Zuhra Soliyeva ajrashgani haqida: "Erim mendan 7 yosh kichik edi"

  • 13 aprel 2019, 07:50
  • 3 702
  • Jamiyat
  • Zuhra Soliyeva ajrashgani haqida: "Erim mendan 7 yosh kichik edi"
    Baqiroq aktrisa Zuhra Soliyevani ko‘rib, shu ayolda ham dard bormikan, deb o‘ylab qolardim. Ammo negadir uning kayfiyati avvalgidek emas, ancha ma’yus va horg‘in bo‘lib qolgan. Aktrisa bilan suhbatda bo‘lishni va kayfiyatidagi o‘zgarishlarning sababini bilishni istadim. O‘ylaymanki, bu ayolning ijodiy va shaxsiy hayoti bilan bog‘liq ma’lumotlar sizlarni befarq qoldirmaydi.

    Zuhra opa, ayni kunlardagi kayfiyatingiz qanday? Nazarimda, kundan-kunga ma’yus tortib boryapsiz?
    Eng yaxshi ustoz bu Hayot. U har qanday insonni tarbiyalab, bir mushti bilan oq-qorani tanitib qo‘yadi. O‘ta jiddiy yoki vazmin insonman deyolmayman-u, ammo kirib borgan davram va muloqotdagi insonlar sabab ham kayfiyatim o‘zgaradi.

    Balki, bu o‘zgarishlarga hayotingizdagi bir xillik yoki ijoddagi sokinlik sabab bo‘layotgandir. Yoshingiz ulg‘ayib, dunyoqarashingizning kengayayotgani ham yaxshi sabab...
    To‘g‘ri, shunday ham bo‘lishi mumkin. Hayotda hamma narsani: yomonlarning qahrini ham, yaxshilarning mehrini ham ko‘rdim. Kayvoni onalarning bir gapi bor: Inson keksaygan sari aqlli borib boraveradi . Balki, men ham qariyotgandirman (kulib).

    Bir necha yil oldin og‘ir kasallikka chalinganingiz haqida eshitgandik. Sir bo‘lmasa, qanday dardga chalingandingiz?
    Egizak opam Fotima bevaqt vafot etganidan keyin yolg‘izlanib tushkunlikka tushib qolganman. Xuddi tanamning yarmi meni tark etgandek tuyilgandi. Shunda birdan oyoqlarim holsizlanib, yurishga ham madorim qolmagandi. Shifokoru tabiblarning davosi kor qilmay, bir mullaga dam soldirilgach, o‘zimga kelgandim. Ammo bu dard meni bir necha yilgacha tark etmadi. Qalbimdagi kemtik jismimga ham o‘z ta’sirini o‘tkazib, oyog‘imdan quvvatni olib qo‘ygandi. Haligacha bu dard bilan kurashib, oyoqlarim uchun dori qabul qilaman.

    Ko‘p hollarda inson dard chekkanda salomatlikning qadriga yetadi, shunday emasmi?
    Albatta, baribir, xom sut emgan banda ekanmiz. Uydagi gapni ko‘chaga olib chiqish yaxshimas-ku, ammo men bir necha yildan buyon farzand ko‘rolmayapman. Bormagan shifokorim qolmadi. Hafsalam ham pir bo‘ldi. Ko‘cha-kuyda munchoq ko‘zli bolajonlarni ko‘rsam, ularning onalariga havasim keladi. Endi momolarning Qiz bola o‘zini ehtiyot qilishi kerak , degan gaplari nechog‘liq haqiqat ekanligini anglayapman. Balki, men ham vaqtida o‘zimni ehtiyot qilmagandirman, yana kim biladi deysiz...

    Nega yaqin yillar ichida ko‘zga ko‘rinarli filmlarda suratga tushmayapsiz?
    Nega endi? Juda ko‘p filmlarda suratga tushdim. Xabaringiz bo‘lsa, o‘tgan yili Zuhraxonning sinfi nomli filmda bosh rolni ijro etdim. Undan keyin ham qator film va seriallarda suratga tushdim. Ammo ularning hammasi ham bir ampuladagi rollar. Agar har bir rolning o‘ziga xosligi bo‘lmasa, aktyor tomoshabin nazariga tushmaydi. Mana, Boyvachcha filmidagi rolim Qoshingga bit tushgur degan gap bilan katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Faqat komik rol emas, dramatik rolda ham o‘ziga xoslik bo‘lsa, u, albatta, tomoshabin e’tiboriga tushadi.

