Gulnora Karimovani kim “oʻldirdi”? Maqsudiy va boshqa oilaviy munosabatlar (4-maqola)

  • 02 aprel 2019, 13:46
  • 7 033
  • Jamiyat
  • Gulnora Karimovani kim “oʻldirdi”? Maqsudiy va boshqa oilaviy munosabatlar (4-maqola)
    Yirik kompaniyalar — “sogʻin sigirlar”

    Siyosiy arbobda vijdon boʻlmasa, boshqaruvga toʻgʻri yondashmasa, oʻz xalqi tashvishlariga qoʻshilib yonmasa, maqsad-niyati adolatdan kuch olib turmasa, hokimiyatga egalik xohish-istagi bilan lavozim masʼuliyatini anglash-tushunish tuygʻulari oʻrtasidagi muvozanatni taʼminlay olmasa, uning liderligi mustahkam boʻlmaydi.

    Gulnora garchi tashqi ishlar vaziri oʻrinbosarligidan boshqa amaldagi hukumat tizimida birorta muhim lavozimni egallamagan boʻlsa-da, Oʻzbekistonda otasidan keyingi taʼsirli kuchga aylangan edi.

    Yashirin qudratidan kelib chiqib, bu yerda biznes boshlashni istagan xalqaro yirik kompaniyalarni ham oʻzi uchun “zotdor sogʻin sigir” deb hisobladi. Ulardan doimiy ravishda juda katta miqdorda pora olib turdi, yoʻrigʻiga yurmaganlarga chiqish eshigini koʻrsatib qoʻyishardi.

    Gulnoraning oʻzi uchun oddiy tuyulgan biznesi endilikda qudratli davlatlarning bir-biriga bosim oʻtkazuvchi, Vashingtonni esa yirik kompaniya va korporatsiyalarni qulogʻini choʻzib qoʻyadigan va katta jarima undiradigan geosiyosiy dastagiga aylanib bormoqda.

    Mavzuga oid: Gulnora Karimovani kim “oʻldirdi”? (1-maqola)

    Shu kunlarda Rossiyadagi mashhur MTS telekommunikatsiya operatori Oʻzbekistondagi biznesi uchun Gulnora bilan oldi-berdi qilgani sabab, AQSH adliya vazirligi hamda uning qoshidagi Qimmatbaho qogʻozlar va birja boʻyicha komissiyasi nazoratiga tushdi. Endi kompaniya ish sudga oshirilmasidan avval kelishuvga erishishga majbur boʻlmoqda.

    Foto: “Amerika ovozi”
    Aniqlanishicha, mazkur kompaniya Oʻzbekistonga kirib kelish va bu yerda yaxshilab oʻrnashib olishi uchun Gulnoraga uzoq yillar davomida jami 420 million dollar miqdorida pora bergan. Ayni paytda kompaniya bu yerdagi sakkiz yillik faoliyati chogʻida 2,4 milliard dollar daromad olgan.

    Kompaniya rahbariyatining nafsi tobora oʻpqonlashib borgan Oʻzbekistondagi xoʻjayini — Gulnora bilan soʻzi bir joydan chiqmay qolgach, 2012 yilga kelib, respublikadan bosh olib ketishga majbur boʻladi.

    AQSH tomoni bu kirdikorlari uchun MTSni 850 million dollar miqdorida jarima toʻlashga majbur qilmoqda. Bu pullarni MTS hozirda alohida zaxira fondida jamgʻarib qoʻygan va uni toʻlashga tayyor. Agar rasmiy Moskva bunga qarshi boʻlmasa, albatta. Biroq MTS AQSHga jarima toʻlamaslikka qaror qilsa, u xalqaro bozorda ortiq qololmaydi va tabiiyki kasodga uchraydi.

    “Vыmpelkom” kompaniyasi esa turli yillarda Gulnoraga 114 million dollar berishga majbur boʻlganini tan oldi.

    Bundan tashqari, Shvetsiya prokuraturasi 2012 yil sentyabrda tergov jarayonlarini boshlagan “TeliaSonera” telekommunikatsiya kompaniyasi sobiq ijrochi rahbari Lars Naybergni olaylik. Unga ham Oʻzbekistonda biznes qilish uchun Gulnoraga 331 million dollar pora bergan, deb sudda ayblov eʼlon qilindi.

