Davlat test markazi sudda yana bir abituriyentga yutqazdi

  • 06 aprel 2019, 20:48
  • 1 195
  • Jamiyat
  • Davlat test markazi sudda yana bir abituriyentga yutqazdi
    Kollaj: «Xabar.uz»
    Ha, shunday! Hafta muqaddam Davlat test markazi (DTM) mutasaddilari buxorolik abituriyent Sarvinoz Ibragimovani «48 soniya kechikkani» vaji bilan Buxoro davlat tibbiyot instituti talabasi bo‘lishdek baxtdan mosuvo etgani uchun sudda «qizargani» haqida keng jamoatchilik voqif etilgandi. Bu birinchi va, katta ehtimolki, oxirgi hodisa emas chog‘i. Jizzaxlik abituriyent Davron Tursunov ham ularni sudga berib, ko‘zi bilan «yer chizdirish»ga majbur qildi deb yozadi "Xabar" nashri.

    Yaqin-yaqingacha bunaqa voqelik tasavvurga sig‘masdi hatto. Axir salobatli Davlat test markazining «panjasiga panja urmoq» qayda?! Bunga jur’at qilib, DTM «zirhini yorish»-chi?

    Shukr, shukr, «tanka»yu «bunker»siz ham talaba bo‘lish imkoniyati tobora oshib bormoqda. Farzandini «o‘qishga kiritish» uchun pachka-pachka dollar ko‘tarib yurgan ko‘pgina ota-onalar endi malakali ustoz (repetitor) etagini tutishga o‘tmoqda (maktabda olgan bilim bilan talaba bo‘lish ehtimoli judayam past-da, bu endi alohida mavzu). Bunday ijobiy o‘zgarishlar qaysidir oliy o‘quv yurtiga kirish kimlargadir bir necha o‘n ming dollarga «tushgani» haqidagi isbot etish imkoni yo‘q haqiqatlarni bora-bora ertakka aylantirvorsa, ne ajab?!

    Mayli, o‘tgan, o‘tayotgan ishlarga salovot. Biz-da ortiqcha gaplarni yig‘ishtirib, suddan muzaffar chiqqan Davron Tursunov bilan yaqinroq tanishaylik.

    Davron Ulug‘bek o‘g‘li Tursunov! Jizzaxlik. Samarqand tibbiyot instituti qoshidagi 1-sonli akademik litsey tahsilidan so‘ng Toshkent tibbiyot pediatriya institutida o‘qishni ahd qildi. Ilk urinishi muvaffaqiyatsiz chiqqach, o‘tgan yili yana shu dargohga hujjat topshirdi. Test sinovlarida chakki natija qayd etmadi: 136,4 ball! Biroq bu talaba bo‘lish uchun kamlik qildi («kirish bali» 138,8 bo‘ldi o‘tgan yili). Nahot, yana bir yil umri shamolga sovuriladi? Yo‘q, bunaqa bo‘lishi mumkinmas. O‘tgan ikki yil mobaynida ozmuncha tayyorgarlik ko‘rdimi? Qaysi javobda xato qilgan bo‘lishi mumkin?

    Darhol apellyatsiya berdi va... o‘zining emas, DTMning xatosini topdi. Ya’ni, «Savollar kitobi»ning (№8114750) biologiya fanidan qo‘yilgan 57-savoliga belgilagan javobi aslida to‘g‘ri ekan. Biroq o‘sha to‘g‘ri javob «noto‘g‘ri» deb topilishi talaba bo‘lishiga yarim qadam qolgan yigit uchun to‘g‘onoqqa aylanibdi. Zero, biologiya fani «1-blok» savollari turkumidan bo‘lib, to‘g‘ri javobga 3,1 ball beriladi. Ushbu ball (3,1) Davron to‘plagan umumiy ballga (136,4) zarb etilsa, «139,5» hosil bo‘ladi, bu esa uning talaba bo‘lishi uchun yetib ortardi hatto (qaytaramiz, o‘tgan yili Toshkent tibbiyot pediatriya institutining davolash fakultetiga «kirish» 138,8 ball bo‘lgan!)

    Alam qiladimi?! Bo‘lmasa-chi?! Xato o‘zingdan o‘tsaku xo‘p-xo‘p, biroq o‘zgalarning xatosi kasofatiga yillab chekkan riyozatlaring chippakka chiqishi ikki karra alamli emasmi?!

    Davlat test markazi mutasaddilari abituriyentning asosli e’tirozlariga qaramay, o‘ziniki ma’qul, deya turib oldiki, qayta-qayta murojaatidan naf bo‘lmaganining sababi shu.

