17:27 / 14.04.2019
2 958

Muloqotdagi eng katta xato

Muloqotdagi eng katta xato
Yaqinda internetdagi saytlardan birida Garvard psixologi Stiven Pinkerning insonlar o‘rtasidagi muloqotda yo‘l qo‘yiladigan eng katta xato haqida aytgan fikrlariga ko‘zim tushdi. Bu xatoni bartaraf qilish uchun Pinker 4 ta tavsiyani keltiradi. Bu tavsiyalar garchi psixologiyaga ko‘proq taalluqli bo‘lsa-da, undan tarjima jarayonida ham unumli foydalanish mumkin. Quyida saytdagi maqolaning qisqa va erkin tarjimasini keltiraman.

Garvard professori Stiven Pinkerning aytishicha, “bilim” fenomeni insonlar o‘rtasidagi aniq muloqotga to‘sqinlik qiladigan katta sabablardan biri ekan. Olim bu fenomenni quyidagicha izohlaydi: siz nimanidir bilsangiz, boshqalar buni bilmasligi mumkinligini anglash juda og‘ir kechadi, ya’ni sizning shaxsiy bilimlaringiz shu qadar odatiy bo‘lib ko‘rinadiki, siz ong ostida boshqalarni ham ulardan xabardor deb o‘ylaysiz. Bunday fenomen ta’sirida insonlar aniq so‘zlarni ishlatish o‘rniga, mazmunni tushuntirishdan qochish va mavhum atamalarga suyangan holda ko‘pchilik tushunmaydigan maxsus sleng yoki terminlardan foydalanadilar. Natijada esa muloqot kutilgan natijani bermaydi va odamlarni orasida tushunmovchilik jarligini yaratadi.

Pinker so‘zlashish yoki yozish paytida bu fenomenni yengish uchun quyidagi 4 ta strategiyani tavsiya qiladi:

Asosiy fikrga e’tibor bering
Siz nutq so‘zlayapsizmi yoki biror matn yozyapsizmi – ahamiyati yo‘q, faqat asosiy fikrga e’tibor qarating va boshqalardan u qanchalik tushunarli ekanligiga xolis baho berishni so‘rang.

“Siz uchun haqiqat bo‘lib tuyulgan narsalar boshqalar uchun haqiqat emasligini bilgach hayron qolasiz”, – deydi Pinker. – Va bu boshqa sohadagi inson bo‘lishi shart emas, sizga yaqin dunyoqarashdagi insonlar bilan ham shunday holat yuz beradi”.

So‘zlarni diqqat bilan tanlang
Pinkerning ta’kidlashicha, so‘zlar muloqotdagi so‘nggi nuqta emas, “ular shunchaki dunyoga oynadir”. Vaziyatni xayolda chizish, g‘oyani ulashish va voqealarni bayon qilish uchun so‘zlarni ishlatamiz. Shuning uchun chalg‘ituvchi yoki adashtiradigan so‘zlarni emas, balki fikrni aniq yetkazadigan so‘zlardan foydalanish kerak. Fikr mohiyatini anglatish uchun idioma, sleng yoki tushunarsiz o‘xshatishlarni qisqa, hamma tushunadigan, to‘g‘ri so‘zlar bilan almashtirish zarur.

“Agar murakkab so‘zlar tinglovchi yoki o‘quvchiga fikrni teran yetkazmasa, ular muloqot vositasi sifatida samarali bo‘lmaydi”, – deydi psixolog.

Tanaffus oling
Yozgan matningizni chetga surib, biroz muddatdan keyin unga qayting va qaytadan o‘qib ko‘ring. Bir necha soat yoki bir necha kun kutsangiz narsalarga yangi nigoh bilan qaraysiz va oradagi farqni sezasiz.

Ayamay tahrirlang
Matn mazmunini aniq yetkazishda tahrirning o‘rni beqiyos.

“Matnni yanada tushunarli qilish uchun uni bir necha marta qayta yozib tahrirlang”, – deb tavsiya qiladi Pinker. “Har bir gapda men aytmoqchi bo‘lgan fikrni boshqa odam tushunadimi, men uni yana ham qisqa, lo‘nda va aniq tushuntira olamanmi degan savolni o‘zingizga bering”.

Agar yozishma yoki jonli muloqotda odamlar ko‘proq aniqlik va lo‘ndalikka e’tibor berishganda edi, biznes, ta’lim va boshqaruvdagi mahsuldorlikni oshirgan va kundalik turmushdagi noroziliklar darajasini tushirgan bo‘lardilar, deb ta’kidlaydi Pinker.

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Muloqotdagi eng katta xato