    Shvetsiyaning 2012 yilgacha boʻlgan qonunchiligiga koʻra, pora oluvchi shaxs davlat amaldori boʻlsagina bu jinoyat deb malakalangan. Oʻzbekiston bozorida vositachi boʻlgan kimsa esa Gulnoraning shotiri Gayane Avakyan edi va u hech qanday amaldor boʻlmagan. Pullar 2007-2010 yillarda uning “Takilant” offshor firmasiga oʻzaro hamkorlar sifatida oʻtkazib berilgan.

    Gulnora va Avakyan. Foto: “Proza.ru”
    Qonunlar ortga qaytish huquqiga ega emasligi sabab Shvetsiya sudi ayblovdagi kompaniya rahbarini “pora bermagan” deb oqladi. Lekin bu jarayonlarning barchasi, Oʻzbekistonning yaqin tarixidagi korrupsiya holatlari, bir sud qoʻyib, boshqasida mamlakatdagi poraxoʻrlik holatlari haqida shov-shuvli ishlar ochilishi xorijiy sarmoyadorlarni choʻchitmasdan qolmaydi.

    Gulnora Karimovaning kirdikorlari ayrim bank-moliya tashkilotlari obroʻsiga ham jiddiy zarar yetkazdi. Masalan, Gollandiyaning ING banki allaqachon Shvetsiyaning “TeIiaSonera” shirkati tomonidan “pora berish” ishi doirasida sudga tortildi va 900 million dollar jarima toʻlashga rozilik bildirdi.

    Mavzuga oid: Gulnora Karimovani kim “oʻldirdi”? (2-maqola)

    Prokuratura mijozlar bu bankdagi hisob-raqamlardan jinoyatchilar hech qanday toʻsiqlarsiz, oʻz maqsadi yoʻlida foydalanib kelishgan, bank esa bunga koʻz yumib, barcha imkoniyatni yaratib bergan, deya ayb qoʻymoqda. Gulnora Karimovaga tegishli boʻlgan “Vыmpelkom” shirkatiga pora sifatida berilgan millionlab dollarlar aynan ING bankidagi uning hisoblari orqali amalga oshirilgan.

    Bu kabi ishlarning Oʻzbekiston nomi bilan bogʻlanishi juda achinarli va mamlakat imijiga taʼsir koʻrsatuvchi salbiy holatdir.

    Maqsudiy va boshqa oilaviy munosabatlar

    Gulnoraning oilasi haqida gapirilganda, u doimo bu ishlarning barchasi faqat uning shaxsiy hayoti ekanligini va uni muhokama qilishga hech kimning haqqi yoʻqligi aytib keladi.

    Ammo oʻzini davlatning birinchi rahbari lavozimiga chogʻlagan arbobning shaxsiy hayoti boʻlmaydi. Uning har bir oyoq olishi, ishdagi va oilaviy munosabatlari, aytayotgan soʻzi-yu, kiygan kiyimigacha jamoatchilikning diqqat markazida turadi.

    Avvalo, Gulnoraning birinchi turmush oʻrtogʻi haqida. Amerikalik oʻzbek, yirik tadbirkorning oʻgʻli Mansur Maqsudiy bilan 1991 yilda nikohdan oʻtganidan keyin, kuyov boʻlmish “Sosa-SoLa”ning Toshkentdagi vakolatxonasiga direktor etib tayinlandi.

    Lekin ularning asosiy hayoti AQSHda oʻtdi. 2001 yilgacha — oʻn yillik birgalikdagi hayotlari davomida Nyu-Jersidagi uylarida yashashdi. Oʻrtalarida ikki farzand — Islom (1992) va Imon (1999) tugʻildi.

    Oilaviy munosabatlar tobora tarang tus olar, Gulnora tabiatidagi qaysarligi va oʻziga bino qoʻyishi bilan asta-sekin Maqsudiyni nazar-pisand qilmay qoʻydi. Kimsan prezidentning suyukli qizini kim ham tartibga chaqirishga jurʼat qila olar edi.

    Nihoyat, oilaviy mojaroga shaxsan Prezidentning oʻzi aralashgach, ikki quda oʻrtasiga sovuqchilik tushib, oilaga darz ketdi. Maqsudiylarning Oʻzbekistondagi biznesi tortib olindi, oʻzlari bir amallab qochib qutildi, koʻrilgan zarar oʻsha davr oʻlchamida juda katta edi.