    Xullas, bitta savol javobi ustidagi g‘avg‘o-g‘urbat o‘tgan yilning noyabr oyigacha davom etdi. Bungacha talabalar tahsilni boshlab, bir semestrning yarimini «xatm» qilib ulgurgandi.

    Darvoqe, bahsga sabab bo‘lgan savol va uning to‘g‘ri javobi haqida.

    Ushbuni o‘qiyotgan barcha sidirg‘asi biologiya fanini yaxshi bilmas, ehtimol. Shu ma’noda savolni to‘laligicha keltirishdan ma’no yo‘qdek. Biroq masalaning o‘zak nuqtasi ayni savol va uning to‘g‘ri javobi ustida ketar ekan, kim tushunsin-tushunmasin, o‘sha «mash’um» 57-savolni keltirish shartday. Savol andoq edi: «Oziq zanjirida vidra (yirtqich hayvon), baliqlar, qisqichbaqasimonlar va suvo‘tlar bor. Uchinchi tartib konsumentlarining biomassasi 32 kg. bo‘lsa, oziq zanjiri barcha komponentlari iste’mol qilgan oziqning umumiy biomassasini (kg.) aniqlang?». Nimani tushundingiz? Bu-ku, mayli, ma’lum toifa tushunadigan biologiya fani bo‘yicha berilayotgan savol. Hatto o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha test savollari bayonidagi «jamalag-u gajjaklar» soha mutaxassislarining aqlini chuvalashtirib yuborayotgani bor gap, axir?!

    Xo‘p, chalg‘imaylik, yuqoridagi savolga javobi variantlari quyidagicha edi:
    A) 35520;
    V) 2800;
    S) 35552;
    D) 12852.

    Davron Tursunov «A» javobini belgilagandi. DTM mutasaddilari esa to‘g‘ri javob «S» variant ekanini da’vo qildi. Ikkala tomon o‘rtasidagi tortishuvlar, har kim o‘zinikini ma’qullab keltirgan quloch-quloch asoslarni bayon etmoqqa hojat yo‘q. Chunki so‘nggi qaror chiqarish DTMning qo‘lida ekan, o‘zinikini ma’qul deyaveradi-da baribir. Demak, bu dargohdan umid yo‘q. Bu yog‘iga abituriyentda bitta chora qoladi, xolos : sudga murojaat etish, vassalom!

    Shu tariqa Davron Tursunov Toshkent shahar Yunusobod tuman ma’muriy sudiga Davlat test markazi mansabdor shaxslari xatti-harakatlari ustidan shikoyat qildi.

    Endi suddagi holat ko‘ring: DTMning to‘rt nafar eksperti «S» javobi to‘g‘ri ekanini tasdiqlasa, sud majlisiga mutaxassis sifatida jalb etilgan besh nafar biolog (ularning biri professor!) «A» javobi to‘g‘ri ekanini ta’kidlaydi... Shu manzaraning o‘zi og‘riqli aslida. Rost-da, bitta savolning to‘g‘ri javobi xususida soha olimlariki (!) ikki xil xulosa berib turganda abituriyentda nima ayb?! (Davronning holatiga tushib, biroq taqdirga tan bergancha hujjatlarini olib ketgan abituriyentlar qancha ekan?!) Sud jalb qilgan mustaqil ekspert esa abituriyent belgilagan javob to‘g‘ri ekanini tasdiqladi!

    Endiyam munozaraga o‘rin qoldimi? Albatta, yo‘q!

    Alqissa, sud Davron Tursunovning arizasini qanoatlantirib, «...8114650-savollar kitobining biologiya fani 57-savoliga A) 35520 javob variantini to‘g‘ri» deb topdi va Davlat test markaziga Tursunov Davron Ulug‘bek o‘g‘li (belgilagan to‘g‘ri javob variantini) amaldagi tartib bo‘yicha (tegishli) ball bilan baholab, uni Toshkent tibbiyot institutiga talabalikka tavsiya etish majburiyatini yukladi. Sudning mazkur hal qiluv qarorining jaydaricha «tafsiri» shunday: Davron Tursunov talaba bo‘lishi shart, u bunga munosib ekanini isbotladi, qani, muhtaram DTM mutasaddilari, endi uni o‘zingiz «yiqitgan» institutga tiklab qo‘ying!

    DTM sud qarori bilan kelishmasligi tabiiy edi. Apellyatsiya shikoyati keltirdi. Mana, apellyatsiya shikoyatini ko‘ring, o‘qing. Yo‘q, gap uning mazmunida emas, balki qanchalik «savod» bilan yozilganida. Xulosa — o‘zingizga tan!

