17:10 / 19.04.2019
4 946

«Bilimlar bellashuvi» baholash mezonlarida nimalar o‘zgardi?

«Bilimlar bellashuvi» baholash mezonlarida nimalar o‘zgardi?
Har yili an’anaviy tarzda umumta’lim maktablari o‘quvchilari uchun fanlar bo‘yicha «Bilimlar bellashuvi» uch bosqichda (maktab, tuman/shahar, viloyat) o‘tkaziladi. O‘quvchilar bilimini baholash, ularni izlanishga yanada rag‘batlantirishga xizmat qiluvchi mazkur bellashuv baholash mezonlariga bir qator yangiliklar kiritildi. Baholash mezonidagi o‘zgarishlar haqida Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazi bo‘lim boshlig‘i Farrux Abdullayevga tayanib Kun.uz ma’lumot berdi.

Ilgari to‘rt, keyin esa uch bosqichda
Mutaxassisning bayon etishicha, «Bilimlar bellashuvi»ni tashkil etishning ikki huquqiy asosi mavjud. Xalq ta’limi vazirining 2017 yil 16 yanvardagi 13-sonli buyrug‘iga asosan tanlovning Nizomi tasdiqlangan. Keyinchalik ota-onalar va o‘qituvchilarning fikr va takliflariga binoan 2017 yil may oyida tanlov nizomiga o‘zgartirish kiritilgan. Ya’ni bellashuvni 4 bosqichda (maktab, tuman/shahar, viloyat, respublika) emas, balki 3 bosqichda o‘tkazib, tugatish, respublika bosqichini bekor qilish belgilandi. Bunga o‘quvchilarning kichik yoshda ekanligi, respublika bosqichi uchun poytaxtga kelish zarurati noqulaylik tug‘dirgani sabab bo‘ldi.

Test savollari miqdori kamaytirildi
Test topshiriqlarini onlayn platformada topshirish yo‘lga qo‘yilgan. Ya’ni o‘quvchi kompyuterda onlayn tarzda ishlagan test natijalarini o‘sha zahotiyoq bilishi mumkin. Bu testlarni baholash jarayonida noxolisliklarga yo‘l qo‘yilmasligini ko‘zda tutadi. Shunda ham ishtirokchida e’tiroz bo‘lsa, xatoliklarini ko‘rib chiqishi uchun imkoniyat beriladi.

Test topshiriqlari miqdori bilan bog‘liq o‘zgarishlar mavjud. Testlar soni 30 tadan 25 taga tushirilgan. Ilgari 30 ta testga 2 balldan berilgan bo‘lsa, endi 25 ta testga 2,4 balldan ajratiladi.

Bu ishtirokchilar uchun bir qator qulayliklar yaratadi. O‘quvchi kompyuter qarshisida kamroq o‘tiradi. Jarayonni tezroq yakunlab, uyiga tezroq qaytishi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, test sonlarining kamligi ham ishtirokchiga yengillik beradi, ruhiy bosim kamroq bo‘ladi.

Faqat tarix va iqtisodiyot fanlari bundan mustasno. Chunki bu fanlarda ishtirokchi faqat test ishlaydi, yozma ish bo‘lmaydi. Shu bois ular ikkinchi bosqichda 40 ta, uchinchi bosqichda 50 ta test ishlaydi. Ularga o‘zgartirish kiritilmagan.

Darslikdan tashqari manbalardan ham savollar tuziladi
Xalqaro olimpiadalarning o‘tkazilish me’yorlari o‘rganilgan holda yana bir yangilik joriy etildi. Ya’ni bellashuv topshiriqlariga 20-25 foizgacha darslikdan tashqari manbalardan ham savollar kiritilishi mumkin. Bu orqali ishtirokchining masalaga ijodiy yondashuvini oshirish ko‘zlangan. Shuningdek, o‘quvchilarning xalqaro olimpiadalar tizimiga moslashishiga ham yordam beradi.

Misol uchun, o‘quvchi fizika darsida Nyutonning ikkinchi qonunini o‘zlashtirgan. «Bilimlar bellashuvi»dagi topshiriqlar aynan maktab darsligidan olinmaydi, yangi masalalar beriladi, ammo ularning yechimi aynan Nyutonning ikkinchi qonuni asosida topiladi. Bu jihatdan o‘quvchi masala bilan tanish bo‘ladi.

Agar o‘quvchi darslikdan tashqari manbalar bilan tanish bo‘lmasa-chi, degan savolga mutaxassis quyidagicha javob berdi:

«Har bir mavzu bo‘yicha darsdan tashqari o‘qish tavsiya etilgan adabiyotlar mavjud. Iqtidorli o‘quvchilar ular bilan tanish bo‘lishi kerak. Darsdan tashqari o‘quvchilar tanishishi kerak bo‘lgan adabiyotlar ro‘yxati Xalq ta’limi vazirligining saytiga ham joylashtirilgan, ular bo‘yicha ma’lumot hududiy boshqarmalarga ham yuborilgan».

