17:38 / 12.04.2019
6 171

Endi yosh oilalar uchun imtiyozli uyga navbat bo‘lmaydi...(mi?)

Endi yosh oilalar uchun imtiyozli uyga navbat bo‘lmaydi...(mi?)
Avval xabar berganimizdek, bugun Toshkent shahar Sergeli tumanidagi “Choshtepa” MFY hududida 150 yosh oilaga “Yoshlar uyi” tantanali topshirildi.

Unda ishtirok etgan muxbirimiz O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi yuridik xizmat bo‘limi mudiri Bahrom Ilhomjonovdan “Yoshlar uylari”ning berilish tartibi, yuzaga kelgan navbatlar xususida so‘radi.

– Vazirlar Mahkamisining tegishli qarori asosida mamlakat ijtimoiy hayotida faol qatnashayotgan yoshlar uchun uy-joylar taqdim etish tartibi belgilangan. Unga muvofiq, “Yoshlar uylari”ni olish uchun nomzodlar asosiy uchta talabga javob berishi kerak bo‘ladi, – deydi B.Ilhomjonov. – Birinchi asosiy talab – nomzodlarning yoshi 30 dan oshmagan bo‘lishi lozim. Ikkinchi talab – yosh oilalar, ya’ni er yoki xotinning nomida mulk huquqi asosida turar joylarning mavjud emasligi. Uchinchisi – mamlakat ijtimoiy hayotida faolligi, tengdoshlariga namuna bo‘lishi, o‘z sohasida yutuqlarining mavjudligi. Agar yosh xodimning hali yutuqlari bo‘lmasa, o‘zi mehnat qilayotgan jamoada obro‘ga, tashkilot rahbariyati tomonidan berilgan ijobiy tavsiyanomaga ega bo‘lishi lozim.

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 23 sentyabrdagi “Mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan ta’minlashni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, bu uylarning oldindan to‘lanadigan badal to‘lovi Yoshlar ittifoqi tomonidan to‘lab beriladigan bo‘ldi.

Mazkur qarorga ko‘ra, 2018-2021 yillarda har yili respublikamizning barcha hududlarida yoshlar uchun 2149 xonadonli yangi uylar qurilishi rejalashtirilgan.

O‘tgan 2014 yildan 2017 yilgacha bo‘lgan davrda respublikamizda qariyb ming xonadondan iborat uylar qurilgan. Bu davrda Toshkent shahrida yashovchi 100-150 yosh uy bilan ta’minlangan. Yangi uyga ehtiyoji bor poytaxtlik yoshlar esa o‘rtacha 200-250 nafarni tashkil etgan. Shu bois, tabiiyki, yillar davomida navbat to‘planib qolgan edi. Bu yil Toshkent shahrida yashayotgan yoshlarga 840 xonadondan iborat ko‘p qavatli uylar topshiriladi. Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda Toshkent shahrida hisobda turgan yoshlar soni 500 nafarni tashkil etmoqda. Yil oxiriga qadar ularning barchasi yangi uylarga ko‘chib o‘tishi rejalashtirilgan. Kelgusida qurilayotgan uylar soni ortishi bilan ortiqcha navbatlar ham tugaydi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Endi yosh oilalar uchun imtiyozli uyga navbat bo‘lmaydi...(mi?)