Toshkentda ko‘p qavatli uylardagi turar joylarni sotish tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasi e’lon qilindi

  • 09 aprel 2019, 15:06
  • 680
  • Jamiyat
  • Toshkentda ko‘p qavatli uylardagi turar joylarni sotish tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasi e’lon qilindi
    Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Toshkent shahrida 2017-2021 yillarda qurilgan ko‘p qavatli uylardagi turar joylarni sotish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi Toshkent shahar hokimligining qaror loyihasi joylashtirildi.

    Toshkent shahrida qurilgan ko‘p qavatli uylardagi turar joylarni sotib oluvchi talabgorni aniqlash tartibi

    Tuman hokimliklarida tashkil etilgan komissiyalar:
    Toshkent shahrida yashovchi yosh oilalar, eskirgan uy-joylarda istiqomat qiluvchilar va yashash sharoitini yaxshilashga muhtoj fuqarolar, shu jumladan Toshkent shahrida 10 yildan kam bo‘lmagan davrda doimiy ro‘yxatda (propiskada) turgan byudjet tashkilotlaridagi Davlat xizmatchilari va ishchilari mazkur nizomda belgilangan hujjatlarni qabul qilgan holda va ushbu nizomda belgilangan tartibda aniqlashni amalga oshiradi.

    Talabgor quyidagi mezonlardan biri bo‘lgan taqdirda aniqlanadi:
    a) yosh oilalar (nikoh qayd etilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nushasi taqdim etish);
    b) eskirgan uy-joylarda istiqomat qiluvchilar (“Toshuyjoyloyiha” instituti xulosasini taqdim etish);
    v) yashash sharoitini yaxshilashga muhtoj fuqarolar:
    - bir uyda (bir turar joyda) boshqa oila yoki boshqa oilalar bilan birgalikda yashash (doimiy ro‘yxatda turgan boshqa oilaga tegishli hujjatlar taqdim etish);
    - turar joy maydonining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan turar joy maydonining ijtimoiy normasiga muvofiq emasligi (uyning kadastr jildi, uy daftari nusxasi taqdim etish);
    - o‘z uy-joyining yo‘qligi va ijara hamda bepul foydalanish shartlarida turar joyda yashash (Yergeodezkadastr) Davlat qo‘mitasi hududiy bo‘linmasining Toshkent shahrida fuqaroning nomida uy-joy yo‘qligi to‘g‘risida ma’lumotnoma taqdim etish).

    g) Toshkent shahrida 10 yildan kam bo‘lmagan davrda doimiy ro‘yxatda (propiskada) turgan Davlat tashkilotlari xodimlari (ish joyidan tavsiyanoma (birinchi rahbar imzosi bilan) va fuqaroning Toshkent shahrida kamida 10 yil mobaynida doimiy ro‘yxatda turganligi haqida ma’lumot taqdim etish).

    Talabgorlar komissiyaga nizomda ko‘rsatilgan hujjatlardan tashqari quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
    a) ariza;
    b) pasport nusxasi;
    v) talabgorning to‘lovga layoqatliligi (talabgorning, uning oila a’zolarining va birgalikda qarz oluvchi boshqa talabgorlarning daromadlari manbalari).

    Taqdim etilgan hujjatlarning haqiqiyligi va ishonchliligi uchun uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan talabgor va hujjatni taqdim etgan organ javob beradi.

    Hujjatlar ilova qilingan ariza ro‘yxat bo‘yicha qabul qilinadi, uning nusxasiga hujjatlar qabul qilgan sana to‘g‘risida belgi qo‘yilgan holda talabgorga tilxat bilan topshiriladi.

    Arizalar alohida jurnalda ro‘yxatdan o‘tkazilgan holda elektron reyestrga kelib tushgan sanaga qarab ketma-ket kiritiladi.
    Arizalarni dastlab jurnaldan ro‘yxatdan o‘tkazmasdan ko‘rib chiqish taqiqlanadi.
    Komissiya arizalarni ular kelib tushgan sanasi va jurnalda ro‘yxatdan o‘tkazish tartib raqamiga ko‘ra ko‘rib chiqadi.
    Komissiyalar tomonidan arizalar kelib tushgan sanadan boshlab 10 kunlik muddat ichida ko‘rib chiqiladi.

    Komissiya talabgorlar tomondan taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqishda talabgorlarning to‘lovga layoqatliligini (talabgorlarning, uning oila a’zolarining va birgalikda qarz oluvchi boshqa talabgorlarning daromadlari manbalarini), shuningdek ushbu nizom talablariga muvofiqligini o‘rganadi va tekshiradi.

    O‘rganish natijalari bo‘yicha talabgorlarga ko‘p qavatli turar joylardagi xonadonlarni biriktirish haqida qaror qabul qiladi. Ariza rad etilgan taqdirda, rad etishning aniq va asoslangan sabablari ko‘rsatilgan holda rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi va arizachiga ma’lum qiladi.