    Faqat komik aktrisa emasligingizni isbotlaganingizda, rollaringiz safi ham kengaygan bo‘larmidi?
    Bu haqida aktyor emas, ko‘proq rejissyor qayg‘urishi kerak. Ammo bizning ko‘p rejissyorlar tayyor ampulani qayta-qayta ko‘rsatishga odatlanib qolishgan. Shu bois ham meni ko‘pchilik o‘ta baqiroq va shaddod ayollar rolida ko‘rib o‘rganib qolgan. Men ham hayotning achchiq-chuchugini tortgan, bir kasbning ustasi bo‘lgan ayol siymolarini o‘ynay olaman. Ammo unday rol berilmaydi. Keyin har bir rejissyorning o‘z aktyor va aktrisasi bor. Film ssenariysini yozayotganda ham ularning imkoniyatlarini hisobga oladi. Xullas, san’atda hali men tushunmaydigan narsalar ko‘p.

    O‘zbek milliy akademik drama teatridan ketishingizga nima sabab bo‘lgandi?
    Men teatrdan ketmadim, meni haydashdi! Ha, bu gapni baland ovozda ayta olaman. Menga chinakam adolatsizlik qilishdi. Bu dargohda 8 yil mobaynida shtatsiz va oyliksiz ishladim. Chunki men san’atni pul topish yoki hobbi qilish uchun tanlamaganman. Men sakkiz yil mobaynida teatr sahnasidagi epizod rolim yoki ommaviy sahnalardagi chiqishimdan ham rozi edim. Ammo bu narsa kimgadir yoqmadi.

    Ammo menda teatrdan ketishingiz bilan bog‘liq boshqa sabab ham bor. Bu to‘yga chiqish va repititsiyalarga kechikib kelish...
    Shaxsan men bilan bunday hol bo‘lmagan. To‘g‘ri, to‘y xizmatlariga chiqaman, bunga ijoddan pulni ustun qo‘yganim sabab emas. Odamlar niyat qilib, eshigingizni qoqib to‘ylariga aytib kelishsa, qanday yo‘q deya olasiz?! Menimcha, bu ham muxlislarga nisbatan hurmatsizlik bo‘lsa kerak.

    Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, poytaxtga kelgan yillaringiz Saida Rametovaning uyida turgansiz. Keyinchalik oradagi sovuq munosabat sabab uydan haydalgan ekansiz. Kelishmovchilikka nima sabab bo‘lgan?
    Tushunmovchilik har bir xonadonda bo‘lib turadi. Hamma o‘zicha haq. Men bo‘lgan ishlarni eslashni istamayman. Muhimi, hammasi unutilib ketdi. Nima bo‘lgan taqdirda ham Saida Rametova va uning oila a’zolarini hurmat qilaman. Poytaxtga kelgan yillarim o‘zi bilan ko‘p davralarga olib borgan, kinos’yomkalarga yetaklab borib, Bu mening jiyanim , deb tanishtirgan, ammo biror marta Iltimos, unga rol bering , deb so‘ramagan. Eplasang, mehnat qilsang, marra seniki , deb o‘rgatgan. Shu bois men ham Zuhra Soliyeva bo‘lib tanilmaguncha Saida opamning nomlarini sotmaslikka qaror qilib, odamlar ko‘rganda Ha, Saidaning qarindoshi-da, shuning uchun televizorga chiqyapti , deb o‘ylamasliklari uchun ham buni sir saqlaganman.

