17:40 / 05.04.2019
5 214

Kolbasadan metall bo‘lagi chiqdi: Rozmetov bunga qanday izoh beradi?

Kolbasadan metall bo‘lagi chiqdi: Rozmetov bunga qanday izoh beradi?
Ijtimoiy tarmoqlarda Rozmetov kolbasalari haqida turli xabar va mahsulot surati tarqalgan edi.
Mazkur holat yuzasidan Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasi, O‘zA hamda “O‘zbekiston-24” radiosi hamkorlikda reyd o‘tkazdi.

“Rozmetov Z.M” korxonasi ijrochi direktori Zafar Rozmetov ijtimoiy tarmoqda tarqalgan mish-mishlarga o‘z munosabatini bildirdi.

– Negadir odamlarda birovning aybini topish va uni tarqatishga bo‘lgan qiziqish ortib bormoqda, – deydi Z.Rozmetov. – Atrofdagilarning shu kayfiyatidan foydalanib, guruhidagi a’zolari sonini ko‘paytirish uchun shunday salbiy xabarlarni uyushtiradiganlarning qilgan ishi bu. Yo‘qsa, kesilgan kolbasa orasidan chiqqan alyuminiy bo‘lagini tarqatgan iste’molchi biz bilan hamkorlik qilgan bo‘lardi. Hozir esa buning aksi bo‘lmoqda. O‘sha videoni tarqatgan inson “mahsulotni bersangiz, uni laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazib, aniqlik kiritamiz, temir bo‘lagi biznikimi yoki boshqanikimi?” degan taklifimizga qo‘pollik bilan “mahsulotni axlatga tashlab yubordim, meni tinch qo‘yinglar, sizlar bilan gaplashishni istamayman”, deb javob bermoqda.

– Sizning-cha, bu temir bo‘lagi nima bo‘lishi mumkin? Biror taxminingiz bormi?
– Korxonamiz xorijdan keltirilgan zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. Unda inson omilining ishtiroki chegaralangan. Rasmda ko‘rsatilgan temir kolbasani ikki chetini qisib qo‘yishda ishlatiladigan alyumindan tayyorlagan klipsa bo‘lishi mumkin. Avtomatik tarzda ishlaydigan bu uskunani ishchilar kuzatib turadi. Balki, tasodif tufayli temir kolbasaga tushib qolgan bo‘lishi mumkin, degan taxmin bilan aybni o‘zimizdan qidirgan edik. Lekin, bu taxmin bo‘lishi mumkin bo‘lgan holat oldida yuz foizdan bir foizni tashkil etadi. Bir necha yildan buyon bizda mahsulotlar metall detektordan o‘tkaziladi. Agar mahsulot tarkibida temir aniqlansa, u avtomatik tarzda chiqindiga tashlanadi.

Shunday bo‘lsa-da, vaziyatga aniqlik kiritish uchun iste’molchiga murojaat qilgan edik. Chunki yurtimizda bizdagi kabi klipsa ishlatadigan korxonalar sanoqli. Shuning uchun klipsani ushlab ko‘rib, uni kimga tegishli ekanini aniqlasa bo‘lardi. Bizga qilingan qo‘pol muomaladan keyin shubhamiz ortmoqda. Balki o‘sha insonning o‘zi temir bo‘lagini kolbasa orasiga tiqib qo‘ygandir. Kesilgan kolbasaning orasiga istalgan narsani tiqib qo‘yish mumkin. Yana bir taxmin, u boshqa ishlab chiqaruvchining mahsuloti bo‘lishi ham mumkin.

– Boshqa ishlab chiqaruvchi... bu so‘zlarni bejizga aytmayotgan bo‘lsangiz kerak. Avval ham korxona brendidan foydalanganlar bo‘lganmi?
– Bunday holat ko‘p kuzatilgan. Misol uchun, o‘tgan yili Toshkent viloyatidan ikkita sexni topgan edik. Ular bizning etiketkalarimizni bosmaxonada chiqarib, mahsulot chiqarishda foydalangan. Ularni Sog‘liqni saqlash vazirligining Sanitariya-epidemiologiya nazorati bosh boshqarmasiga yozib berganmiz. Ular tekshiruvdan keyin bu sexlarni yopishgan. Lekin, bizni nomimizdan foydalanib yurgan yashirin sexlarning hammasini ham topishga vaqtimiz yetmaydi.

– Agarda rasmlarni ijtimoiy tarmoqlarga tarqatgan iste’molchi bu mahsulotni sizlarga berishga va vaziyatga oydinlik kiritishga rozi bo‘lmasa, qanday yechim topmoqchisizlar?
– Hamkorlik borasidagi taklifimiz rad etilsa, bizda bitta yo‘l qoladi. U ham bo‘lsa, sud va advokatlar ko‘magida brendni himoya qilish. Axir, biz bir necha yildan buyon xalqqa sifatli va halol mahsulot ishlab chiqarish uchun harakat qildik. 2017 yilda Turkiyaga borib, “Halol” standartidan o‘tib keldik. Kushxona tashkil qilib, fermerlardan olingan qoramolni sog‘lig‘ini shu yerda tekshirib, talabga javob bersa, “Bismilloh...”ni aytib so‘ydiramiz. Yanada ishonchli bo‘lishi uchun zavoddan borgan odamlar tekshiradi. So‘ngra go‘sht ortilgan mashinaning yukxonasiga muhr qo‘yiladi. Zavod darvozasidan kirib kelgan go‘shtni muhrlangan mashinadan olib tushamiz. Buning hammasi yo‘lda yuz beradigan har xil voqealarni, xususan, sifatsiz go‘sht kelib qolishi tufayli brendimizga dog‘ tushib qolishining oldini olish uchun qilinadi. Axir korxonamiz nomini ommalashtirish, xalqning ishonchiga kirish uchun qariyb o‘ttiz yildan buyon mehnat qilamiz. Shunday vaziyatda qandaydir salbiy ovoza tarqatib, “uni yema, buni ye”, deyish noto‘g‘ri. Bizga qarshi, noto‘g‘ri talqin qilinayotgan xabarlarga qarshi biz qanday chora ko‘rishimiz mumkin? Ayni vaqtda biz, ishlab chiqaruvchilarning huquqini kim himoya qiladi? Shuning uchun huquqshunos yollab, ishlab chiqaruvchining haq-huquqlarini qanday himoya qilishni ko‘rib chiqmoqchimiz.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Kolbasadan metall bo‘lagi chiqdi: Rozmetov bunga qanday izoh beradi?