14:40 / 10.04.2019
3 743

Amnesty International xalqaro tashkiloti Rashid Qodirov bo‘yicha bayonot bilan chiqdi

Amnesty International xalqaro tashkiloti Rashid Qodirov bo‘yicha bayonot bilan chiqdi
Amnesty International huquqni himoya qilish xalqaro tashkiloti O‘zbekiston sobiq bosh prokurori, korrupsiyada ayblanib hibsga olingan Rashid Qodirovga nisbatan qiynoqqa solish holatlari kuzatilgan bo‘lishi mumkinligi bo‘yicha tashvish mavjudligi haqida ma’lum qildi.

Amnesty International shu yilning 8 aprelida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga yuborilgan maktubni e’lon qildi. Inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro tashkilot o‘z murojaatida davlat rahbarini «Rashid Qodirov va sobiq bosh prokuror ishi bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortilgan qolgan 12 nafar sobiq amaldorni qiynoqqa solish hamda g‘ayriinsoniy munosabatda bo‘lish holatlaridan himoya qilish, shuningdek, ularning malakali tibbiy yordam olishlari uchun shart-sharoit yaratish»ga chaqirdi.

Inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro tashkilotning o‘z maktubida ishonchli manbalar ma’lumotga tayangan holda yozishicha, «tergov izolyatorida Rashid Qodirovni uyqudan mahrum qilishmoqda va jismoniy zo‘ravonlik qo‘llashmoqda».

Bundan oldin, Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining navbatdagi majlisida davlat ayblovchisi sudlanuvchi Rashid Qodirovga yangi ayblov e’lon qilgani xabar berilgandi. Ayblov aynan nimalardan iboratligi aniq emas, chunki bu haqda rasmiy ma’lumot berilmayapti.

O‘zbekiston prokuraturasini 2000 yildan 2015 yilning apreligacha, 15 yil davomida boshqargan Rashid Qodirov 2018 yilning 22 fevralida Toshkent shahrida Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida qo‘lga olingandi. Unga nisbatan «Tovlamachilik», «Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish», «Pora olish» moddalari bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan. Shuningdek, ushbu jinoyat ishi bo‘yicha bosh prokurorning sobiq o‘rinbosarlari hamda Toshkent viloyatining sobiq prokurorlari bo‘lmish Jamshid Fayziyev va Ulug‘bek Sunnatov ushlangandi.

Keyinroq ish doirasida yana o‘ndan ortiq kishi qamoqqa olindi. Ular orasida Toshkent shahar prokurorining korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlar bo‘yicha sobiq o‘rinbosari, adliya maslahatchisi Mirag‘lam Mirzayev va unga yaqin bo‘lgan boshqa prokurorlar ham bor edi.

«Qodirov ishi» ishi doirasida jami 21 kishi qamoqqa olingan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Amnesty International xalqaro tashkiloti Rashid Qodirov bo‘yicha bayonot bilan chiqdi