16:03 / 03.04.2019
5 910

Boʻribosar zotini saqlashni qimorbozlik bilan adashtirmang

Boʻribosar zotini saqlashni qimorbozlik bilan adashtirmang
Yaqinda internet tarmogʻida “Oʻzbekistonda vahshiy qimorbozlik turi, yaʼni boʻribosar zotli itlarni urushtirish avj olmoqda”, - degan mavzuda katta shov-shuv koʻtarilgan edi. Bu maqola hurmatli hayvonlarning himoyachilarga javoban bitilgan.

Maʼlumki, har bir jonivor zoti asrlar davomida yashaydigan mintaqaning iqlimiga, atrof muhitiga, oziqlanish manbalariga va boshqa bir qator shart-sharoitlariga moslashib shakllanadi. Moslashish qobiliyatlar nasldan naslga oʻtib genetik xossalariga aylanadi. Genetik xossalar jonivor zotining anatomik tuzilishini, tashqi koʻrinishini, oziqlanish turini, yashash hududini (arealini), xulq-atvorini va boshqalarni belgilaydi. Agar yuqoridagi shart-sharoitlar uzoq muddat davomida oʻzgaradigan boʻlsa, jonivorning genetik kodi falajlanib, zot oʻzgaradi yoki yoʻqoladi. Bu universal tamoyil oʻzbek boʻribosarlariga ham taalluqli.

Oʻtgan oʻn yilliklarda bizning mamlakatimiz itboqarchiligida katta oʻzgarishlar sodir boʻldi. Azaldan mintaqaviy zotli itlarimiz yashash joylarida itlarning madaniy Yevropa va boshqa hududli zotlari paydo boʻldi. Tabiiy tanlov va milliy naslchilik uslublari bilan yaratilgan mahalliy oʻzbek boʻribosari zotlari, boshqa xorijiy mamlakatlardan kelitilgan itlar bilan chatishtirilib, asta-sekin buzila boshladi.

Hozirgi vaziyat tahlili koʻrsatmoqdaki, Oʻzbekiston boʻribosari zoti achinarli ahvolga tushib qoldi: it klublarining bu yoʻnalishdagi faoliyati deyarli koʻrinmaydi; yillar davomida mazkur zotning bazasi shakllanmagan edi – “qoʻshtirish” jarayoni (“vyazka”) professional darajada bajarilmagan. Natijada, itlarning koʻpchiligi qoʻrqoq, bekordan bekorga vovullaydigan va zotga mutlaqo mos kelmaydigan boʻlib qoladi.

Darvoqe, Osiyo respublikalarida oʻzining dongʻi ketgan zot turlari mavjud, masalan: Qozogʻistonda - Tobet, Turkmanistonda - Alabay, Tojikistonda - Saxiy Dahmard, Qirgʻizistonda - qirgʻiz boʻribosari. Shular kabi, bizda ham oʻzimizning Boʻribosarimiz bor-ku axir! Nima uchun biz oʻzimizning koʻp asrlik zotli nasl bilan faxrlana olmas ekanmiz?

Bugun biz OʻZBЕK BOʻRIBOSARI zoti genofondini saqlash zarurati oʻta dolzarb masalaga aylandi degan xulosaga kelib, haqiqiy tarafdorlarining kuchi bilan “OʻZBЕK BOʻRIBOSARI” zotini saqlash Jamiyatini yaratdik, chunki koʻp asrlik tarixiga ega boʻlgan, mahalliy sharoitlarga ajoyib moslashgan itning yoʻqolib ketishiga yoʻl qoʻymaslik lozim deb topdik.

“OʻZBЕK BOʻRIBOSARLARI” zotini saqlab qolish jamiyati 2018 yil 26 fevraldan beri faoliyat koʻrsatmoqda. Hozirgi kunda jamiyat qaramogʻida 300 boshdan ortiq it roʻyxatga olingan. Ekspert-kinolog boshchiligida yaratilgan guruh Toshkent shahri, Toshkent viloyatining Olmaliq va Yangiyoʻl tumanlari, Samarqand hamda Fargʻona viloyatlarida mavjud boʻribosarlarning hozirgi jonboshini oʻrganib chiqdi. Oʻzbek boʻribosarining standarti ishlab chiqildi va tasdiqlandi.

