Harbiy xizmatga ketuvchilar endi maxsus tanlovlardan o‘tkaziladi

  • 10 aprel 2019, 12:15
  • 761
  • Jamiyat
  • Harbiy xizmatga ketuvchilar endi maxsus tanlovlardan o‘tkaziladi
    Hukumat qarori (291-son, 09.04.2019 y.) bilan Chaqiriluvchilarni tanlab olish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi telegram kanali xabar bermoqda.

    Mazkur nizom chaqiriluvchilarni harbiy-texnika mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorgarlikka jalb etish va muddatli harbiy xizmatni o‘tash uchun tanlab olish tartibini belgilaydi.

    Tanlov chaqiriluvchilarning umumjismoniy tayyorgarligini baholash, kasbiy tanlov va yakka tartibda suhbat shaklida tuman hokimi qarori bilan tasdiqlanadigan Tanlov kengashi tomonidan amalga oshiriladi.

    Tanlov chaqiruv yilidan avvalgi yilning 10 avgustidan chaqiruv yilining 10 fevraligacha o‘tkaziladi.
    Tanlovda ishtirok etishda chaqiriluvchilarning soni cheklanmaydi.

    Chaqiriluvchilarning umumjismoniy tayyorgarligini baholash quyidagi normativlar bo‘yicha o‘tkaziladi:
    - turnikda tortilish;
    - 100 metrga yugurish;
    - 3000 metrga yugurish.

    Mazkur normativlarni topshirmagan chaqiriluvchilar kasbiy tanlov tadbirlariga qo‘yilmaydi.
    Kasbiy tanlov kompyuterda ishlanadigan 60 ta savollarga javob berish orqali tashkil etiladi.

    Savollar maktab, kollej hamda litsey dasturlari doirasida tuziladi hamda savollarni ishlash uchun 1 soat 30 daqiqa vaqt beriladi.
    Savol-javoblarning yakuniy bahosi monitorda avtomatik ko‘rinadi hamda kasbiy tanlovni takroran topshirishga ruxsat berilmaydi.

    Yakka tartibdagi suhbat videokuzatuv kameralari nazoratida O‘zbekiston tarixi, Amir Temur tuzuklari va boshqa ulug‘ ajdodlarimiz hayoti va faoliyatiga doir bilimlarni aniqlash orqali amalga oshiriladi.

    Yakka tartibdagi suhbat yakunida Tanlov kengashi chaqiriluvchini harbiy-texnika mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorgarlikka jalb etish yoki muddatli harbiy xizmatni o‘tash uchun tavsiya etish yoki tavsiya etmaslik bo‘yicha qaror qabul qiladi.

    » » Harbiy xizmatga ketuvchilar endi maxsus tanlovlardan o‘tkaziladi