Ichki ishlar xodimi fuqaroga shapaloq tushirdi (video)

  • 25 aprel 2019, 09:17
  • 1 237
  • Jamiyat
  • Ichki ishlar xodimi fuqaroga shapaloq tushirdi (video)
    Ijtimoiy tarmoqlarda “Qoraqalpog‘istonda GAI xodimi va haydovchi o‘rtasida janjal kelib chiqdi” nomi bilan tarqatilgan videodagi holat Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan o‘rganib chiqildi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi.

    2019 yilning 21 aprel kuni soat 16.30larda Amudaryo tumani Mang‘it shahri Barkamol avlod ko‘chasida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga jalb qilingan Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi YPX inspektori safdor M.Tanirbergenov xizmat olib borayotgan vaqtida, shu ko‘chada yo‘l bo‘yiga “Neksiya” rusumli taksi avtomashinasi kelib to‘xtagan. Avtomashina ichidan mast holatda bo‘lgan ikki nafar yo‘lovchilar M.M. va A.M. tushib, mazkur avtomashina haydovchisi bilan kira haqi borasida o‘zaro kelishmasdan janjallashib qolib, mast holatdagi yo‘lovchilardan biri avtomashinaning orqa o‘ng eshik oynasini sindirib yuborgan.

    Shu yerda xizmat olib borayotgan safdor M.Tanirbergenov mazkur janjal haqida Amudaryo tuman IIB navbatchilik qismiga tezkor guruh yuborishini so‘rab xabar bergan hamda o‘zi ushbu janjallashayotgan fuqarolarning yoniga tinchlantirish maqsadida borib, ularni ajratayotganida, mast holatdagi yo‘lovchi M.M. “Neksiya” rusumli avtomashinaning chap tomon orqa eshigini jahl bilan qattiq yopib yuborgani natijasida, safdor M.Tanirbergenovning o‘ng qo‘l barmoqlari qattiq qisilgan. Buning natijasida safdor M.Tanirbergenov og‘riqqa chidamasdan mast holatdagi yo‘lovchi M.M.ning yuziga shapaloq bilan bir marta urib yuborgan, deyiladi xabarda.

    Bildirilishicha, safdor M.Tanirbergenov olgan jarohati yuzasidan Amudaryo tumani tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan va “o‘ng qo‘l 4-barmog‘i tirnalib kesilgan” jarohati olganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma rasmiylashtirilgan. Safdor M.Tanirbergenov shu kuni yuqoridagi avtomashinaga yetkazilgan zarar, o‘zining olgan jarohati hamda sodir bo‘lgan holat yuzasidan o‘z rahbariyati nomiga bildirgi bilan murojaat qilgan va mazkur bildirgi tuman IIBda ro‘yxatdan o‘tkazilgan. 2019 yil 21 aprel kuni avtomashina haydovchisi Amudaryo tumani IIB boshlig‘i nomiga yuqoridagi holatlar yuzasidan ariza bilan murojaat qilib, unda fuqarolar M.M. va A.M.ga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

    Fuqarolar M.M. va A.M.ni spirtli ichimlik iste’mol qilganliklari bo‘yicha ma’lumotnoma olinib, ular jamoat joylarida spirtli ichimlik ichib shovqin chiqarganliklari uchun ushlab turish bayonnomasi rasmiylashtirilib, Amudaryo tumani IIB hushyorxonasiga joylashtirilgan.

    Safdor M.Tanirbergenovni fuqaro M.M.ning yuziga shapaloq urgani holati bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, natijaga ko‘ra uni lavozimdan ozod etish yuzasidan taklif kiritilgan. Kechirimlilik, insoniylik va kattaga hurmat nuqtai nazaridan safdor M.Tanirbergenov fuqaro M.M.ning xonadoniga borib, undan kechirim so‘rab, o‘zaro yarashganlar, deyiladi IIV ma’lumotida.

    Фикрлар

    » » Ichki ishlar xodimi fuqaroga shapaloq tushirdi (video)