23:44 / 24.04.2019
3 750

Yo‘l harakatining biz bilmagan qoidalari

Yo‘l harakatining biz bilmagan qoidalari
Toshkent shahrida 2019 yilning dastlabki 3 oyida 201 ta yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lgan. YTH oqibatida 18 kishi hayotdan ko‘z yumgan, 234 nafar fuqaro esa turli darajada tan jarohatini olgan. O‘tgan yilgiga nisbatan YTH soni 35 foizga kamaygan. Halok bo‘lganlar miqdori o‘tgan yilgiga nisbatan 51 foiz, jarohatlanganlar esa 38,7 foizga pastlagan, deya xabar berdi Ichki ishlar vazirligi IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi matbuot xizmati boshlig‘i Akmal Yunusov Kun.uzʼga bergan intervyusida.

3 oy ichida 18 nafar inson hayotdan ko‘z yumsa, bir yilda ko‘rsatkich 72 nafarni tashkil qiladi. Xo‘sh, bunga nima sabab bo‘lmoqda? O‘lim ko‘rsatkichini keskin kamaytirish imkoniyati bormi? YTHlarni oldini olish uchun yo‘lovchi va haydovchilar qanday choralarni ko‘rishi kerak? Savollarga Akmal Yunusov batafsil javob berdi.

Piyodalar uchun zaruriy qoidalar:
Hushyor bo‘lish. Ko‘chaga chiqqan yo‘lovchi harakat ishtirokchisiga aylanadi. Shuning uchun atrofdagi voqea-hodisalarga nisbatan e’tiborli bo‘lish kerak. Yo‘lni kesib o‘tayotganda quloqchin taqib musiqa tinglash, video tomosha qilish, kitob o‘qish qat’iyan taqiqlanadi. Bunga nima uchun amal qilish kerak? Svetofor qizil chirog‘ini ko‘rgan haydovchi o‘z-o‘zidan to‘xtaydi-ku, deguvchilar bor. Qoidaga amal qilmaydigan haydovchilar ham borligini hisobga olish lozim. Hushyorlik har ikki tarafdan bo‘lsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Yorqin kiyim. Kechqurunlari haydovchilar piyodalarni payqamay qolishadi. Bu ham YTH sodir bo‘lishiga olib keladi. Ayniqsa, maktab o‘quvchilariga nur qaytaruvchi och rangli kiyimlarni kiyish tavsiya etiladi. Shunda haydovchi uzoqdagi piyodani ko‘ra oladi va tezlikni kamaytirib ehtiyot choralarini ko‘radi.

Jamoatchilik nazorati. Yon-atrofda yo‘l qoidasini buzayotgan piyoda va yo‘lovchilarni ko‘rganda buning noto‘g‘ri ekanligini qoidabuzarning o‘ziga aytish yoki huquq organlariga xabar qilish kerak. Jamoatchilik nazorati kuchsizligi o‘limlar sonini ko‘paytiraveradi. Shuningdek, taksi xizmatidan foydalanayotganda haydovchidan me’yordagi tezlikda harakatlanish, himoya kamarini taqishini talab qilish orqali o‘z xavfsizligimizni ta’minlagan bo‘lamiz.

Shaxsiy namuna bo‘lish. Har bir fuqaro ko‘chada o‘z xatti-harakatini nazorat qila olishi lozim. Farzandlari bilan avtomobilda yoki piyoda ketayotgan fuqaro himoya kamarini taqmasa, ko‘chaning belgilangan joyidan harakatlanmasa, bu holatlar yana davom etaveradi. Kattalar yoshlarga namuna bo‘lishi kerak.

Huquqiy ong. Yo‘l harakati qoidalarini bilib qo‘yish zarar qilmaydi. Sohada bo‘layotgan yangiliklar, o‘zgarishlardan boxabar bo‘lish.