    Bu dunyoda ajrashgan oila kammi, dersiz. Toʻgʻri, oz emas. Lekin bu ajrashish siyosiy ahamiyatga ega boʻlib, Oʻzbekiston yetakchisi Islom Karimovning xalqaro nufuziga taʼsir qilmay qolmas edi.

    Mansur Maqsudiy ham bolalarni oʻz ixtiyoriga olish uchun AQSH sudiga Gulnoraga nisbatan daʼvo qoʻzgʻadi. Ikki yillik janjalli sud ishida Mansur Maqsudiy uzil-kesil yutib chiqdi. Natijada Gulnora farzandlarni tarbiyalash huquqidan toʻla mahrum etiladi.

    Foto: “CA-News”
    Farzandlar Maqsudiyning vasiyligiga oʻtishi kerak edi. Ammo ular allaqachon AQSH hududidan olib chiqib ketilgan, Oʻzbekistonda yashar edilar.

    Maqsudiy Gulnorani bolalarni zoʻrlik bilan oʻgʻirlab ketganlikda aybladi.

    AQSH sudi qarori baribir bajarilmay qolib ketdi. Bolalar onasi ixtiyorida qoldi. Oʻshanda prezident Karimov ancha ter toʻkishiga, oʻz kuchidan foydalanishiga toʻgʻri keldi va oradan 9 yil oʻtib, bolalar voyaga yetishgach, AQSH sudi oʻz qarorini bekor qildi.

    Ehtimol, bolalar otasida qolganida, Gulnora ham salgina boʻyin egib, birinchi turmushi bilan tinchgina yashaganida boshiga shuncha tashvishu muammolar tushmasmidi, deb oʻylab qolasan, kishi... Lekin taqdiri boshqa ekan.

    Kichik Islom Karimov ota-onasi oʻrtasidagi sud ikki yil emas, yetti yilga choʻzilgani, otasi bilan faqat bobosi vafot etganidan keyingina borib koʻrishgani, qiyin paytda otasi uni tashlab qoʻymasligiga ishonishi haqida “Bi-bi-si”ga intervyu bergan edi.

    Lekin nega shuncha yillar oʻtib, aynan endi koʻrishgani, bu uchrashuvdan keyin oʻroqda yoʻq, mashoqda yoʻq Maqsudiy janoblari Gulnoraning xorijda muzlatilgan koʻp yuz millionli pullarida oʻz ulushi borligi, mablagʻlarni unga qaytarishni talab qila boshlaganida qiziq bogʻliqlik borga oʻxshaydi. Singlisi Imon hozirda AQSH fuqarosidir. Yiliga toʻlovi 30 ming dollardan kam boʻlmagan pul toʻlab, London iqtisodiy maktabida tahsil oladi.

    Mavzuga oid: Gulnora Karimovani kim “oʻldirdi”? Xalqaro sanksiyalar kuchaymoqda (3-maqola)

    Gulnora birinchi nikohidan ajrashganidan soʻng maʼshuqlari koʻp boʻlgani haqida xalq orasida mish-mishlar koʻp tarqar edi. Biroq bu haqda hech kim ochiq aytmagan. Toki, bu haqda soʻz ochgan borki, uzoq yillik qamoqqa mahkum etilar edi. Bu yerda jurnalistik etika nuqtai nazaridan aniq faktlarsiz fikr aytishni oʻrinsiz, deb bilamiz.

    Gulnora koʻkka parvoz qilayotgan yillari fuqarolik nikohidagi Rustam Madumarov nomi bot-bot tilga olina boshladi. Rustam bilan munosabatlari qachondan boshlangan va oʻrtasida qanday munosabatlar boʻlgani ham nomaʼlum.

    Rustam Madumarovning ota-onasi 1990 yillarda Tojikistondan yurtimizga koʻchib kelishgan. Rustam asli turli tillarning qorishigʻidan qoʻshiqlar aytadigan “Dado” guruhi xonandasi sifatida dongʻi chiqqan edi. 2014 yil may oyida u xorijdagi offshor kompaniyasi orqali Gulnora bilan qilgan moliyaviy jinoyatlari sabab harbiy sud tomonidan uzoq muddatga qamaladi.