    Turar joyni biriktirish haqidagi qarorda talabgorlarning to‘lovga layoqati, shuningdek unga biriktirilgan turar joyning rekvizitlari (ko‘p qavatli uyning manzili, uy raqami, xonadon raqami va xonalar soni, turar joy joylashgan qavati) aks ettirilishi kerak.

    Turar joyni biriktirishni rad etish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan taqdirda ikki ish kuni mobaynida talabgorlarga rad etish sabablarini bartaraf etib, hujjatlarni takroran taqdim etishi mumkin bo‘lgan muddat ko‘rsatilgan yozma bildirishnomani yuboradi (topshiradi), shuningdek, zarur hollarda qarorning nusxasini bankning tegishli filialiga yuboradi.

    Talabgorlar turar joyni biriktirish rad etilishi sabablarini bartaraf etib va hujjatlarni takroran ko‘rib chiqish uchun taqdim etishga haqli bo‘lgan muddat, turar joyni biriktirish rad etilishi to‘g‘risida yozma bildirishnoma olingan kundan boshlab o‘n ish kunidan kam bo‘lishi mumkin emas.

    Talabgorlar tomonidan berilgan ariza rad etilishi to‘g‘risidagi yozma bildirishnomada ko‘rsatilgan muddat tamom bo‘lgandan keyin ko‘rib chiqilmaydi.

    Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan va turar joyni biriktirish rad etilgan talabgorlar keyingi yilda ko‘p qavatli uylardagi turar joyni biriktirish to‘g‘risida takroriy ariza berishga haqlidir.

    Ko‘p qavatli uylardagi turar joyni sotishni rasmiylashtirish tartibi
    Sotuvchi ko‘p qavatli uyning davlat qabul akti imzolangandan keyin uyning kadastr hujjatlarini rasmiylashtiradi (rasmiylashtirish xarajatlari xonadon mulkdorlari tomonidan qoplanadi) va turar joylarni oldi-sotdi shartnomasi orqali sotadi.

    Sotuvchiga ko‘p qavatli uylardagi turar joyni sotish bo‘yicha oldi-sotdi shartnomalarni Toshkent shahar hokimiyati nomidan imzolash vakolati beriladi.

    Talabgorlar o‘z nomiga ipoteka kreditini ajratish to‘g‘risidagi kafolat xatini taqdim qiladilar. Kafolat xati va turar joy oldi-sotdi shartnomasi Davlat orderini berish uchun asos hisoblanadi.

    Shuningdek, ko‘p qavatli uydagi turar joyni sotib olishda ipoteka kreditini rasmiylashtirish uchun dastlabki badalni shakllantirish talabgor hisobidan yoxud yuridik shaxs — ish beruvchidan olingan mablag‘lar hisobidan amalga oshirilishi mumkin.

    Ko‘p qavatli uylardagi turar joyni sotib olish uchun turar joyni biriktirish haqidagi qarorda ko‘rsatilgan talabgorlar turar joyni sotib olish uchun zarar hollarda ipoteka krediti rasmiylashtiradilar.

    Turar joyning oldi-sotdi shartnomasi sotuvchi va talabgor o‘rtasida tuziladi va imzolanadi.

    Turar joylarni sotib olish kvartiraning qiymatini to‘liq to‘lash yo‘li bilan talabgorlarning shaxsiy jamg‘armalari (mablag‘lari), korxonalar va tashkilotlarning mablag‘lari, shuningdek imtiyozli shartlarda beriladigan kreditlar, ssudalar evaziga amalga oshirilishi mumkin.

    Sotuvchi tomonidan tasdiqlangan oldi-sotdi shartnomasi nusxasi, bank tomonidan taqdim etilgan kafolat xati yoki turar joy bahosi to‘langanligi to‘g‘risidagi to‘lovni tasdiqlovchi hujjat, talabgorning pasport nusxasi “Toshkent shahar uy-joylarga davlat orderlari va ma’lumotnomalar berish Markazi” DUKga taqdim etiladi.

    Ko‘p qavatli uylardagi turar joylarga mulk huquqini tasdiqlovchi davlat orderini rasmiylashtirish tartibi

    “Toshkent shahar uy-joylarga davlat orderlari va ma’lumotnomalar berish Markazi” DUK tomonidan sotuvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlar asosida uch ish kuni mobaynida talabgor nomiga mulk huquqini tasdiqlovchi davlat orderi rasmiylashtirib beriladi.

    Talabgor tomonidan mulk huquqini tasdiqlovchi davlat orderi olingandan so‘ng, belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi kerak.

    Ko‘p qavatli uydagi turar joyga fuqaroning mulk huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda «Yergeodezkadastr» davlat qo‘mitasining hududiy bo‘linmasi qonun hujjatlari asosida ayni bir vaqtda ipotekaning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini rasmiylashtiradi.

    Qonun hujjatlari asosida ipotekaning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi alohida ariza berilmasdan va ro‘yxatdan o‘tkazish ishlari o‘rnatilgan tartibda amalga oshiriladi.

    » » Toshkentda ko‘p qavatli uylardagi turar joylarni sotish tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasi e’lon qilindi