08:50 / 13.04.2019
3 908

Qachongacha qishloq ayollari o‘tin uchun ketmon chopadi?

Qachongacha qishloq ayollari o‘tin uchun ketmon chopadi?
Aytishlaricha, janubiy viloyatlarda fermerlar mavsumiy ishchilarni yollay boshlabdi. Ochiqrog‘i, ketmonchi xotin-qizlarga yarim-bir gektardan g‘o‘za maydonlari bo‘lib berilmoqda, deb yozmoqda "Xolis fikr" telegram kanali.

Har bahorda shu bo‘lar takror, deganiday bu yilgi bu tadbirning ham farqli tomonlari yo‘q. Qishloq ayollari chekiga tushgan shu maydonda endi yerni yorib chiqqan chigitlarni papalab parvarishlab beradi.

Boshlab yagana qiladi. Chigit quyuqroq chiqqan bo‘lsa, nihollarni yana bir siyraklatib chiqadi. Keyin chopiqqa tushadi, g‘o‘zalar to shonalagunicha kamida 4-5 marta ketmonda tagini yumshatadi. Bularning orasida begona o‘tlarni o‘rib chiqadi. Hatto, chekanka qilish ham qiz-juvonlarning gardaniga tushgan.

Shuncha ishga qancha haq oladi, dersiz. Hech qancha, umuman, pul olishmaydi, desam ishonasizmi?! G‘o‘zapoya uchun ishlashadi! Sal vijdoni qiynalgan ayrim fermerlargina ikki quloq niholni daromad manbaiga aylantirib bergani uchun gektariga atigi 60-100 ming so‘m haq berishar ekan, xolos. Bu ham oyiga emas, butun mavsum uchun! Qoyilmisiz?!

Tomoshaning qizig‘i kuzda bo‘ladi. Fermer traktorida «korchevka» qilib bergani uchun xotin-xalajning o‘tiniga ham ko‘z tikadi. Har gektaridan 24 qatordan g‘o‘zapoya olib qolib, uniyam pullaydi. Insof ham kerak-da, janob fermer! Lekin bu gapni hech kim aytolganicha yo‘q. Ko‘klamdan kuzgacha ketmon chopgan, o‘tini yulgan ayollarning o‘zlari ham. Qanday aytsin?! Olis yurtlarga yetib borgan gaz qishloqqacha yetolmayotgan bo‘lsa, qish davomida ko‘mir tugul, uning kuliniyam ko‘rmayotgan bo‘lsa...

Qishloq xo‘jaligidagi bu kabi mehnat shaklini tarix fanlarida hijjalab o‘qiganimiz zodagon va qullar munosabatiga o‘xshataman. Bu hol yana qancha davom etarkan-a? Xorijda mehnat qilayotgan hamyurtdarimiz huquqini yetarlicha himoya qilolmayotgan mutasaddilar hech bo‘lmasa qishloq ayollarini ozgina qo‘llasa, bo‘lmasmikan?! Yoki Xotin-qizlar qo‘mitasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bu holdan bexabarmi?! Bunga ishonish qiyin-ov.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qachongacha qishloq ayollari o‘tin uchun ketmon chopadi?