    Foto: “isweet.com.ru”
    Ammo boshqa fakt ular oʻrtasidagi fuqaroviy nikohni shubha ostiga qoʻyadi. Hujjatlar ular oʻrtasida haqiqiy nikoh boʻlganini tasdiqlaydi. Shvetsiyadagi sud chogʻida prokuror Rustam bilan Gulnora oʻrtasida ajrashish toʻgʻrisidagi sertifikatni taqdim etgani bunga yaqqol dalil. Demak, ular fuqarolik nikohida emas, balki qonuniy er-xotin boʻlib yashagan, degan xulosaga kelish mumkin. Lekin bu bir niqob boʻlishi ham mumkin. Chunki Rustamning nomiga toʻplangan Gulnoraning behisob boyliklari keyinchalik “opa”ning qonuniy egaligiga oʻtishi uchun ajrashish yorligʻi oʻziga xos kafolat hujjati edi.

    Axir ular chindan ham birgalikda yashagan, haqiqiy er-xotin boʻlishgan boʻlsa, unda nima uchun sud orqali avvaldan ajrashib, uni seyfda yashirib kelishgan?

    Yana bir nozik masala. Gulnoraning oʻz singlisi, hozirda AQSHda uch nafar farzandi bilan yashayotgan Lola Karimova bilan 15 yil davomida muloqot qilmagani haqida. Kichik Islom “opa-singil oʻrtasida kuchli adovat tuygʻularini bobosi yaratganini, isteʼdod bobida xolasi hech qachon onasiga tenglasha olmagani”ni jurnalistlarga maʼlum qildi.

    Qiziq, bobosi nima uchun ikki nafar jonday farzandini, yaʼni opa-singillarni bir-biriga qayrab qoʻygan ekan?! Axir oʻzbek oilasida farzandlarning noahil munosabatlari oqlanmaydi-ku?! Ota-ona tirikligida ular yuz koʻrmas boʻlib ketishsa, bu qanchalar ogʻriqli taʼsir qiladi?! Butun Oʻzbekistonni boshqargan inson nahotki oʻz qizlarini bir stol atrofida yarashtirishga qodir emas edi? Oʻzi haqiqatdan ular orasida ola mushuk oʻtganmidi? Yoki bu ham kichik Islom Karimovning oʻylab topgan navbatdagi uydirmasimi? Balki bu qiyin savolga vaqti kelib Lola Karimovaning oʻzi aniqlik kiritib berar?..

    Foto: “BBC”
    Xullas, faqat kichik Islom onasining qancha boylikka egaligini, hisob-raqamlari qayerdayu, qancha mablagʻi borligini juda yaxshi biladi. Onasining notarial tasdiqlangan va Gʻarbdagi banklarning biri qutisidan chiqqan tasdiqnomaga koʻra, bu Gulnoraning barcha boyliklari, agar unga biror kor-hol yuz bersa, oʻgʻli Islom Karimovga meros sifatida oʻtkazilishi haqidagi vasiyatnomadir. Bu hujjatni Shvetsiya sudiga prokurorlar taqdim etishganini ommaviy axborot vositalari xodimlari hayronlik bilan tasdiqlagan edi.

    Bu boyliklarni boshqalar olib qoʻymasligi, oʻz nomiga legallashtirish uchun kichik Islom onasi Gulnorani oʻz mamlakatida hokimiyatning siyosiy qurboniga aylanayotgani, tazyiqlarga uchrayotgani, huquqlari qoʻpol ravishda poymol qilinayotgani haqida bong urmoqda.

    Onasiga nisbatan sud qarorlari mustaqil tarzda chiqarilmayotgani, ruhiy va jismoniy bosimlar oʻtkazilayotgani, bobosining janozasiga borishni juda-juda istaganiyu, biroq Oʻzbekistonga kirsa, uni oʻldirishlari mumkinligi sabab bora olmagani haqida choʻpchak toʻqishda davom etmoqda.

    Gulnoraning xalqaro va mahalliy advokatlariga mijozi bilan koʻrishishi uchun hech qanday toʻsiq qoʻyilgani yoʻq. Agar chindan ham nevaraning onasiga yoki bobosiga ozgina boʻlsa ham mehr-muhabbati boʻlganida, qoʻrqoqlik qilib, Oʻzbekistonga tosh otmasdan, ularning ziyoratiga kelib-ketgan boʻlar edi.
    Davomi bor.

    Manba: Xabar.uz

    Фикрлар

    » » Gulnora Karimovani kim “oʻldirdi”? Maqsudiy va boshqa oilaviy munosabatlar (4-maqola)