09:15 / 05.04.2019
3 153

Prezident videoselektori: Poytaxtning 7 ta tumanida bosh soliqchilar ishdan olindi

Prezident videoselektori: Poytaxtning 7 ta tumanida bosh soliqchilar ishdan olindi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 4 aprel kuni 2019 yilning birinchi choragi yakunlari bo‘yicha Davlat byudjetiga tushumlar va eksport prognozlari ijrosi natijadorligi hamda birinchi yarim yillik uchun belgilangan ko‘rsatkichlarning so‘zsiz bajarilishini ta’minlash yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Birinchi chorakda mamlakatimiz bo‘yicha byudjet tushumlari to‘liq bajarilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2 barobar ko‘p ijro etilgan. Chorak yakuni bo‘yicha mahalliy byudjet daromadlari rejaga nisbatan 1 trillion 253 milliard so‘m ortig‘i bilan bajarilib, hududlar ixtiyorida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 barobar ko‘p mablag‘ qoldi.

«Mahalliy byudjetda qancha ko‘p daromad bo‘lsa, dolzarb bo‘lgan ijtimoiy masalalarni shuncha tezkorlik bilan hal qilish mumkin. Qo‘shimcha mablag‘lar, jumladan, «Beshta tashabbus», «Obod qishloq», «Obod mahalla», «Ichimlik suvi», «Har bir oila tadbirkor» kabi davlat dasturlarini joylarda tizimli amalga oshirish, xalqning daromadini ko‘paytirish va hayotini yaxshilash uchun zarur bo‘ladi», deya davlat rahbari so‘zlarini keltirmoqda prezident matbuot xizmati.

Shavkat Mirziyoyev ushbu vazifani hamma rahbar ham birdek anglab yetmayotganini keskin tanqid qilgan. Jumladan, byudjetga jami tushumlar prognozi 9ta tuman va shaharda bajarilmagan.

Ayniqsa, Toshkent shahrining o‘n bir tumanidan 7tasida jami tushum prognozi bajarilmagan. Ushbu tumanlar soliq inspeksiyalari rahbarlari lavozimlaridan ozod etildi (Uchtepa, Mirobod, Bektemir, Yunusobod, Mirzo Ulug‘bek, Shayxontohur va Sergeli tumanlari - tahr.).

Shahar hokimligi va soliq idoralari rahbarlarini byudjetga tushumlarni ta’minlashda sustkashlikka yo‘l qo‘yilganligi qattiq tanqid ostiga olindi.

Bunday holatlar boshqa viloyatlarda ham qayd etilgan. Shu sababli Davlat soliq qo‘mitasiga mahalliy byudjetga tushum prognozi bajarilmagan bir qator tuman va shahar soliq idoralar rahbarlarining lavozimiga loyiqligini tanqidiy ko‘rib chiqish topshirildi.

Ma’lumki, O‘zbekiston soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasining asosiy maqsadi soliq yukini teng taqsimlashdan iborat.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, soliq islohotlarini samarali amalga oshirish uchun hukumat oldida juda ko‘p vazifalar turibdi.
Jumladan, joriy yildan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari soni qariyb 5 baravarga oshgan.

Qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblashning samarali va sodda mexanizmlari samarali tashkil etilmagani sababli ushbu tizimga yangi o‘tgan 26 mingta korxonadan 9 mingtasi tegishli soliq hisobotlarini topshira olmagan.

Vazirlar Mahkamasi va Davlat soliq qo‘mitasiga bir oy muddatda xalqaro ekspertlar bilan birga O‘zbekistonda soliq islohotlarini amalga oshirishda vujudga kelayotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha qaror loyihasini ishlab chiqish topshirildi.

Byudjet tushumlarini ta’minlashdagi asosiy to‘siqlardan biri iqtisodiyotda norasmiy faoliyatning saqlanib qolinayotganidir.
Prezident bu boradagi ishlar natijalari mutlaqo qoniqarli emasligini ta’kidlagan. Shu sababli bu borada qabul qilingan dasturiy choralarni jonlantirish topshirilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Prezident videoselektori: Poytaxtning 7 ta tumanida bosh soliqchilar ishdan olindi