17:17 / 30.03.2019
9 514

Gʻofur Rahimov, “qora roʻyxat” va Gulnora Karimova (3-maqola)

Gʻofur Rahimov, “qora roʻyxat” va Gulnora Karimova (3-maqola)
15 milliard ekani taxmin qilinmoqda

Avvaliga Gulnoraga qoʻyilayotgan ayblar Islom Karimov tomonidan ataylab oʻylab topilgan, bu kelgusida oʻzining oʻrniga keluvchi qizini sunʼiy ravishda muxolifga aylantirishning yangicha usuli, deb qaralayotgan edi. Shu orqali qizini avvalgi siyosiy rejimdan qattiq aziyat chekkan jabrdiyda qilib koʻrsatish, unga istiqbolda yaxshi siyosiy platforma tayyorlashga harakat qilinayotgandek taassurot paydo boʻldi.

Ammo bunday emasligi Islom Karimov 2015 yildagi prezidentlik saylovlarida yana oʻz nomzodini ilgari surgach, ochiq-oshkor boʻlib qoldi. Bu hol, Karimov toki tirik ekan, hokimiyatni hech qachon va hech kim bilan, hatto oʻz qizi bilan ham boʻlisha olmasligini yana bir karra isbotlab turardi. Qolaversa, bu paytga kelib, unga koʻplab muammolarni tugʻdirgan uquvsiz qizining siyosat osmonidagi yulduzi soʻna boshlagan edi. Zimdan hokimiyatni suiisteʼmol qilishi, talon-torojliklar yoshi ulugʻ Islom Karimovni haddan tashqari zoʻriqtirayotgan, jiddiy asabiylashtirayotgan edi. Chunki kaltakning ikkinchi uchi, shubhasiz, oʻziga ham tegar edi.

Bu ham kamlik qilganidek, ijtimoiy tarmoqlarda qizi oila aʼzolariga nisbatan ketma-ket tanqidiy fikrlarni yuzsizlarcha bildira boshladi. Bu esa hukmron oilaning boshqaruvdagi siyosiy qobilligini shubha ostiga qoʻyardi.

Nazoratsiz Gulnora hatto bir gal oʻz otasini qattol Stalinga tenglashtirib yubordi. Bu esa uning tarix ilmidan zarracha bexabarligini yoki juda bilimdonu, ataylab siyosiy “ochko” yigʻishga intilayotganini koʻrsatdi-qoʻydi.

Karimov nima uchun erka qizining kirdikorlaridan xalqaro hamjamiyat bong urmagunicha bexabar boʻlgan? Nega oilasi atrofida boʻlayotgan, birinchi navbatda oʻzi bilishi kerak boʻlgan voqealar haqida toʻgʻri va toʻliq maʼlumotga ega boʻlmasdan gʻaflatda qoldi? Nihoyat, oʻz oilasi aʼzosiga nisbatan shuncha koʻp jinoyatlar fosh qilinganidan keyin isteʼfoga ketishi mumkin emasmidi? Bu ogʻir savollarga kim javob beradi, axir?

Nima boʻlganda ham mamlakat iqtisodiyotining deyarli barcha sohalaridan oʻz “dolya”sini qoldirmay olib kelgan Gulnoraning noqonuniy “tadbirkorlik” faoliyatiga chek qoʻyildi.

Otasi gʻazabidan soʻng Gulnoraning uyushgan guruhiga tegishli 45 ta turli firma, 16 ta offshor kompaniya yopildi, uning atrofidagi koʻplab muttahamlar qoʻlga olinib, uzoq muddatlarga qamaldi. Jumladan, uni koʻklarga koʻtarib maqtaydigan va nazoratidagi 4 ta telekanal (“Forum TV”, “TV-Markaz”, “NTT” va “SOFTS”), 3 ta radiostansiya (“Terra”, “Zamin”, “Aʻlo FM”) oʻz ishini toʻxtatdi.

