18:55 / 10.04.2019
4 166

O‘zbekistondagi maktablarda yangi tizim joriy etiladi

O‘zbekistondagi maktablarda yangi tizim joriy etiladi
Xalq ta’limi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida "KUNDALIK" ta’lim platformasidan foydalanish bo‘yicha o‘quv-seminar o‘tkazildi. Besh kun davom etgan seminarda ishtirokchilarga elektron jurnalni to‘ldirish, unga uy vazifalari va dars rejalari hamda e’lonlarni kiritish, o‘quvchilarni baholash hamda tizimni boshqarish bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi.

O‘quv mashg‘ulotlaridan so‘ng ishtirokchilar "KUNDALIK"ni amaliyotda sinab ko‘rib, platformani ishlab chiqaruvchilariga o‘z fikrlarini bildirishdi. Kelgusi o‘quv yilidan O‘zbekistondagi barcha maktablarda mazkur tizimni joriy etish borasidagi pedagoglar taklifi mutaxassislar tomonidan inobatga olindi.

2018 yilning oktyabr oyida Xalq ta’limi vazirligi hamda "KUNDALIK" kompaniyasi maktabda elektron jurnal va kundaliklarni joriy etish bo‘yicha loyihani amalga oshirishi to‘g‘risida xabar berilgan edi. Mazkur tashabbus ta’lim jarayoniga AKTni joriy etish bo‘yicha kelib tushgan arizalarni o‘rganish natijasida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ma’qullangan. Endilikda “KUNDALIK” kompaniyasi barcha xarajatlarni o‘z zimmasiga olgan holda mazkur tizimni joriy etish, faoliyatini ta’minlash va rivojlantirish ishlarini olib boradi.

Tizim onlayn tarzda o‘qituvchilarni darslarini rejalashtirish, dars jadvallarini tuzish, o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasi va davomatini elektron jurnal va kundaliklarda qayd etib borish, shuningdek, ta’lim boshqaruv organlari va muassasalarga statistik hisobotlarni shakllantirish uchun xizmat qiladi.

“KUNDALIK” tizimi o‘quvchilar va ularning ota-onalariga 24 soat davomida baholar va uy vazifalari haqidagi ma’lumotlarni kuzatib borish imkonini beradi. Shu bilan birga, ular himoyalangan ijtimoiy tarmoq orqali muloqot qilishlari hamda onlayn kutubxona va ta’limga oid media resurslardan foydalanishlari mumkin.

- Bugungi kunda O‘zbekiston maktablarida elektron jurnalni joriy etish bo‘yicha “KUNDALIK” loyihasini amalga oshiryapmiz. Tizim bilan ishlash uchun internetga ulangan kompyuter kifoya. Bundan tashqari, o‘qituvchilar mobil qurilmalar uchun moslashtirilgan versiyasidan ham foydalanishlari mumkin, - deydi kompaniya vakili Yuriy Boyko.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistondagi maktablarda yangi tizim joriy etiladi