11:03 / 26.04.2019
4 263

Ko‘zingizni oching, odamlar! (yoxud ommaviy bekinmachoq qachon tugaydi?)

Ko‘zingizni oching, odamlar! (yoxud ommaviy bekinmachoq qachon tugaydi?)
Asrlar davomida insonning tabiiy ehtiyoji sanalgan kiyinish madaniyati bugun globallashuv va turli ijtimoiy talato‘plar davrida o‘zining asl vazifasidan tashqari yana bir qancha maqsadlar uchun safarbar qilina boshladi.

Bugungi mardum nima uchun kiyinayotganiga bir qur nazar solib ko‘raylik. Bugun kiyinish estafetasi avj olyapti.
Achinarlisi shundaki, kiyinish poygasi orqali sharm-hayoni, uyat va iffatni yo‘qotganlarning aksariyati ishning tub mohiyatini anglab yetmasdan, faqat taqlid orqaligina bunday noma’qulchilikka giriftor bo‘lishgan. Ko‘r-ko‘rona taqlid ko‘chasining boshida turganlarga ishning asl haqiqatini tushuntirish amri mahol.
Har kuni libos yangilaydiganlar o‘z ta’sirlarini boshqalarga ham o‘tkazmay qolmaydi. Ularning holati ba’zilarda havas uyg‘otadi. Insonning tabiatida bir narsa bor: u o‘zi havas qilgan narsaga o‘zi bilmagan holda taqlid qila boshlaydi. Shu zaylda jamiyatda har kuni hech kim kiymagan kiyimlarni topib, sotib oluvchilar va shu kiyimlarni kiyib, o‘zlarini boshqalarga ko‘z-ko‘z qiluvchilar poygasi boshlanadi. Odatda, har kim ko‘rpasiga qarab oyoq uzatadi. Lekin bu poygani deb es-hushini yo‘qotganlar oyoq qaydayu ko‘rpa qayda — farqlolmay qolishadi.

Aql bovar qilmaydigan ishlar
Bizda azaldan boy boricha, yo‘q holicha kiyinardi. Bugun esa «kiyinish estafetasi» o‘z vazifasidan tashqari boshqa g‘arazlar uchun ham xizmat qila boshladi.
Dunyoning qaysidir puchmog‘idagi bir boybachcha o‘ziga tillodan kiyim tikdirib kiyibdi. Xuddi paxtali kiyim kiysa, uning boyligini birov bilmay qoladiganday. Shu birgina tillo kiyimning bahosiga o‘sha davlatning bir viloyati bemalol yil bo‘yi qorin to‘ydirsa bo‘ladi.
Yana bir xabarda shunday deyilgan:
«Uch juft Nike butsilari shu paytga qadar sotilgan eng qimmat poyabzalga aylandi. Ular mashhur ingliz futbolchilari Jon Terri, Rio Ferdinand va Ueyn Runiga tegishli bo‘lgan».
Mashhurlarning uvada oyoq kiyimini shuncha pulga sotib olganlar uni kiygan bilan chopqir bo‘lib qolarmikan?..
Nazarimda, bu mutaassiblikdan boshqa narsa emas. Ko‘r ushlaganini qo‘ymas, deyishadi. Bu — rost. U ko‘zi ojizlar uchun emas, ma’naviy so‘qirlar uchun aytilgan gap. Yo‘qsa, ayrim kimsalar kiyim jazavasida shunchalikka bormasdi.

Ko‘rinmas xatar
...Otam yoshligida tomda ishlayotganida to‘satdan yiqilib tushib, beli singan ekan. Kasalxonaga olib borishganida shifokorlar bel singanini aniqlasholmagan. Natijada, uzoq vaqt yotgach, bel suyaklari singan holida bir biriga qovushib ketgan. Otam bir necha yil shu ahvolda ortiqcha noqulaylik sezmay yashab yuravergan. Yoshlari bir joyga borib qolganda umurtqa yana bezovta qila boshlagan. Uzoq tekshirishgach, ma’lum bo‘ldiki, bir paytlar umurtqa singan-u qayta joyiga solinmasdan shu holicha qapishib bitib ketgan, endi uni tuzatish uchun yana qayta boshdan sindirish kerak ekan. Boshqa chorasi topilmagach, otamning belini sindirib, qayta joyiga tushirishdi. Lekin necha yillar davomida egri bitib ketgan umurtqani to‘g‘rilash otamga ham, shifokorlarga ham oson kechmadi. Shunda bildimki, oradan yillar o‘tsa ham vujud o‘zidagi noqislikni baribir qabul qila olmas ekan. Chunki vujudning o‘z tabiiy tizimi, hayot tarzi bor. Inson unga o‘zi istagan sun’iy yuk – vazifani doimiy yuklab qo‘yolmaydi...
Bugun kiyinish borasida ham ahvol shu. Hali insonlar buning chinakam zararini idrok etolganicha yo‘q. Kuni kelib o‘z qilmishini anglab yetganida yillar davomida odatga aylanib qolgan qusurlardan qutilish ancha qimmatga tushadi. Bugun «hamma shunday qilyaptiku?!» deb qaralayotgan hodisa qiyshiq bitgan qovurg‘aning jarohatini vaqtincha his qilmaslikdan boshqa narsa emas.