Foto: “ca-portal.ru”
Gulnoraning otasi davrida xaspoʻshlangan va koʻz yumilgan avvalgi qilmishlari qayta koʻrib chiqilib, 2017 yil 18 dekabrda jinoyat ishlari boʻyicha sud tomonidan unga 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Yetkazilgan umumiy zarar miqdori 1,27 trillion soʻm, 1,6 milliard dollar va 26,1 million yevroga teng, deb baholangan. Hozirgacha unga qarshi 12 ta davlatda tergov ishlari amalga oshirildi, surishtiruv ishlari hamon davom ettirilmoqda.

Ochigʻi, bu miqdor tergovlar chogʻida yuzaga chiqqan aniq faktlardir. Ekspertlar esa aniqlashning hech qanday imkoni boʻlmagan katta boyliklar qayerlardadir saqlanayotganini taxmin qilishadi. Uning guruhi tomonidan 15 milliard dollar oʻzlashtirilgani aytiladi.

Agarda Gulnora hokimiyatga kelib qolganida bormi, uning atrofidagi och qashqirlar toʻdasi Oʻzbekistonni burda goʻshtday yamlamay yutib yuborar edi.

Eng nafratlanarlisi, oʻzlashtirilgan boyliklar orasida qadimiy va bebaho madaniy merosimizning nodir namunalari ham borligidir.

Xalqaro sanksiyalar kuchaymoqda

2017 yil 20 dekabrda AQSH prezidenti Donald Tramp imzolagan farmonga muvofiq, xorijdagi qator shaxslar va kompaniyalarga nisbatan “inson huquqlari va korrupsiya uchun javobgar” sifatida sanksiyalar joriy qilingan edi.

Bu roʻyxatda Gulnora Karimovaning ham nomi bor.

AQSH tomoni Gulnora Karimovani biznesni zoʻrlik bilan tortib olish, bozorlarni monopollashtirish, pora olish, reket uchun davlat resurslaridan foydalangan holda qudratli uyushgan jinoiy guruhga rahbarlik qilish kabi ayblarni qoʻymoqda.

Ushbu sanksiyalar tufayli xonimning AQSH hududidagi barcha aktivlari xatlanib, keyinchalik sud qarori bilan davlat foydasiga musodara qilinishi mumkin. U bilan hamkorlik qilgan har qanday kompaniya va muassasa jazoga tortiladi. Bu esa Gulnora Karimovaning Oʻzbekiston tashqarisiga chiqishi hamono hibsga olishini va sodir etgan barcha jinoyatlari uchun uzoq muddatlarga qamalishini anglatadi.

Foto: “BBC.com”
Shu maʼnoda Gulnora Karimovaning oʻgʻli onasi katta siyosatga qaytish uchun kerakli salohiyatga ega ekanligi, bunga Oʻzbekistonning yangi rahbarlari oʻzlaridan qoʻrqib, toʻsiq boʻlayotgani haqidagi daʼvo-yu iddaolari puchdir.

Aslida Gulnoraning siyosiy istiqboli nolga teng. Mavjud salohiyat haqida gapirmasa ham boʻladi. Oʻzbek tilida soʻzlashishni oʻziga or biladigan, yarim-yalangʻoch yurishni zamonaviylik va liberallik belgisi deb faxrlanadigan, maʼnaviyati sayoz, birovning fikriga toqat qila olmaydigan Gulnora kabi “siyosatchi”larga xalqning koʻzi uchib turgani yoʻq.

Gulnorani hibsga olish qarorini hukumat yoki siyosatchilar emas, aynan jinoyat sudi chiqarganini ham unutmang. Adolatni taʼminlovchi ushbu hokimiyatning ishiga qonundan tashqari holatda hech kimning aralashishga haqqi yoʻq. Yoshligidan aytgani aytgan, degani degan boʻlib kelgan Islomboy balki buni tushunmas, tushuna olmas. Ammo demokratik jamiyat qurayotgan Oʻzbekistonda buni yaxshi anglashadi. Sud faoliyatiga u hatto vallomat boʻlsa ham aralashuviga qonun izn bermaydi.

Ammo hozir boshqa masala muhim. Gulnora haqiqatda qilgan notoʻgʻri ishlariga chin dildan iqrormi? Oʻzi uchun toʻgʻri xulosa chiqarib olganmi? Kelgusidagi hayotini qanday tasavvur etadi? Oʻzgalarni ham ozgina tinglashga qodirmi? Qilmishlari uchun xalqdan kechirim soʻrashga va ularning talangan boyliklarini yurtiga qaytarishga rozimi?