Topshiriqlar uchun ko‘proq vaqt ajratiladi
Fizika va kimyo fanlari bo‘yicha yozma ish uchun 90 daqiqa ajratilgan edi, endilikda bu miqdor 120 daqiqa (2 soatga) uzaytirildi. Birinchi va ikkinchi bosqichda bu fanlar bo‘yicha beriladigan topshiriqlar soni 5taga yetkazildi. Shu bilan bog‘liq ravishda ham qo‘shimcha vaqt berilishi talab etildi.

Iqtisodiy bilim asoslari (7-, 8-sinflar uchun), tadbirkorlik asoslari fanlari (9-sinf uchun) bo‘yicha test topshiriqlari uchun 40ta savolga 90 daqiqa vaqt berilardi. Endilikda bu vaqt 100 daqiqaga yetkazilgan. Ya’ni har bir savol uchun 2,5 daqiqa vaqt ajratiladi.

Belgilangan normativlar bo‘yicha ijtimoiy-gumanitar fanlar bo‘yicha 2 daqiqa, aniq fanlar uchun esa 3 daqiqa ajratiladi. Iqtisodiy bilim asoslari nazariy fan bo‘lish bilan birga unda yechilishi kerak bo‘lgan masalalar ham borligi bois unga har bir savol uchun 2,5 daqiqa kerakligi belgilandi.

Ko‘proq vaqt berilishi o‘quvchi uchun qulaylik beradi, xatolarga kamroq yo‘l qo‘yadi, o‘zini nazorat qila oladi.

Yangi tartib qachon kuchga kiradi?
Mazkur o‘zgartirishlar 2019 yilning birinchi choragida o‘tkazilgan Ilmiy-metodik kengashlarda ko‘rib chiqilib, tasdiqlangan. Shu bois 2019 yil uchun o‘tkazilayotgan «Bilimlar bellashuvi»ning uchinchi (viloyat) bosqichida baholash jarayoni shu tartib asosida amalga oshiriladi. Agar keyingi yilga qadar boshqa o‘zgartirishlar kiritilmasa, 2020 yildagi bellashuvda ham yangi tartib amal qiladi.

«Baholash mezonlarining o‘zgarishi tanlovning haqqoniylik prinsiplari asosida o‘tishiga qanchalik ta’sir ko‘rsatadi?» degan savol paydo bo‘lishi tabiiy. «Tanlovlarning o‘tkazilish prinsiplari ko‘proq Nizomga bog‘liq. «Bilimlar bellashuvi»ning Nizomiga ham bir qator o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan. Yangi o‘quv yilida bilimlar bellashuvi yangilangan Nizom va yanada takomillashtirilgan baholash mezonlari asosida o‘tkazilishi kutilmoqda», — deya ta’kidlaydi Farrux Abdullayev.

Fan olimpiadalarida ham o‘zgarishlar bo‘ladimi?
Oliy ta’lim muassasasiga imtiyozli kirish huquqini beruvchi fan olimpiadalari ham har yili katta bahs va ziddiyatlarga sabab bo‘ladi.

«Olimpiadaning o‘tkazilish tartibiga ham haqqoniylikni ta’minlovchi o‘zgartirishlar kiritiladimi?» degan savol bilan mutaxassisga murojaaat qildik.

«Bu yilgi fan olimpiadasi o‘tgan yildagilarga qaraganda ancha yaxshi o‘tdi. Ijtimoiy tarmoqlardagi «klaviatura qahramonlari»ning barcha gap-so‘zlari ham yuz foiz dalillarga asoslangan deb bo‘lmaydi. Jarayonni chetdan kuzatib mutlaqo xolis baho berish oson emas», — deydi Farrux Abdullayev.

Mutaxassisning ma’lum qilishicha, bu yili olimpiadalar katta pavilonlarda tashkil etildi, ovozli kameralar orqali monitorlarda kuzatuvchilar uchun namoyish etildi. Ota-onalar, o‘quvchilar, hakamlar hay’ati a’zolaridan «olimpiadaning adolatligiga qanday baho berasiz?» , «savollardan qoniqdingizmi?» kabi savollardan iborat anketa so‘rovnomalari olindi. Unda bildirilgan takliflar va fikrlarga tayangan holda jarayonni keyinchalik yanada yaxshilash, takomillashtirish vazifasi qo‘yiladi.
Saodat Abdurahmonova

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Bilimlar bellashuvi» baholash mezonlarida nimalar o‘zgardi?