Afandinoma yo‘riq
...Bir kuni afandi hovliqib bozordan qaytayotgan ekan. Uni ko‘rganlar hayron bo‘lib so‘rashibdi:
— I-ye, xo‘ja Nasriddin, buncha yugurgilab qolibsiz, yo‘l bo‘lsin?
— Bozordan xotinimga kiyim olgandim. Uyga yetgunimcha urfdan qolmasin, deb chopib ketyapman-da, — deb javob bergan ekan Afandi.
Ana shunaqa! Bugun urf nomli hodisa kiyinish borasida mojaro bo‘layotgani rost. Aslida urf ko‘pchilik xayol qilgani kabi salbiy hodisa emas. Lekin bugun u faqat boshog‘rig‘ilarga sabab bo‘layotgani uchun odamlarni shunday xulosaga keltirib qo‘ygan.

Aslida urf tushunchasi makonu zamon va ayrim xususiyatlar bilan bog‘liq. Yer yuzining turli hududlarida yashovchi aholi o‘zining iqlim sharoiti, turmush tarzi, kasb-kori, qadriyat va an’analariga tayangan holda kiyim kiyishi urf (bugungi tilimizda «moda») hisoblanadi.
«Moda»ni avom shunchaki o‘ylab topgan emas. U ma’lum bir shart-sharoitlar taqozosiga ko‘ra zaruriyat yuzasidan joriy qilingan.
Bir turdagi kiyim yoki kiyinishning urfga kirishi yuqorida sanab o‘tilgan omillar bilan bog‘liq bo‘lgan.

Milliylik inqirozga yo‘liqdimi?
Ko‘cha-ko‘yda nazaringiz tushgandir: maxsus oqartirilgan, hamma yog‘iga yozuvlar, turli belgilar, suratlar tushirilgan, hatto maxsus timdalangan, yirtilgan kiyimlarni bemalol kiyib yurganlar uchrayapti. Men oldin bu kiyimlar qaysidir shirkatning savdo belgisi yoki g‘oyasini yoyish uchun ayrim odamlarga tekinga tarqatilsa kerak, deb o‘ylar edim. Keyin bilsam, o‘sha kiyimlarni ham odamlar o‘zlari xohlab, otning kallasidek pul to‘lab sotib olib, kiyishar ekan.

Esimda, bolaligimizda bir kuni ukam ajabtovur shalvar sotib olgan edi. Ko‘chada kiyishga. U matohning hamma yog‘i yozuv. «Zap mol olibsan-da, — degandim o‘shanda. — Buning ham kiyim, ham gazeta hisobida ekan. Ko‘cha-ko‘yda kiyib yurasan — hamma oq qarg‘ani ko‘rib qolganday senga qaraydi. Zeriksang, bir chekkada o‘tirvolib, maza qilib undagi yozuvlarni o‘qiysan!» Shundan keyin ukam kinoyamni ilg‘adi chog‘i u kiyimni kiyganini ko‘rmadim.
Milliy kiyimlarimizga e’tibor bersangiz, ularning biron joyida yozuvi yo‘q. Hatto, ayollarning jimjimador ko‘ylaklarida ham rang bor, naqsh bor, gul bor, lekin yozuv yo‘q. Nega?

Chunki xalqimiz yozuvni muqaddas bilgan. Yozuvli qog‘oz yerga tushib yotganini ko‘rsa, darrov uni yuqoriroq joyga olib qo‘ygan. Yozilgan qog‘ozni imkon qadar teparoqda saqlashni odat qilgan. Yozuv — ilm-ma’rifat belgisi. Unga munosib munosabat ko‘rsatilishi shart deb hisoblashgan. Yozuvni matoga tushirib, uni libos, xususan, beldan pastga kiyiladigan kiyim sifatida ishlatishga insoniylik yo‘l qo‘ymagan.
Bugun ko‘pchilik shirkatlarning savdo belgisi (brendi) targ‘ib ma’nosida kiyimlarda aks ettirilyapti. Ayrim kompaniyalar uni yozuv bilan emas, qanaqadir timsollar bilan izhor qilishni ma’qul ko‘rishgan.

