baxshilar: gʻoyalar oʻgʻirlanganmi?

Gollivud va baxshilar: gʻoyalar oʻgʻirlanganmi?
Yaqinda rejissyorlardan biri Alpomish va Supermenning Boysun adirlaridagi jangi haqida multfilm yaratish istagi borligini aytganda, oʻylanib qoldim va oxiri shuyam gʻoya boʻldi-yu, degan fikrga keldim!

Chunki qarama-qarshi gʻoyalar, qarama-qarshi obrazlar, oʻzga zamonlar, oʻzga qadriyatlar... Bir qarashda, ming yil bir qozonda qaynasayam qoni qoʻshilmaydigan ikki qahramon! Nima, birovning soyasida jannatga kirishni orzu qilganday, Supermenning shuhratiga Alpomishni sherik qilamizmi yoki Alpomish orqali Supermenni targʻib etamizmi?

Alpomish milliy qadriyatlar, anʼanalar, xalqning oʻtmishi, ming yillar davomida elning orzu-umidlaridan yaralgan qahramon.

Uni allaqanday kino qahramoni bilan taqqoslash, yonma yon qoʻyish qanchalik oʻrinli boʻlarkin? Lekin Alpomishni kino qilib, uning Supermen oldida qanchalar ojizliginiyam koʻrsatib qoʻydik-ku! Aslida Alpomish emas, yolchitib kino ishlolmaydigan bizlar ojizmiz.

Shunday xayolga borgan edim.
Endi, oʻylab koʻrsam, bu ikki obraz oʻrtasida oʻxshashliklar koʻp ekan...

Bugun Oʻzbekistonda folklorning baxshichilik yoʻnalishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Oʻtgan yilda ushbu yoʻnalishda prezident va Vazirlar Mahkamasining qarorlari eʼlon qilindi. Ilgari hech kuzatilmagan holat! Millat ildizlariga nazar tashlamoqda, oʻzligini anglab olish, millatni birlashtirish va kelajakka ruhlantirishda sanʼatning ushbu turidan ham foydalanmoqchi, tarixini ulugʻlamoqchi. Axir eng haqqoniy tarix – faqat badiiy asardagina ifodalanadi. Buning ustida bu badiiy asar minglab yillar davomida ogʻizdan ogʻizga oʻtib, takomillashib, har bir avloddan nimadir olib, qoʻshilib, daryoday toʻlqinlanib kelayotgan boʻlsa.

Baxshichilik nima oʻzi? Qaydan kelib chiqqan, ildizlari qayda?

Bu soʻz moʻgʻullar va buryatlarda ustoz, maʼrifatchi maʼnosini bergan ekan. Albatta-da, baxshilar kech kuzdan erta bahorgacha toʻylarda, yigʻinlarda kuylab, dostonlar aytib, xalqning maʼrifatli boʻlishiga xizmat qilgan.

Biroq bu maʼrifat elchilari bora-bora jamiyatga unchalar ham kerak boʻlmay qoldi.

Oʻzbekistonda baxshichilikning taraqqiy etishiga nazar solib ham taraqqiyotning yoʻnalishini belgilab olish mumkin. Yoʻq, baxshichilik, Oʻzbekistonga taraqqiyot olib kelmagan. Aksincha, undan chekinib borgan.

Deylik, Bulungʻur baxshichilik maktabining eng yorqin namoyandasi Fozil Yoʻldosh oʻgʻli 1955 yilda, Nurota (Qoʻrgʻon) maktabining soʻnggi yirik baxshisi Poʻlkan shoir 1941 yilda, Shahrisabz dostonchilik maktabining oxirgi mashhur vakili Abdulla Nurali oʻgʻli 1957 yilda, Narpay maktabining vakili Islom Nazar oʻgʻli 1953 yilda vafot etgan. Sherobod dostonchiligining eng gullagan davri ham oʻtgan asrning birinchi yarmigacha davom etgan.

Albatta, bugungi kunda ham Oʻzbekistonda baxshilar koʻp, ijod qilishmoqda, xalqning minglab yillik merosini koʻz qorachigʻiday asrab, keyingi avlodga yetkazish tadorigida yurishibdi, lekin bir muddat ularga eʼtibor susayganday edi. Qolaversa, xalq oʻrtasida ham qiziqish avvalgiday emas. Televideniye orqali beqasam chopon kiyib, doʻmbirasini chertib, ichki ovozda nimanidir kuylayotgan kishini koʻrgan yosh tomoshabin albatta kanalni oʻzgartiradi.

