08:35 / 05.04.2019
2 669

«Ilhom» teatri rahbarini o‘ldirgani uchun 20 yilga qamalgan shaxs Tojikistonga topshirildi

«Ilhom» teatri rahbarini o‘ldirgani uchun 20 yilga qamalgan shaxs Tojikistonga topshirildi
Toshkentdagi «Ilhom» teatri rahbari Mark Vaylni 2007 yilda o‘ldirganlikda ayblanib, 2010 yilning 17 fevral kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi hukmi bilan 20 yilga ozodlikdan mahrum qilingan Ëqub G‘afurov Tojikistonga topshirildi.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining Kun.uz’ga xabar berishicha, Tojikiston fuqarosi Yoqub G‘afurov 2010 yil fevral oyida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-(Qasddan odam o‘ldirish), 159-(O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish), 228-(Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) va boshqa moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, 20 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga Tojikiston Respublikasi Bosh prokuraturasidan Yo.G‘afurovni Tojikiston hududida amalga oshirilgan jinoyatlar uchun javobgarlikka tortish maqsadida tojik tomonining tegishli organlariga topshirish haqida so‘rov kelib tushgan.

2019 yilning 19 yanvar kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi yuqorida ko‘rsatilgan so‘rovni qanoatlantirgan va 2019 yil 12 fevral kuni sudlanuvchi Yo.G‘afurov 1993 yil 22 yanvardagi Fuqarolik, oilaviy va jinoiy

ishlar bo‘yicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar to‘g‘risidagi konvensiya hamda 2000 yil 15 iyundagi O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida topshirish to‘g‘risidagi bitimga muvofiq Tojikiston tegishli organlariga vaqtinchalik topshirilgan.

Bosh prokuratura xabarida aytilishicha, tojik tomoni G‘afurov keyinchalik O‘zbekistonga jazo muddatini o‘tashda davom etishi uchun qaytarilishi bo‘yicha kafolatlar bergan.

Eslatib o‘tamiz, «Ilhom» teatri rahbari va asoschisi, rejissyor Mark Vayl 2007 yilning 6 sentyabrida, teatrning 32-mavsumi ochilishidan bir kun oldin o‘z uyi yo‘lagida pichoqlab ketilgan va keyinchalik shifoxonada vafot etgandi.

Mark Vayl Toshkent, Moskva, Bolgariya, sobiq Yugoslaviya va AQShda o‘z spektakllarini qo‘yishga muvaffaq bo‘lgan. 1995 yilda «Ilhom» teatri qoshida teatr san’ati maktabini ochgan. Dunyoning turli davlatlaridagi teatr san’ati maktablari va universitetlarida leksiyalar o‘qigan.

Mark Vaylning Toshkent va Sietl (AQSh)da qo‘ygan «Tortil-Flet kvartali» (1996 y.) spektakli O‘zbekiston teatrlari festivalida eng yaxshi rejissyorlik asari uchun mukofotga loyiq topilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Ilhom» teatri rahbarini o‘ldirgani uchun 20 yilga qamalgan shaxs Tojikistonga topshirildi