Mayli, balki yozuv mahsulotning yorlig‘ini anglatishga xizmat qilar, lekin kiyim betiga chaplangan uzundan uzoq jumlalar, g‘oyalar, xilma-xil shiorlar-chi? Bunday ajnabiy tilda bitilgan yozuvlarga, tabiiyki, ko‘pchilik ahamiyat berib o‘tirmaydi. Hatto, tushunmaydi ham. Lekin es-hushi joyida kishi o‘sha yozuvlarni sinchiklab kuzatsa, juda dahshatli g‘oyalar targ‘ib qilinayotganining guvohi bo‘ladi.
Masalan, gardaniga «killer» so‘zi bitilgan kiyimlarga ko‘zimiz o‘rganib ham qoldi, ammo uning ma’nosi «qotil», «jallod» degani ekanini o‘sha kiyimni kiyib yurgan muloyimgina o‘spirin anglab yetayotganmikan?

Yoki boshqa bir undan-da jirkanchroq so‘z bor. U so‘z yozilgan kiyim albatta qiz bolaning sha’niga dog‘ tushiradi. Shu o‘rinda asosli bir savol tug‘iladi: nahotki, yangi urf bo‘layotgan kiyimga bo‘lgan ishqibozlik qiz bolaning or-nomusi, qadr-qimmatidan ham ustun tursa?
Xalqda kambag‘alni urma, so‘kma, to‘nini yirt, degan gap bor. Atayin shunday kiyimlar ishlab chiqarib, bizga taqdim etayotganlar bizni urmay, so‘kmay anchagina dahshatli g‘oyalar o‘tkazayotganini ilg‘ab-ilg‘amay yashayapmiz. Aslida kiyim boshqalar orasida faxr va g‘urur yoki o‘zini boshqalardan ajratish — ustun qo‘yish vositasi emas, odamiylik ramzi ekanidan dalolat qilishi kerak.

O‘lim ostonasidagi ayol
...O‘limga hukm qilinganlar orasida bir ayol ham bor ekan. Qatlga olib ketishayotganda u posbondan igna va ip so‘rabdi. «Igna-ipni ne qilasan?» debdi.
— Kiyimimning yon tomonidagi choki so‘kilibdi, shuni chandib olay.
— Bu yumush senga ne uchun kerak, axir bir necha lahzadan so‘ng yorug‘ dunyo bilan xayrlashasan-ku?!
— Men ayol kishiman, o‘limim oldida ham sharm-hayoni saqlashim darkor. Yirtiq kiyim bilan xaloyiq oldiga chiqish men uchun uyat...
***
Sharmu hayo — ayolning husni. Garchi ayol nechog‘li maftunkor va xushsurat bo‘lmasin, sharmu hayosi yo‘q esa, u o‘zgalar ko‘ziga juda xunuk ko‘rinadi.
Kiyinish bilan bog‘liq xatarlar ba’zi davlatlarda katta ijtimoy-siyosiy ahamiyat kasb eta boshladi. O‘z xalqining milliy tutumlari, qadriyat va an’analariga sodiq ayrim davlatlar bu masala yuzasidan jiddiy mulohaza yuritib, tegishli hujjatlar qabul qila boshladi.
Bir xabarda shunday deyiladi: «AQShning Deydvil shahar hukumati erkak kishilarga shimni osiltirib kiyish hamda ayollarga kalta yubka va kalta ishtonlarni kiyishni taqiqlab qo‘ymoqchi.
«Qizlarimizning ich-kiyimga o‘xshagan darajada o‘ta kalta shortik va kalta yubka kiyishlariga yo‘l qo‘yish to‘g‘ri emas», debdi shahar hukumati vakili.
«Agar ko‘cha-kuyda yurganda o‘zingizni hurmat qilmasangiz, birovning hurmatiga ham loyiq bo‘lmaysiz. Bunday «kiyinish» hurmatga loyiq emas», debdi uning hamkasbi.
O‘zlarini erkin hisoblab, istagan narsasini kiyadigan kishilar, aslida boshqalarga hurmatsizlik qilmoqdalar va yon-atrofdagilarning huquqlarini poymol qilmoqdalar».
Bu muammo nafaqat insonlar orasidagi o‘zaro hurmat, odob yoki madaniyatga doxil masala, balki inson va uning insoniyligiga qaratilayotgan puxta rejali va chuqur o‘ylangan buzg‘unchi g‘oyalar targ‘ibotining yana bir nishonasi. Buni anglab yetish va unga munosib immunitet hosil qilish har birimizning birinchi navbatdagi vazifamiz.
Turobjon ABDURAZZOQ

Manba: "Oila davrasida"

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ko‘zingizni oching, odamlar! (yoxud ommaviy bekinmachoq qachon tugaydi?)