    Foto: «Xabar.uz»
    Shikoyat apellyatsiya tartibida murojaat qilish muddatining eng oxirgi sanasiga taqab berilganiga nima deysiz? To‘g‘ri, bunda g‘ayritabiiylik yo‘q. Biroq chorasizlikdan chora izlash borday («Chorasizlig‘ dardi har dam chorasizg‘a choradur»). Nima deyilmoqchi? Ko‘rib-bilib turibsiz: o‘tayotgan vaqt DTM foydasiga, Davron Tursunovning esa zarariga ishlamoqda. Ya’niki, vaqt o‘tgan sari o‘quv yili ham oyoqlab boraveradi, o‘quv yilining oyoqlab borishi esa sudda yutgan yigitni talabalar safiga tirkab qo‘yish imkoniyatini cheklab boraveradi-boraveradi... Hal qiluv qarorining apellyatsiya instansiyasida ko‘rilishi esa muayyan fursat talab qilishi tabiiy. Shunday ekan, imkon boricha «vaqt o‘ldirilishi» DTM tegirmoniga suv qo‘ymaydimi?!

    Yunusobod tumani ma’muriy sudining hal qiluv qarori o‘tgan yilning 10 dekabr sanasida chiqqan edi. Ushbu qaror apellyatsiya instansiyasida ko‘rilib chiqilguncha 2019 yilning fevrali ham poyoniga yetdi! Hal qiluv qarori o‘zgarishsiz qoldiku-ya, biroq shu jarayonning o‘zi ikki oy-yu o‘n kunni «yeb qo‘ydi»-da. Ustiga ustak, sud hujjati qonuniy kuchga kirganiga, mana, bir oydan oshdi. Ijrodan esa hanuz darak yo‘q... Vaholanki, o‘quv yili tugashiga uch oy nari-berisida vaqt qoldi, xolos.

    Ayting, ijrosiz sud qarorining oddiy qog‘ozdan nima farqi bor? Birorta odamning kommunal to‘lovdan arzimas qarzi bo‘lsa, «uchib keladigan» Majburiy ijro byurosi azamatlari yosh yigitning kelajagiga ta’sir qiluvchi mazkur sud qarori ijrosini paysalga solayotganini tushunmaysan kishi.

    Shu o‘rinda yana bir gap. Fuqaroviy-huquqiy munosabatlarga doir nizolar yuzasidan chiqariladigan sud qarorlari orasida «darhol ijro etilishi shart» bo‘lganlari bor. Ishga tiklash, alimentlar, uch oygacha bo‘lgan ish haqi, sog‘liqqa yetkazilgan zarar, boquvchisini yo‘qotganligi oqibatida tovon puli undirish haqidagi sud qarorlari shular jumlasiga kiradi. Buyam ijtimoiy himoyaning bir ko‘rinishi aslida. Chunki, sud qarori tegishli tartibda yuqori instansiyada ko‘rilib, to qonuniy kuchga kirguncha (bunga ikki oydan kam vaqt ketmaydi) majburan bekor qolgan yoki kamxarj fuqarolarning ijtimoiy-maishiy holatini battar tang qilishi mumkin. Mantiqan olib qaralganda, Davron Tursunov tushgan holat, uning arizasi yuzasidan chiqarilgan sud qarori ham «darhol ijro etilishi shart» bo‘lgan sud hujjatlariga toifasiga kiradigandek. To‘g‘ri, misolimizdagi sud hujjati fuqaroviy-huquqiy munosabatlardan ko‘ra ommaviy-huquqiy munosabatlarga oid nizolarga kiradi. Biroq vaziyat shundayki, o‘tayotgan vaqt Davronning ijtimoiy holatiga ta’sir etibgina qolmay sud qarori ijrosida muammolar paydo qilishi ehtimolini oshirmoqda. O‘ylang: o‘quv yili poyonida talabalar safiga tirkalgan bola o‘tgan dars-mashg‘ulotlarini qachon o‘zlashtirib, qachon sessiya topshirishga ulguradi?! Bu muammo ustiga muammo tug‘dirmaydimi?! Muhtaram qonun ijodkorlari bu borada jiddiy mushohada qilishi kerakka o‘xshaydi.

    Uzr, bu mulohazalar bilan voqelikdan ancha ilgarilab ketdik. Davron Tursunov hali talabalar safiga qo‘shilgani yo‘q, holbuki, qo‘lida O‘zbekiston Respublikasi nomidan chiqarilgan sud qarori turibdi. Mamlakat nomidan qabul qilingan sud hujjatining ijro etilmayotgani shu yurtning kelajagi bo‘lgan Davron Tursunov timsolida yosh avlodning ruhiyatiga nechog‘liq ta’sir qilishi mumkin?

    Birniki mingga, mingniki tumanga, degan gap bor, axir?!

    » » Davlat test markazi sudda yana bir abituriyentga yutqazdi