Jamiyat oʻzining asosiy maqsadi qilib “Oʻzbek boʻribosarlari” zotini saqlash, zot bilan ishlash, zotdagi ilgʻor vakillarni aniqlash (sunʼiy tanlov) asosida naslni koʻpaytirish hamda barcha zarur boʻlgan zootexnikaviy va testing bilan bogʻliq tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish boʻyicha tegishli chora-tadbirlarini amalga oshirish va zoti populyatsiyasi jonboshini, umumiy holatini yaxshilab, tizimga solish qilib belgilangan.

Dunyodagi barcha haqiqiy mutaxassislar (“zavodchiklar”) Osiyo boʻribosarining toza naslini saralab olishga harakat qiladi. Boʻribosar zoti eng zoʻr yaxshi vakillarini, ruyxatdan oʻtkazib boʻribosar zoti populyatsiyasining umumiy ahvolini aniqlash va tizimga solish maqsadida test sinovlari oʻtkaziladi. Oʻzbek boʻribosarini test sinovlari bu itlarning ajralmas qismidir. Testlarni qabul qilishda, oddiy odam koʻp holatlarda ularga salbiy munosabatda boʻladi. Qoʻriqchilik ishi va “testlar” - bu ularning tayanchdir. Uni olib tashlang – boʻribosarlar Yer yuzidan yoʻq boʻlib ketadi!

Boʻribosarning test sinovlarida oʻldirishlar va vahshiyliklar yoʻq. Bu – faqat alohida zoologik tadbir boʻlib, hech qanday qimor oʻyinlariga va “it janglariga” aloqasi yoʻq. Boʻribosarlarning test sinovlari – bu qadimgi zotining muhim tarkib etuvchi xarakterini, ruhiy kuchi, jasoratini sinashdir. Test sinovlari qatʼiy reglamentlangan. Jang istalgan soniyada tugatilishi mumkin.

Boʻribosarlarni test sinovlari haqida havaskorlarning asosiy notoʻgʻri tushunchalari:

1) Egalari – itlarni majruh qilib oʻlimga mahkum etadigan shafqatsiz insonlar!
Shunday deb, itlar jangi (“staf, pitbuli” kabi maxsus ishlab chiqilgan jangovar it zotlarining ishtirokida) haqida eshitgan odamlar bu tushunchani boʻribosar itiga nisbatan ham adashib qoʻllashadi. Aslida, osiyolik itlarning kurashlari atigi bir necha soniyadan bir necha daqiqagacha davom etadi. Boʻribosarlar - raqibining kuchsizligining dastlabki namoyishdayoq – jangni toʻxtatadigan oliyjanob, mardonavor itlardir.

2) Siz ularni jang qilishga majburlaysiz!
Aslida, agar u istamasa, boʻribosarni kurashishga majbur qilishning iloji yoʻq, bu hech qanday mashgʻulot bilan mashq qilmaydigan tugʻma sifatdir! Jang boshlanmasdan oldin tugaydi - agar raqib qarshi zarba bermasa, yutqazadi. Bu yerda inson maʼlum bir tanlovni amalga oshiradi va naslchilikda faqat eng yaxshi boʻribosarlardan foydalanishga harakat qiladi.

3) Nimaga test sinovlarini, itlarga tumshuqbogʻlar kiydirib tadbirlarni tashkillashtirish mumkin emas?
Sport kurashi bilan taqqoslashga toʻgʻri keladi. Qoʻl va oyoqlari bogʻliq kurashgan kurashchilar qanday kurashish imkoniyatiga ega boʻladilar?

4) Ehtimol, bularning hammasi pul tufayli qilinar?
Test sinovlarda totalizatorlar yoʻqligini bilib, baʼzi “havaskorlar” xafa boʻlishadi.
Shov-shuvga sabab boʻlgan xodisalar borasida esa alohida taʼkidlab oʻtish joizki, bu zootexnik tadbir edi va unda faqat OʻZBЕK BOʻRIBOSARI Jamiyatining aʼzolari ishtirok etdi. Oʻzbek boʻribosarini test sinovlari bu itlarning ajralmas qismidir. Qoʻriqchilik ishi va “testlar” - bu ularning tayanchidir.

Uni olib tashlang - boʻribosarlar Yer yuzidan yoʻq boʻlib ketadi!

Manba: Kun.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Boʻribosar zotini saqlashni qimorbozlik bilan adashtirmang