17:07 / 24.04.2019
3 837

Abdulla Aripov Georgiy tasmasini tanqid qildi

Abdulla Aripov Georgiy tasmasini tanqid qildi
Bugun, 24 aprel kuni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov selektor yig‘ilishi vaqtida Xotira va qadrlash kunini munosib kutib olish masalasiga to‘xtaldi.
Kun.uz nashri ma’lumot berishicha, bosh vazir yig‘ilish davomida Georgiy tasmasi haqida keskin tanqidiy fikrlar bildirgan.

U Facebook ijtimoiy tarmog‘ida O‘zbekiston bayrog‘i aks etgan chellenj uyushtirish, unga taniqli estrada xonandalari, sportchilar, so‘z ustalari va ziyolilarni jalb etish, umuman tashviqot vositalaridan to‘la foydalanish topshirig‘ini bergan.

Bosh vazir topshirig‘iga ko‘ra milliy bayroq aks etgan 100 ming nusxadan ziyod lenta tarqatiladi.
«Bu tadbir rasmiy tadbir emas, mehr bilan, vijdonan xalqni birlashtiradigan aksiya bo‘lishi kerak», – degan Abdulla Aripov.

Qayd etish kerakki, 9 may yaqinlashgani sayin O‘zbekistonda internet foydalanuvchilari ikkiga bo‘linadi: Georgiy lentasini yoqlovchilar va ularga qarshilar.

Ayrimlar 9 mayni eslash maqsadida ko‘kraklariga qora va sariq rangdagi tasmalarni taqib yurishadi, avtomobillariga shunday tasmalarni ilib qo‘yishadi.

Qayd etish kerakki, Georgiy lentasi 1939-1941 yillarda fashizmga qarshi urush bilan bog‘liq emas. Tarixdan ma’lum, Rossiya imperatori Yekaterina II (1762-1796) o‘z qo‘shinlari olib borgan bosqinchilik janglaridagi qirg‘in-barotda qahramonlik, shafqatsizlik namunalarini ko‘rsatgan rus armiyasi zobitlarini mukofotlash maqsadida 1769 yili muqaddas Georgiy ordenini ta’sis etgan. Shundan boshlab uch qora va ikki sariq rangdagi yo‘l chiziqlari bo‘lgan tasma «Georgiyevskaya lenta» nomi bilan yuritila boshlanadi.

Tasmadagi qora rang Rossiyada imperatorlik va davlat ramzi bo‘lgan ikki boshli qora burgutni anglatsa, sariq rang rus davlati gerbi ramzidir. Tasmaning uchta qora rangi – qiynoqda jon berish ramzini, ikki sariq rang esa hayotning qaytishi, tirilish ma’nosini bildiradi. Undagi sariq, qizg‘ish – urush, olov rangi bo‘lsa, qora rang urushning doimiy hamrohi bo‘lmish burqsib turgan tutun rangidir. 1787 yili Suvorov qo‘mondonligidagi rus harbiy floti Turkiya askarlari ustidan g‘alaba qozonganida jangchilarga birinchi bor Georgiy lentasi medali bilan topshirilgan.

Shunday ekan, bunday lentalar Ikkinchi Jahon urushiga va ayniqsa, o‘zbek urf-odatlariga, milliy an’analarga aloqador emas.

Bundan avvalroq Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi poytaxtda «O‘lmas polk» aksiyasi o‘tkazilishi haqidagi xabarlarni rad etgandi.

«Yurtimizda 9 may kuni nishonlanadigan Xotira va qadrlash kuni rasmiy bayram hisoblanib, bu kunda ham IIBBning shaxsiy tarkibi shahar bo‘ylab xizmat olib boradi. Shu bilan bir qatorda, xotira komplekslarida gulchambarlar qo‘yish marosimlari o‘tkaziladi.

Bugungi kunda IIBB matbuot-xizmati hokimiyatning Toshkent shahrida «O‘lmas polk» aksiyasi o‘tkazilishi to‘g‘risidagi ruxsati haqida ma’lumotga ega emas», deyiladi xabarda.

Shuningdek, Adliya vazirligi ham yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish yoxud o‘tkazish tartibini buzish o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olinishiga sabab bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirgan.

«Agarda harakat tashkilotchisi aynan shu kabi harakatlar uchun ilgari ma’muriy javobgarlikka tortilgan bo‘lsa, unda ushbu shaxs jinoiy javobgarlikka tortiladi. Bunda maksimal jinoiy jazo sifatida 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.

Bundan tashqari, ruxsat etilmagan yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari va namoyishlar qatnashchilariga binolar yoki boshqa mulk (aloqa vositalari, ko‘paytiradigan va boshqa xil texnik uskunalar, transport)ni berish yoki shunday tadbirlarni o‘tkazish uchun boshqa sharoitlarni yaratish fuqarolarga 20 mln 273 ming so‘mgacha, mansabdor shaxslarga esa 30 mln 409 ming so‘mgacha jarima solishga sabab bo‘lishi mumkin», deyiladi xabarda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Abdulla Aripov Georgiy tasmasini tanqid qildi