Prezident Toshkent shahri barchaga o‘rnak bo‘lishi kerakligini aytdi

  • 08 aprel 2019, 23:20
  • 633
  • Jamiyat
  • Prezident Toshkent shahri barchaga o‘rnak bo‘lishi kerakligini aytdi
    Foto: Prezidentning matbuot xizmati
    Shavkat Mirziyoyev raisligida 8 aprel kuni joriy yilning birinchi choragida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va xalqaro moliya tashkilotlari ishtirokidagi loyihalarning amalga oshirilishini tahlil qilish, birinchi yarim yillikka doir vazifalarni belgilash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar bergan edik.

    Yig‘ilishda Toshkent shahriga sarmoya jalb etishni kengaytirish, investitsiya loyihalari uchun yer uchastkalari va davlat mulki ob’ektlari berish borasidagi ishlar ham muhokama qilindi. Poytaxtimiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha barchaga o‘rnak bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi.

    Hududlar va tarmoqlarda loyihalarning amalga oshirilishini monitoring qilish, yuzaga kelgan muammolarni tezkor aniqlab, hal etish bo‘yicha elektron axborot tizimini qisqa muddatda ishga tushirish zarurligi qayd etildi.

    Xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikdagi ishlar tahlil qilinar ekan, ijtimoiy sohalardagi loyihalar aholi turmushi uchun muhimligi, ular o‘z muddatida va sifatli amalga oshirilishi kerakligi ta’kidlandi. Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida 4 ta, Suv xo‘jaligi vazirligida 4 ta, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligida 3 ta loyiha bo‘yicha ishlar kechikayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

    Bunday loyihalarni muvofiqlashtirishni takomillashtirish uchun Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi kabi xalqaro moliya institutlari bilan bevosita ishlaydigan vazirlik va idoralar belgilandi.

    Videoselektorda oliy darajadagi tashriflar yakuniga ko‘ra tasdiqlangan «yo‘l xaritalari» ijrosiga ham e’tibor qaratildi.

    Ma’lumki, ular doirasida 700 ga yaqin investitsiya bitimi imzolangan. Hisob palatasi tomonidan kelishuvlarning ma’lumotlar bazasi yaratilgan, ularning ijrosi bo‘yicha monitoring va nazorat o‘rnatilgan.

    Prezidentimiz «yo‘l xaritalari»dagi chora-tadbirlarni tez va izchil amalga oshirish, bu borada hukumatlararo komissiyalarning faoliyatini jonlantirish zarurligini ta’kidladi.

    Vazirlar Mahkamasiga har bir davlat bilan hamkorlik yo‘nalishlarining asosiy xususiyatlaridan kelib chiqib, hukumatlararo komissiyalar tarkibini qayta ko‘rib chiqish vazifasi qo‘yildi.

    Keyingi yildan boshlab investitsiya dasturlari uch yillik qilib shakllantirilishi, barcha tarmoqlar va hududlar bunga tayyorgarlikni bugundan boshlashi zarurligi ta’kidlandi.

    Muhokama qilingan masalalar bo‘yicha galdagi muhim vazifalar belgilab berildi.

    » » Prezident Toshkent shahri barchaga o‘rnak bo‘lishi kerakligini aytdi