14:41 / 21.04.2019
4 505

Chinozda «yangi Ahmadboy» paydo bo‘ldi

Chinozda «yangi Ahmadboy» paydo bo‘ldi
Foto: «Huquq»
Hali «Ahmadboy ishi» yakuniga yetmay turib, jinoyatga jazo muqarrar ekani kundek ravshan bo‘lib turgan bir vaqtda Chinozda «yangi Ahmadboy» paydo bo‘ldi. Bu haqda «Huquq» nashri ma’lum qildi.

Bosh prokuratura huzuridagi departamentining Chinoz tuman bo‘limi tomonidan yana bir moliyaviy piramida tashkil etgan shaxs qo‘lga olindi. Bosit Xo‘jayev (ism-familiyasi o‘zgartirilgan) ham pul topishning oson va noqonuniy yo‘lini tanlab, fuqarolarning ishonchiga kiradi.

U «Ahmadboy ssenariysi» asosida fuqarolardan pul, avtomashina, qoramol va boshqa qimmatli buyumlarni ikki barobar qilib qaytarish evaziga qabul qilib olavergan. Vaqt o‘tgani sayin uning «mijoz»lari ham ko‘payib boraveradi. Aynan shuning hisobiga B.Xo‘jayevning faoliyati kengayaveradi.

Ishni shu tariqa davom ettirgan Ahmadboyning izdoshi qisqa vaqt ichida 3 milliard 42 million 302 ming so‘m pul yig‘ishga erishadi. Mazkur mablag‘larni legallashtirish maqsadida dastlab Samara Group mas’uliyati cheklangan jamiyatini tashkil qiladi va bankdan hisob raqam ochib, jinoiy faoliyatdan olingan 402 million 472 ming so‘m mablag‘ni «moliyaviy yordam» sifatida kiritadi. Tashkil etilgan MChJga 8 dona Nexia rusumli avtomashina sotib oladi.

Yig‘ilgan mablag‘ning 248 million 996 ming so‘mini esa Elegant Stroy aksiyadorlik jamiyati tashkil qilib, uning nizom jamg‘armasini shakllantirish uchun bankdagi hisob raqamiga kiritadi. Mazkur mablag‘ hisobidan yana respublikada ishlab chiqarilgan 12 ta turli rusumdagi avtomobillarni xarid qiladi.

Jamiyatlarga kiritilgan ulushlardan ortganiga o‘zi uchun turli ko‘chmas mulk ob’ektlari, ya’ni turli bo‘sh binolar, qum olish karerlari xarid qiladi.

Surishtiruv jarayonida ma’lum bo‘lishicha, bu shaxsga pul berganlar soni salkam 350 nafarni tashkil etgan.

B.Xo‘jayevga nisbatan firibgarlik, juda ko‘p miqdorda valyuta qimmatliklarini olish, o‘tkazish, noqonuniy tadbirkorlik, savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish, faoliyat bilan litsenziyasiz shug‘ullanish hamda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish jinoyatlarini qasddan sodir etish kabi ayblovlar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, sud hukmi bilan tegishli jazo tayinlandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Chinozda «yangi Ahmadboy» paydo bo‘ldi