10:05 / 05.05.2019
4 108

O‘zbek tilini bilmaslik – sizning muammongiz!

O‘zbek tilini bilmaslik – sizning muammongiz!
Bir guruh faollarning vesti.uz saytida rus tiliga rasmiy til maqomini berish taklifi bilan chiqishi ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbek ziyolilarining keskin noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Jumladan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Dilorom Karimova ham ayni shu mavzuga "O‘zbek tilini bilmaslik – sizning muammongiz!" deya munosabat bildirdi.

Rus tilini bilishimiz kerak, ha, u bizni dunyo bilan bog‘lovchi vositalardan biri. Lekin ona tili bilan bir maqomga ko‘tarish shartmi? Chet tillarni xalqning milliy tuyg‘usiga tegmay o‘rgansa, o‘rgatsa bo‘lmasmi?

Eng qizig‘i, tashabbuskor ziyolilarimizning ko‘pi o‘zbek tilidan chala-chulpa xabardor, tuzukroq gaplasha olmaydi, hatto o‘zbek tilini tushunmaydiganlari ham bor. Ular millat manfaatini o‘ylabmi yo shaxsiy foydalarini ko‘zlab bu taklifni ilgari surdilar?!

Bir qancha davlatlarda rasmiy til ikkitaligini pesh qilishibdi. Lekin dunyo mamlakatlarining aksarida davlat tili yagonaligini, milliy madhiya ikki tilda emas, bir tilda kuylanishini, imtihonlar faqat davlat tilida topshirilishini, darslar shu tilda o‘tilishini, barcha muassasa va korxonalarda yagona tilda ish yuritilishini nahotki bilmasalar?

Pushkin tilini ko‘kka ko‘tarayotganlar Navoiy, Mashrab tilini ham o‘rganib olsalar yomon bo‘lmasdi. Vaholanki, Aleksandr Pushkin, Fyodor Dostoyevskiy, Lev Tolstoylar rus elitasining fransuzparastligidan ranjib, o‘z ona tilini ulug‘lagan ulug‘lar edi. Nega siz, hurmatli ziyolilar, ona tilingizni bu qadar yerga urasiz?

Bizning yurtimizda qanchadan-qancha rus, koreys va boshqa millatga mansub odamlar yashaydi. Shu yerning suvini ichib, nonini yeb, shu o‘lkada o‘sib-ulg‘ayishgan. Ming afsuski, ularning ko‘pi o‘zbek tilida gaplashishni bilmaydilar, hatto o‘rganishga ham harakat qilmaydilar. Axir, tilga behurmatlik – elga behurmatlik emasmi?! O‘zbek xalqining tantiligi, ochiq ko‘ngilligi, kechirimliligini hadeb sinayverish yaxshilikka olib borarmikan?..

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbek tilini bilmaslik – sizning muammongiz!