Haydovchining majburiyatlari:
* Yo‘lga chiqishdan oldin avtomobil texnik sozligini tekshirish;

* Avtomobil saloni to‘liq jihozlangan (tibbiyot qutisi, yorqin rangli kamzul va boshqa kerakli buyumlar) bo‘lishi lozim. Turli sabablar bilan yo‘lda avtomobil buzilib qolganda kamzul kiyib olish haydovchini xavfdan saqlab turadi;
Yo‘l sharoiti va ob-havoni hisobga olish;

* Avtomobildagi yo‘lovchilarga yo‘l qoidalarini tushuntirish lozim. Masalan, oynadan faqat qo‘lni chiqarish mumkinligi, eshiklarni mustahkam yopish kerakligi;
Huquqiy bilimni oshirish. Har bir haydovchida yo‘l harakati qoidalari kitobchasi bo‘lsa, foydadan holi bo‘lmaydi. Qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgartishlardan ham xabardor bo‘lib turish;

Tezlikni me’yorida saqlash. Hozir shahar ko‘chalarida 70 km.dan ortiq harakatlanish taqiqlangan. Haydovchi piyodalar yo‘lakchasi va serqatnov joyga yetib kelganda o‘rtacha tezlik (70 km dan past)da kelishi kerak. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 70 km. da kelayotgan avtomobil tormozni bosgandan keyin 56 metr o‘tib to‘xtaydi.

YTH sonini qisqartirish uchun nima qilish kerak?
Ta’lim. Afsuski, bu sohada kamchiliklar talaygina. Hozir faqat boshlang‘ich sinflarga 8 soatlik yo‘l harakati darslari kiritilgan. 2018 yil 18 avgustda qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining 701-sonli qaroriga asosan, maktablarda hayotiy faoliyat xavfsizligi fanini joriy qilish vazifasi qo‘yildi. Unda yo‘l harakati xavfsizligi, yong‘in xavfsizligi, FVVda o‘zini tutishni o‘rgatish ko‘zda tutilgan. Qaror chiqqandan 3 oy o‘tib xalq ta’limi va maktabgacha ta’lim vazirligi uni bajarish bo‘yicha o‘z takliflarini taqdim etishlari kerak edi. Ammo shuncha vaqt o‘tsa hamki, ijro ta’minlanmayapti. Bog‘cha, maktab yoshidan boshlab yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatilmasa, qilinayotgan ishlar samara bermaydi.

Targ‘ibot. OAV bilan hamkorlik qilish, bo‘layotgan ishlar to‘g‘risida aholiga axborot yetkazish, ta’lim muassasalari, korxona-tashkilotlarga borib tushuntirish ishlari olib borish, qo‘llanma, varaqalarni tarqatish. Bu yo‘nalishga moliyaviy tomondan yordam berilayotganligi tufayli ancha jonlanib qoldi.

Axborot texnologiyalaridan keng foydalanish. Bunda yo‘llarga yetarlicha kuzatuv kameralari, fotoradarlarni o‘rnatish, yo‘l patrul xizmati xodimlariga xizmat vazifasini tez va oson bajarishlari uchun kerakli texnologiyalar bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.

Normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish. 2018 yil 19 may oyidan boshlab 3 ta qonuniy hujjat loyihasi ishlab chiqildi. Bittasi, ya’ni Vazirlar Mahkamasining 377-sonli «O‘zbekiston Respublikasi yo‘l xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi qarori 2018 yil 23 oktyabrda kuchga kirdi. Unda jarimalar miqdori oshirildi, jazo turlari kuchaytirildi. Masalan, oldingi qonunchilikka ko‘ra, spirtli ichimlik iste’mol qilib avtomobilni boshqargan fuqaro 1 yil-u, 6 oydan 3 yilgacha haydovchilik huquqidan mahrum qilingan bo‘lsa, endi unga qo‘shimcha ravishda yangi tartib bo‘yicha EKIHning 25 baravarigacha jarima ham undiriladi.

Xulosa qilib aytganda, yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lishida kichik xato ham katta talafotlarni keltirib chiqarishi mumkin. Eng, avvalo, o‘zimiz fuqarolik pozitsiyamizni bilgan holda harakatlanishimiz kerak. Islohotni o‘zimizdan boshlashimiz lozim.
Muhabbat Ma’mirova suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yo‘l harakatining biz bilmagan qoidalari