00:30 / 03.04.2019
3 543

Pul jodusi: “qora bozor”ning “kasofati” kimga uradi?

Pul jodusi: “qora bozor”ning “kasofati” kimga uradi?
Pul jodusi — bugun oilalar parchalanishi, aka-ukalar oʻrtasiga sovuqchilik tushishiga sabab boʻlayotir, yana kimlarnidir jinoyat yoʻliga boshlamoqda. Afsuski, minglab hayotiy misollar baʼzilarga tegishli xulosa chiqarish, toʻgʻri yoʻlni tanlash uchun kifoya qilmayapti. Jinoyat ishlari boʻyicha Xorazm viloyati Xonqa tumani sudida koʻrib chiqilgan ish misolida bunga yana bir bor amin boʻldik.

“Uchkoʻprik” mahallasida yashovchi Ruslan Niyozov (ism-familiyalar oʻzgartirilgan) ana shu jodu aldoviga uchganlardan. Maʼlumoti oliy, olti nafar farzandning otasi oʻziga berilgan ulugʻ neʼmat — hayotini sariq chaqaga ham baholamadi. Oson yoʻl bilan noqonuniy daromad orttirishni maqsad qilgan bu kimsaga hamtovoqlar ham tezda topila qoldi. Mehnatga yov bermaydigan Eshmat Toshev u bilan jinoiy til biriktirdi.

Tez orada “oʻlja” ham oʻz oyogʻi bilan keldi. Ruslanga hamkasbi Dilshod bir tanishi uy sotib olgani, pulni toʻlash uchun 8 ming 200 AQSH dollarini soʻmga aylantirmoqchi ekanini aytib qoldi. “Oltin baliq”ni qoʻldan chiqarishni istamagan Ruslan bu masalani zumda hal qilib berishini taʼkidlab, doʻsti Otabekdan 70 million soʻm qarz oldi hamda Eshmat bilan aytilgan joyga yetib bordi. Biroq “ishbilarmonlar”ning savdosi oʻxshamadi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida valyutafurushlar voqea joyida qoʻlga olindi.

— Har qanday jinoyatga jazo muqarrar, — deydi Xonqa tumani sudi raisi M. Qilichev. — Boisi noqonuniy xatti-harakat u xoh katta, xoh kichik boʻlsin, boshqa bir fuqaroning haq-huquqlarini poymol qiladi. Sud yuqoridagi holatni toʻliq oʻrganib, uning ishtirokchilarini aybli deb topdi. Ularning har biriga Jinoyat kodeksining tegishli moddasiga koʻra, eng kam oylik ish xaqining 20 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi. Daliliy ashyo sifatida olingan 67 million 977 ming soʻm pul davlat tasarrufiga oʻtkazildi.

Qilmish — qidirmish
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Xorazm viloyati boshqarmasi bergan maʼlumotlarga koʻra, 2018 yilda val­yutani qonunga hilof ravishda muomalaga kiritish boʻyicha 161 ta qonunbuzilish holati aniqlangan. Shu asosda 71 ta jinoiy va 140 ta maʼmuriy ish qoʻzgʻatilgan.

Tili kuygan qatiqni ham puflab ichadi, deydilar. Ammo bu ibora maʼnosini tushunmagan, boshi devorga tegsa-da, qayta-qayta xatoga yoʻl qoʻyayotganlar ham bor. Birov qilgan xatodan tegishli xulosa chiqarmayotganlarning yugurgani esa somonxonagacha boʻlmoqda. Joriy yilda ham bir nechta shaxs “qora bozor”ning kasofatiga uchradi. Jumladan, J.Salomov xonadonida 11 ming 450 AQSH dollarini 64 million 812 ming soʻmga, N.Samadov va O.Odamboyev “Urganch buyum bozori” savdo kompleksi hududida 7 ming 900 AQSH dollarini 67 million soʻmga noqonuniy almashtirayotgan vaqtida qoʻlga olindi. Shuni aytsalar kerak-da, qilmish — qidirmish deb.
Sadoqat MAXSUMOVA

Manba: mahalladosh.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Pul jodusi: “qora bozor”ning “kasofati” kimga uradi?