Xoʻsh, baxshichilik maktablarining inqirozi sabablari nimada?

Har qanday zamonda ham inson uchun maʼnaviy ozuqa yeb-ichishdan past oʻrinda turmagan. Baxshichilik aynan shu – inson maʼnaviy ochligini qondirishga qaratilgan. Baxshilar azaldan dostonlar kuylab, odamlarning hayotiga maʼno-mazmun kiritgan. U oʻzida ham qoʻshiqchilik, ham kino, ham teatr, ham taʼlim unsurlarini mujassam qilgan va shu sababli taraqqiy qilgan edi. Keyinchalik, kitobot, teatr, qoʻshiqchilik va nihoyat kino rivoj topib, bu sanʼat sekin-asta ikkinchi oʻringa tushib qoldi.

Baxshichilik bugun oʻzining dastlabki vazifasini deyarli bajarmay qoʻydi. Endi u tomosha, koʻngilochar vositasi emas, aytarli maʼrifat ham ulashmaydi. U millatning tarixi, oʻziga xosligi, tili, urf-odatlari, minglab yillar davomidagi orzu-oʻylari, hayot tarzi, qiziqishlarini ifoda etib, asrab kelayotgan vositaga aylandi.

Baxshichilik tanazzulining yana bir sababi – bu uning anchayin qiyin sanʼatligi.

Baxshi nafaqat shoir, balki musiqachi, ashulachi, diktor va mahoratli aktyor, asosiysi, kuchli xotira sohibi boʻlishi lozim. Aytishlaricha, Ergash Jumanbulbul oʻgʻli qozoqlarning “Qiz-Jibek” dostonini ikki marta oʻqib, oradan bir oy oʻtgach yoddan aynan aytib va yozib bergan.

Bugun, odamlar oʻz miyasidan koʻra, kompyuter xotirasiga tayanib qolgan davrda minglab baytli asarlarni yod olib, aytish hammagayam anchayin ogʻirlik qiladi. Hammayam bu ishga jonjon deb kirishavermaydi. Buning ustiga u orqali ilgarigiday, roʻzgʻor tebratib boʻlmasa. Darvoqe, mavridi boʻlmasa ham aytish lozim, baxshilikning oʻz axloqiy kodekslari boʻlgan. Ular qatʼiy amal qilgan tartib-qoidalarning biri – ular, bugungi qoʻshiqchilardan farqli oʻlaroq hech qachon narx-navoni belgilashmagan. “Haq” masalasi hal etilishi lozim boʻlganda, oʻrtaga belbogʻini tashlab, tashqariga chiqib ketgan ekan. Yigʻilganlar ataganlarini shu belboqqa tashlab, u qaytguncha tugib qoʻyishgan. Albatta-da, “menga falon pul berasan” deb tursa, Yunus pari, Misqol parining goʻzalligi, Alpomishning qahramonliklari, Goʻroʻgʻlining matonati, Oybarchinning hasratlari tarannum etilgan misralarning taʼsiri boʻlarmidi?

Qolaversa, insoniyatning hayotiy tajribasi ham ortib bormoqda. Tobora bir-birimizning koʻnglimizga yetib borishning maqbulroq, osonroq usullari, yoʻllarini topmoqdamiz. Vaqt masalasi ham tigʻizlashgan. Endi hech kimning bitta dostonni ikki-uch kunlab tinglab oʻtirishga xohishi ham, vaqti ham yoʻq. Endi hayotni butun rang-roʻyi, his-hayajoni bilan koʻrsatib beruvchi kinolar bor. Kitoblar bas deguncha. Butun xalq savodxon. Endi bir joyda toʻplanib, baxshini eshitib, oʻz his-hayajonlaringni, tuygʻularingni boshqalarga namoyon etish shart emas. Yolgʻiz oʻtirib, kitob oʻqib, kino tomosha qilib, ashula eshitib shu maʼnaviy ozuqani olish mumkin.

Endi xalq dostonlari bizga xalqning minglab yillik oʻtmish hasratlari, dardlarini anglash, millatning tarixini bilish uchun kerak, xolos.

Chunki, xalq dostonlari insonlarning orzu-oʻylari, maqsadlari, xayollarini oʻzida mujassam qilgan. Ilgari, har qanday holatni qogʻozga tushirib, saqlab qolish imkoni boʻlmagan davrda xalq tarixini unutmasliknig asosiy vositasi insonlar ongi edi.

