«Cho‘ntak advokatlari»: sirlar fosh bo‘lmoqda, qiyofalar ochilmoqda...

  • 24 aprel 2019, 18:10
  • 1 451
  • Jamiyat
  • «Cho‘ntak advokatlari»: sirlar fosh bo‘lmoqda, qiyofalar ochilmoqda...
    Kollaj: «Xabar.uz»
    Zangiotalik bir advokat bir kunda 162 nafar odamga xizmat ko‘rsatibdi?! Bu haqda «advokatnews.uz» yozmoqda.
    Tasavvurga sig‘mas holat, to‘g‘rimi?

    Rost-da, bir kishiga o‘n daqiqa yuridik maslahat berilgandayam 162 nafar odam uchun 1620 daqiqa kerak bo‘ladi, bu — 27 soat deganidir?! Zangiotalik azamatning xizmati esa «yuridik maslahat» berishdan iborat bo‘lmagan. U katta ehtimol bilan bir kunda shu-uncha odamning tergovida «qatnashgan», ayblanuvchining huquqlarini zo‘r berib himoya qilgan go‘yo. Va shunga yarasha gonorar ham olgan (har bir ishdagi «ishtiroki» uchun besh yuz ming so‘m!). Gonorar so‘zini qo‘shtirnoqqa olmadik, chunki, bu fakt!

    O‘ylaysizki, o-la, quloqqa tepmang, og‘ayni, odamlar amalda hech narsa qilmagan advokatga haq to‘laydigan darajada ahmoq emas, deb. Yo‘q, gonorarni odamlar emas, davlat to‘laydi. Nega desangiz, fuqaroning himoya huquqi kafolatlangan. Ya’niki, advokat yollashga imkoniyati bo‘lmagan odamga tegishli organning o‘zi himoyachi topib beradi va uning xizmati haqi davlat tomonidan qoplanadi. Ma’lumotlarga qaraganda, buning uchun 2009 yilning 2018 yilgacha davlat byudjetidan 75 milliard so‘m ajratilgan ekan. Mazkur mablag‘ning maqsadli sarflanishi o‘rganilganda yuqoridagi manzara lop etib yuzaga chiqibdi: zangiotalik advokat 2 yanvar kunining o‘zida 162 nafar odamga xizmat ko‘rsatibdi?!

    Hamma balo shundaki, bu raqam faqat davlat mablag‘lari o‘marilayotganini ko‘rsatmaydi. Bu raqam 162 nafar sho‘rlikning himoya huquqi amalda ta’minlanmaganini ham anglatadi. Ya’niki, tergovchi «bilganini qilib», ishni yakunlagach, o‘ziga qarashli «cho‘ntak advokatini» chaqiradi-da, «delo»ga imzo qo‘ydirib oladi. Tamom — hammasi to‘g‘ri, hammasi qonuniy. Qani, himoya huquqing buzilganini isbotlab ko‘r-chi?! (Sud jarayonida esa vaziyat biroz boshqacharoq: unda himoyachining ishtiroki shart. Biroq «yorug‘lik» kutish mahol: unga «himoyasi» ostidagi sudlanuvchining taqdiridan ko‘ra vaqt o‘tishi muhim, gonorari naqd!)

    Ko‘ryapsizki, bunday «faol» advokat davlatgayam, jamiyatgayam koni zarar. Bunaqa nusxalar mamlakatimizda bitta emasligi inobatga olinsa, keltirilayotgan zarar ko‘lamini tasavvur qilish qiyin emas. Eng dahshatlisi, bunda «cho‘ntak advokatlari»ga «ish» topib berayotgan huquq-tartibot idoralari xodimlarining ham «munosib hissa»si bor.

    Bunga chek qo‘yish uchun Advokatlar palatasi qanday chora-tadbirlar ko‘rmoqda?
    Bosh prokuratura nima der ekan?

    Bu endi alohida maqola mavzusi.

    Manba: Xabar.uz

    Фикрлар

    » » «Cho‘ntak advokatlari»: sirlar fosh bo‘lmoqda, qiyofalar ochilmoqda...