10:07 / 01.04.2019
2 813

Mirziyoyev: “Buxoro barcha sohada namuna boʻlishi kerak. Halollik, poklik, ijodkorlik nuqtai nazaridan”

Mirziyoyev: “Buxoro barcha sohada namuna boʻlishi kerak. Halollik, poklik, ijodkorlik nuqtai nazaridan”
Prezident oʻtgan yili mart oyida Buxoro viloyatiga amalga oshirilgan tashrif chogʻida berilgan topshiriqlar ijrosi bilan qiziqdi.

Prezident matolardan kiyim-kechak tikib ishlab chiqaruvchi “Ekvatorial Chodak Grup” MCHJda boʻldi. Gidroponika usulida zamonaviy issiqxonalarda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchi “Buxoro Agro” erkin iqtisodiy zonasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Paxtachilikka asoslangan BCT klasterni borib koʻrdi. Ipakchilik klasterida boʻlgan prezident bu yerda amalga oshirilgan va rejalashtirilgan ishlar bilan tanishar ekan, barcha viloyatlarda tutzorlarni kengaytirish borasida topshiriqlar berdi.

Buxoroda aholining 433 ming gektardan ziyod tomorqa yerlarida ham mahsulot yetishtirishga katta eʼtibor berilishi lozimligi taʼkidlandi.
Buxoroni azaldan mashhur qilgan qorakoʻlchilik anʼanalarini yangi sifat bosqichiga chiqarish lozimligi aytildi. Prezident moʻynachilikni rivojlantirish uchun barpo etilgan quyon, norka va shinshila yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklarining ishi bilan ham tanishdi.

Prezident Kogon tumanidagi “Taraqqiyot” mahalla fuqarolari yigʻini markazida ham boʻldi. Shu maskanda prezident viloyatda 35 mingdan ziyod xotin-qizlar ish bilan taʼminlanmagani, xotin-qizlar jinoyatchiligi saqlanib qolayotgani koʻrsatib oʻtildi. Prezident bu holat milliy mentalitetimizga yotligi, buyuk tarix va yuksak salohiyatga ega boʻlgan Buxoroga mutlaqo yarashmasligini taʼkidladi.

— Joriy yil oxirigacha ayollarning ijtimoiy muammolarini hal qilish, ish bilan taʼminlash, jinoyatchilik sodir etmasligi uchun zarur choralarni koʻrib, Buxoro viloyatini xotin-qizlar bilan bogʻliq barcha masalalar boʻyicha eng namunali hududga aylantirishimiz kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mahalla markazida oʻquvchi-yoshlar bilan samimiy muloqot qilar ekan, prezident ularga qarata shunday dedi:
— Bir soat, bir daqiqa vaqtni behuda oʻtkazmaslik kerak. Vaqtlaringni koʻproq ilm olishga sarflasangiz hamma sohaning bilimdoniga aylanasizlar. Bugun oʻz ustlaringda ishlasalaring ertaga hayotda mustaqil boʻlasizlar. Olgan bilim va erishgan natijalaring bilan boshqalardan qudratliroq boʻlasizlar. Qaysdir fanni puxta oʻzlashtirib, ikki-uchta xorijiy tilni oʻrgansalaring hozirdan oʻzlaringga juda katta moddiy asos yaratgan boʻlasizlar. Sizlarning begʻubor koʻzlaringiz juda katta kurashga tayyor ekanligingizni anglatib turibdi. Intilish, izlanish va kurashishdan erinmang.

Prezident shundan soʻng Buxoro shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, xususan, “Buxoro siti” loyihasi bilan tanishdi.
Tashrifning ikkinchi kunida oʻtkazilgan viloyat faollari bilan uchrashuvda shunday dedi:
— Odamlarning fikri oʻzgaryaptimi-yoʻqmi? Oʻzbekistonda hozirgi kunda olib borilayotgan siyosatni oddiy odamlar qanday qabul qilishmoqda. Har bir qilayotgan ishimiz xalqimiz manfaati uchun, albatta.

Buxoro viloyatining juda katta imkoniyati, salohiyati bor. Ikki millionga yaqin oliyjanob xalqi bor. Uzoq-uzoq tumandagi fuqarolarimiz olib borilayotgan islohotlar mening hududimga, koʻchamga, xonadonimga, shaxsan oʻzimga qachon manfaat olib keladi, deb kutib oʻtiribdi.

Agar manzilli ishlarni olib bormasak, xonadon, shaxs bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ishlamasak — natija boʻlmaydi. Biz qachon raqobatbardosh boʻla olamiz: mahsulotimizning sifati zoʻr boʻlsa. Qachonki shu mahsulotni tayyorlovchi xalqimizning ilmi yuqori boʻlsa.
Buxoro barcha sohada namuna boʻlishi kerak. Halollik, poklik, ijodkorlik nuqtai nazaridan.

Viloyatda 2019 yil yakunlari qanday boʻlishini men yaqqol tasavvur qila olaman. Birinchi chorak yakunlari boʻyicha viloyatda 100 milliarddan ziyod mablagʻ oʻz mahalliy byudjetida qolyapti. Bir yil avval 1 milliard ham qolmasdi. Lekin bu koʻrsatkich ham meni qoniqtirmaydi. Bu ishlarni davom ettirsak, choraklikda 250-300 milliardga, yil yakunlari boʻyicha 1 trillion soʻmgacha pul hokimning qoʻlida qoladi, — dedi prezident.

Prezident viloyatda tomorqa ekinlarini rivojlantirish masalasiga toʻxtalib oʻtdi.
— Oldin biz tomorqa, kichik biznes derdik. Bir soʻm pul bermasdik. Bu ishlar tashviqot bilan boʻlmaydi, mablagʻ kerak. Shuning uchun biz ilk marta 500 milliardga yaqin pul beryapmiz. Uyiga kelib issiqxona qilib beramiz, limonni ekib beramiz va hosilni sotib olamiz. Bu — bitta limon misolida. Boshqa mahsulotlar ham xuddi shunday boʻladi. Agar biz quyi pogʻonadagi aholining xarid qobiliyatini kuchaytirmasak, u svet-gazning pulini toʻlolmaydi, bolasini oʻqita ololmaydi, bozorga borolmaydi. Biz beradigan mablagʻ — tayyor pul. Kredit emas. Kam taʼminlangan oila kutib oʻtiribdi: qachon mening xonadonimga ham havo kirar ekan deb. 3-4 gektar bogʻ tashkil qilinib, 10 sotixdan odamlarga ijaraga beriladi. Lizing asosida. Maqsadimiz — birorta boʻsh odam boʻlmasligi kerak. Bular — xalqimizni roizi boʻlishi uchun amalga oshiriladigan choralar, — dedi Sh.Mirziyoyev Buxoro viloyati faollari bilan uchrashuvda.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Mirziyoyev: “Buxoro barcha sohada namuna boʻlishi kerak. Halollik, poklik, ijodkorlik nuqtai nazaridan”