15:18 / 12.04.2019
3 255

Jahongir Ortiqxo‘jayevning Toshkentdagi «snos»lar haqidagi maqoladan keyin Guardian’ga javobi

Jahongir Ortiqxo‘jayevning Toshkentdagi «snos»lar haqidagi maqoladan keyin Guardian’ga javobi
Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev The Guardian tahririyatiga maktub yozib, unda «Ogohlantirishsiz ko‘chirish: Toshkentda uy-joylarni to‘satdan buzish g‘azabga sabab bo‘lmoqda» maqolasidan afsusda ekanini bildirdi. Britaniya nashri o‘z saytida shahar hokimi maktubini e’lon qilgan.

Guardian’ning yozishicha, «snos»lar natijasida Toshkentda o‘z uyidan kamida 10 ming kishi ko‘chirilgan. Bundan tashqari, 30 ming kishining uyi buzilish xavfi ostidadir.

«2,4 million odam yashaydigan Toshkentda buzilish holatlarining aksariyati ko‘chmas mulk narxlari eng yuqori bo‘lgan markazda yuz bermoqda. Amaldorlar ko‘chmas mulk bilan maxfiy bitimlarda boyish maqsadida odamlarni uylaridan haydab chiqarmoqda. Ular ko‘pincha buzilishlarni oqlab, yer «davlat ehtiyojlari uchun» zarur ekanini bildirishmoqda», - deyiladi 2 aprel kuni e’lon qilingan maqolada.

«Men sizlarning maqolangizni hayratda qolib, afsus bilan o‘qib chiqdim», - deya javob qaytargan Ortiqxo‘jayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, maqola muallifining odamlar ko‘chirilishi haqida ogohlantirilmayotgani to‘g‘risidagi fikr noto‘g‘ridir. Ularning barchasi xabardor qilinmoqda, degan hokim. Bundan tashqari, maqola muallifi poytaxt ma’muriyati bilan bog‘lanmagan, bu keltirilgan raqamlar to‘g‘riligini tekshirishga imkon bermagan.

«Toshkentda ko‘chmas mulkni buzish bo‘yicha istalgan harakat o‘zidan-o‘zi ro‘y bermayapti. Bu ko‘p kvartirali uylar og‘ir, yarim vayrona holatda bo‘lganida sodir bo‘lmoqda. Ko‘p hollarda bu tumanlarda infratuzilma suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimining to‘liq yangilanishini talab qiladi», - deb yozadi o‘z maktubida Ortiqxo‘jayev.

Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston qonunchiligiga binoan binolarni buzish fuqarolarni to‘liq xabardor etmasdan va tovon puli to‘lamasdan amalga oshirilmaydi.

«Biz shahrimiz aholisining hayotini, uy-joy fondining sifati va xavfsizligini yaxshilashga harakat qilmoqdamiz. Barcha fuqarolarga yaxshilangan sharoitlar taklif etildi hamda hech qanday qonun buzilmadi», - deya qayd etgan hokim.

Maktub yakunida u Guardian’ni yana Toshkentga tashrif buyurib, shahar haqida ko‘proq ma’lumot olish uchun ma’muriyat vakillari bilan uchrashishga taklif qilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Jahongir Ortiqxo‘jayevning Toshkentdagi «snos»lar haqidagi maqoladan keyin Guardian’ga javobi