21:07 / 02.04.2019
5 744

Gulnora Karimovaning advokati u hozir qayerdaligini maʼlum qildi

Gulnora Karimovaning advokati u hozir qayerdaligini maʼlum qildi
Gulnora Karimovaning shveysariyalik advokati, Jenevadagi Mangeat Attorneys at Law advokatlik idorasi egasi va rahbari Greguar Manja mijozi ayni damda qayerdaligini maʼlum qildi.

U 1 aprel kuni tvitterdagi sahifasida Toshkent viloyati Zangiota tumani hududidagi 21-jazoni oʻtash koloniyasiga borgani haqida xabar qoldirgan.

“Men ikkinchi kundirki Zangiotadagi 21-raqamli ayollar koloniyasiga keldim”, - deya yozgan u 2 aprel kuni.

2017 yilning yozida Oʻzbekiston Bosh prokuraturasi Oʻzbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning katta qizi Gulnora Karimova ishi boʻyicha maʼlumot bergan, unga koʻra Gulnora Karimova 2015 yilning avgustida, yaʼni birinchi prezident Islom Karimov davrida qator moliyaviy jinoyatlarda aybdor deb topilgani va unga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangani maʼlum boʻlgandi.

Keyinroq Gulnora Karimovaga nisbatan firibgarlik, xorijiy valyutani yashirish, bojxona qonunchiligini buzilishi boʻyicha yana bir jinoiy ish qoʻzgʻatilgani maʼlum qilindi. Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent viloyati sudining 2017 yil 18 dekabrdagi hukmi bilan unga 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Tergov maʼlumotlariga koʻra, Karimova jinoiy sheriklari yordamida 12ta xorijiy mamlakatda 1,3 milliard AQSH dollar, 63,5 million yevro, 27,1 million funt va 18,5 million frank miqdorida aktivlarni qonuniylashtirgan.

Shveysariya 2012 yili Jeneva va Syurixdagi banklarda Gulnora Karimovaga qarashli ekani gumonlanaëtgan 800 million frankni muzlatib qoʻygan. Shveysariya prokuraturasi bu pulning 686,7 millionini musodara qilish va Oʻzbekistonga qaytarish toʻgʻrisida qaror chiqargan.

Oʻzbekistonning yangi hukumati insonparvarlik nuqtai nazaridan hamda mahkuma jinoiy yoʻl bilan orttirilgan pul mablagʻlarini qaytarish va davlatga yetkazilgan zararni qoplash majburiyatlarini oʻz zimmasiga olganini eʼtiborga olgan holda Gulnora Karimovaga imkon beradi va jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent viloyati sudining 2018 yil 1 iyuldagi ajrimi bilan Karimovaga tayinlangan jazo 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga almashtiriladi.

Ammo shu yilning mart oyi boshida Gulnora Karimova Oʻzbekistonga yetkazilgan zararni qoplashga faol qarshilik qilgani, shuningdek turar-joyni tark etmaslik, aloqa va internet vositalaridan foydalanmaslik kabi cheklovlarni ham qoʻpollik bilan buzgani uchun uy qamogʻidan umumiy rejimdagi koloniyaga oʻtkazildi.

Greguar Manja mijozi Gulnora Karimova bilan muqaddam ikki marta — 2016 yil dekabri va 2018 yili aprelida uchrashgan. U 2018 yilning yozida Karimova va uning saqlanish sharoiti haqida baʼzi tafsilotlarni maʼlum qilgan, unga koʻra, apreldagi uchrashuvi davomida mijozining kayfiyati oʻzgaruvchan boʻlib qolgani, shuningdek, uning toliqqani sezilgani, qabul qilgan dorilari taʼsirida suhbat davomida diqqatini jamlay olmagani haqida yozgandi.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Gulnora Karimovaning advokati u hozir qayerdaligini maʼlum qildi