Bu kabi savollar uning nomunosib harakatlaridan keyin ochiq qolmoqda.

Gʻofur Rahimov, “qora roʻyxat” va Gulnora

Uning shubhali va maqtanchoqlik ruhi bilan yoʻgʻrilgan gʻoyalari, yashirin xatti-harakatlari, andishasiz-u va axloqsizligi, oʻta asabiy shaxsiyati, sirkasi suv koʻtarmasligi maʼlum va mashhur edi.

Barcha yirik tadbirlarni hokimlar, tadbirkorlar va fuqarolarning mablagʻi evaziga majburiy amalga oshirishga oʻrganib qolgani juda koʻpchilikda haqli norozilik uygʻotardi. Aholining qonunlarga hurmatini ham soʻndira boshladi, prezident siyosatiga ikkilanish va mavhum shubhalanish bilan qaray boshladi.

Quyushqondan chiqib ketgan oʻgʻri va zoʻravonlar Gulnora atrofida toʻdalashib, oʻz korrupsion rejalarini va moliyaviy manfaatlarini qanday amalga oshirish haqida unga maslahatchilik qilishdi, uning qoʻli bilan Oʻzbekistonda xususiy biznes rivojlanishiga tushov-dushman boʻlishdi.

Oʻtgan yili AIBA prezidenti etib saylangan Gʻofur Rahimov oʻz intervyusida hech qachon transmilliy jinoiy uyushmalarda ishtirok etmaganini, unga qarshi kechgan xalqaro kampaniyalarga aynan Gulnora Karimova bosh-qosh boʻlganini, oxir-oqibat bu jonbozlik unga qoplab boʻlmas zarar keltirganini ochiq tan olgan edi.

Foto: “Repost.uz”
Gulnora unga oʻz biznesini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash talabini qoʻyganini, ammo bunga prinsipial tarzda qarshilik bildirgach, kuchli bosim tufayli oilasi bilan Oʻzbekistondan batamom chiqib ketishga majbur boʻlganini yashirmadi. “Shundan keyin «opa”ning jirkanch guruhi kuchli kampaniya boshlab, mening qolgan biznesimni ham yoʻq qilish uchun AQSH gʻaznachiligiga Oʻzbekiston hukumatining qoʻli bilan yolgʻon axborot berib yubordi», deydi u.

Oqibatda Rahimov xalqaro “qora roʻyxat”ga tushib qolganini qistirib oʻtdi. Eng qizigʻi, Rahimov bu roʻyxatda turgan vaqtida, yaʼni 2017 yilning dekabrida Gulnora Karimovaning nomi ham ushbu bazaga kelib tushgan.

Gulnora baʼzan kim bilan oʻynashayotganini bilmas, oʻzi tomonida boʻlmagan barcha gigantlarni oʻziga dushman qilish yoʻlidan bordi. Albatta, Rossiya va xalqaro maydonda oʻz taʼsiri va qudratiga ega Gʻofur Rahimov ham Gulnoraning hokimiyatga kelishidan manfaatdor emas edi. Buning uchun qoʻl qovushtirib, chetdan tomoshabin boʻlib oʻtirdi, deyish uchun kamida omi boʻlish kerak. Lekin hozir gap bunda emas.

Albatta, unga nisbatan boʻhtonlarga hukumatimiz tomonidan nuqta qoʻyildi, ammo nufuzli xalqaro sport tashkilotiga bir oʻzbekning rahbar boʻlishi atrofida kechgan keskin mojaroyu toʻpolonlar ortida aynan oʻzimizning odamlar ham turgani oʻyga tortadigan holatdir. Shu tariqa Rahimov baribir isteʼfo berishga majbur boʻldi.
Davomi bor.

Manba: Xabar.uz

Mavzuga oid: Gulnora Karimovani kim “oʻldirdi”? (1-maqola)
Mavzuga oid: Gulnora Karimovani kim “oʻldirdi”? (2-maqola)

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Gʻofur Rahimov, “qora roʻyxat” va Gulnora Karimova (3-maqola)