Eʼtiroz boʻlishi mumkin – qanaqa tarix? Bu ertak-ku! Hammayoq vahima, grotesk!

Deylik:
Oltmish qarich olachadan qalpogʻi,
Toʻqson qoʻyning terisidan telpagi,
Toʻrt yuz toʻqson quloch qoʻlda hassasi,
Sarhovuzdan katta edi kosasi,
Shuni bilan oʻn sakkizta nashasi,
Toʻqson qari boʻzdan boʻlgan kissasi.
Xullas, hammayoq ertak!

Aslida esa biron holatni, hodisani asrab qolish uchun mana shunaqa vahimalar zarur. Bugun har qanday axborot yarim kunda eskirib qolayotgan boʻlsa, ilgari ham nari borsa, bir-ikki yilda unutilgan. Voqeani yoddan chiqarmaslik uchun esa har bir avlod uning yoniga oʻzidan ozroq “qoʻshib” bormogʻi lozim. Xuddi Samarqand shahridagi Doniyor paygʻambarning qabriga oʻxshab-da. Aytishlaricha ushbu qabrga ham har yuz yilda bir metr qoʻshib qoʻyilar ekan. Maqsad – tobora uzoqlashib borayotgan vaqtdan turib qaragan odam ham uni koʻra olsin! Uzoqdagi narsani koʻrish uchun u ulkan boʻlishi lozim-da.

Dostonlar bizga maʼlumotlarni mana shunday, mahobatli koʻrinishda yetkazadi. Ular orasidan haqiqatni ilgʻab olish uchun esa katta aql sohibi boʻlish shart emas.

Darvoqe, Xorazm baxshichilik maktabi nima boʻlishidan qatʼiy nazar bugun ham bayroqni imkon qadar ushlab turibdi. Sababi ifoda uslubida boʻlsa kerak. Ularda Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo, qolaversa qoʻshni davlatlar baxshilarinikidek soʻz, holat va voqea birinchi oʻringa qoʻyilmaydi. Balki ularda musiqa yetakchilik qiladi. Tashqi ovozda kuylanadi. Xorazm dostonchligida ishq-muhabbat mavzusi yetakchilik qiladi. Badiiy adabiyotning umrboqiy mavzusini esa bilamiz: oʻlim va muhabbat!

Bugun, AQSHning kino sanoati tandirdan uzilayotgan issiq nonlardayin kinomahsulotlarni bozorga peshma-pesh yetkazayotgan bir davrda xalq dostonchiligining yashab ketishi shubha ostida. Buni faqat davlat tomonidan eʼtibor orqali saqlab qolish mumkin.

Lekin nima boʻlishidan qatʼiy nazar xalq dostonlari, baxshilarning kuy-qoʻshiqlari ohangi millatning qon-qoniga singib ketgan. U bir kun emas bir kun baribir boʻy koʻrsatadi.

Deylik, Komiljon Otaniyozov va Hosila Raximovaning xalq dostonlari, baxshilarning termalaridan aytilgan qoʻshiqlari bekorga ommalashmagan. Gʻarb ohangiga yoʻrgʻalab ketayotgan qoʻshiqchilar shunga eʼtibor qaratsa, termalardan, ularning ohangida aytib koʻrsa, natijasini darrov sezilgan boʻlarmidi?!

Aslida Spaydermen ham, Supermen ham, Gollivudning fantastik kuch-qudratga ega boshqa qahramonlari ham Goʻroʻgʻli, Alpomish va Rustam kabi xalqlar minglab yillar davomida shakllantirib, yaratgan obrazlardan olingan. Darvoqe, “Toʻqson qoʻyning terisidan telpagi” degan misralar Xalqqa nisbatan ham bemalol qoʻllanilishi mumkin. Qaysi zamonda, davrda, makonda yashashidan qatʼiy nazar insonga ideallar kerak, qahramonlar kerak ekanda!

Ayanchlisi, multfilm ishlab, Alpomishni gʻolib koʻrsatish mumkindir, lekin u jangni Gollivud qahramonlariga boy berayotgani rost. Lekin bu hali urush boy berildi degani emas. Ming yillik qahramonlar shunchalik oson yengilmaydi!

Achinarlisi, bir paytlar xalq ogʻzaki ijodini sekin-asta sahnadan siqib chiqargan qogʻoz kitobni ham xuddi shu taqdir kutayotgani.

Vositalar oʻzgarmoqda!

Manba: Sputnik

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Gollivud va baxshilar: gʻoyalar oʻgʻirlanganmi?