    Turmush o‘rtog‘ingiz bilan murosa qilolmaganingizga nima sabab bo‘ldi?
    Eh, singlim (xo‘rsinib). Bu haqda gapirishni unchalik istamayman. Ammo odamlar bilishi kerak, muxlislardan buni yashirib nima qildim. Juda kech oila qurganman. O‘g‘il bolaga oson, istalgan qizga sovchi qo‘yadi. Ko‘ndirsa, uylanib ketaveradi. Qiz bolaning ishi qiyin ekan. Taqdir bo‘lmay, yoshim katta bo‘lganda oila qurdim. Turmush o‘rtog‘im o‘zimdan 7 yosh kichik edi. Oilani mustahkamlovchi kuch bu farzand. O‘rtada negadir hech farzand bo‘lmadi. Munosabatlar ham avvalgidek emasligi meni hamisha tashvishlantiradi. Ayol kishi turmush o‘rtog‘idan mehr ko‘rsa, har qanday muammoni yengib o‘ta oladi. Mehrsiz munosabat esa katta muvaffaqiyatlarni ham tariqcha qadrsiz qilib qo‘yishi mumkin. Hayot insonga bir bor beriladi. Shunday ekan, har kim o‘z baxtini topib, baxtli ekanligini his qilib yashashi kerak. Balki, men sobiq turmush o‘rtog‘imning ko‘nglidagidek ayol bo‘lmagandirman yoki aksincha... Xullas, biz ajrashdik.

    Haqiqatan ham san’atkor bilan yashash qiyinmi yoki uni tushunish?
    Inson bir-birini sevib, ardoqlashi uchun kasbning hech qanday ahamiyati yo‘q. San’atkor ham hamma qatori oddiy inson. Bilasizmi, qaysidir millatda bir maqol bor ekan: Ayolga bitta mehrni bersang, u o‘nta qilib qaytaradi . Uning mehri ham, qahri ham shunchalar ko‘p bo‘ladi (kulib).

    Balki, turmush o‘rtog‘ingiz bilan bo‘lgan kelishmovchilikka yosh qo‘shiqchilar davrasida ko‘p bo‘lishingiz sababdir? Chunki internet foydalanuvchilari orasida bunday davralardagi ishtirokingiz tanqidlarga sabab bo‘ladi.
    Yo‘q, aslida, bunday davralarga ko‘p bormayman. Yoshlarni bilasiz-ku, qiziquvchan bo‘lishadi, har qanday tadbirni onlayn tarzda internetga joylab borishadi. Aslida, men o‘zim tengi aktrisalar bilan yaqinman. Ularning davrasi butunlay boshqa. Ular bilan miriqib suhbatlashamiz, ijod haqida fikr almashamiz. Unday paytda davrasi video yoki suratga olib internetga joylash hech kimning xayoliga kelmaydi.

    Egizak opangizni eslab turasizmi? Uning yoningizda yo‘qligi qaysi damlarda seziladi?
    Fotimani hech qachon unutmayman. U misoli mening yarmim edi (o‘ylanib). Men shaddod bo‘lsam, u mulohazali, sabrli qiz edi. Qiynalib, nimadandir qattiq kuyinsam, albatta, Fotima nima qilgan bo‘lardi? degan savolni o‘z-o‘zimga beraman.

    Hayot biz istagandek mashaqqatsiz, ravon yo‘ldan iborat emas. Sir bo‘lmasa, tushkunlikdan qanday chiqasiz?
    Inson o‘ta qanoatsiz bo‘ladi. Ko‘p ham boriga shukr qilmaymiz. O‘zimdan ham misol, u yo‘q, bu yo‘q deyman-u, ammo boshqalarda menda bori ham yo‘qligini unutib qo‘yaman. Men bir to‘xtamga keldim, nimadandir nolisam, nogironlar uyiga yoki onkologik kasalliklar shifoxonasiga boraman. Alloh shifo berarmikan, yana bir kun yasharmikanman, ertaga shu to‘shakdan turolarmikanman, degan hadik bilan yashayotgan insonlarning ko‘ziga boqaman. Kasalxona hovlisidan yengil nafas olib, shukr tuyg‘usini tuyib uyga qaytaman.

    Albatta, shukronalikni unutib qo‘ymaslik kerak. Bugungi tashrif va maroqli suhbat uchun tashakkur. Salomat bo‘ling!
    Nargiza MURODOVA suhbatlashdi.

    Manba: Doktor press gazetasi.

    » » Zuhra Soliyeva ajrashgani haqida: "Erim mendan 7 yosh kichik edi"