10:00 / 13.05.2019
4 399

Kunduzi chiroq yoqish nimaga kerak?

Kunduzi chiroq yoqish nimaga kerak?
Yo‘l harakati qoidalaridagi eng keng muhokama qilingan o‘zgarish, bu – kunning yorug‘ vaqtida barcha avtomototransport vositalari yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanishi shart etib belgilanganidir.

Mazkur o‘zgarishga ko‘pchilik qarshilik qilmoqda va buni to‘g‘ri tushunish mumkin. Toki insonlarning bunga ko‘nikishi va foydasini sezgunigacha vaqt kerak.

Masalan, uzoqqa bormaymiz, qo‘shni Qirg‘izistonda 2009 yildan buyon kunduzi chiroq yoqib yurish majburiy. O‘sha paytda ko‘pchilik qirg‘izlar ham bunga qarshi chiqishgan.

Qozog‘istonda esa bu qoida 2014 yilda kiritilgan. Internetdan qidirib ko‘rsangiz, qozoqlarning norozi bo‘lganini ham ko‘rasiz. Lekin vaqt o‘tishi bilan qo‘shni davlatlarda hamma bunga ko‘nikdi va deyarli hech kim e’tiroz bildirmaydi.

Biz qirg‘izlardan 10 yil, qozoqlardan 5 yil keyin bu qoidaga o‘tyapmiz.

Ko‘pchilikning e’tirozi deyarli bir xil mazmunda - «biz Skandinaviya emasmizku» deya iqlimni ro‘kach qilishmoqda. «Biz quyoshli yurtmiz, yog‘ingarchilik va tuman bo‘lmaydi, bu ahmaqona o‘zgarish» deyishmoqda ular. Xo‘sh, unda Qirg‘iziston va Qozog‘iston tumanli mamlakatmi? Yoki bu qoida faqat Skandinaviyada bor deb o‘ylaysizmi?

Bir narsani to‘g‘ri tushuning, kunduzi chiroq yoqib yurish qoidasining iqlimga aloqasi yo‘q.

Bu bo‘yicha rivojlangan mamlakatlarning olimlari allaqachon ilmiy izlanishlar olib borib, kunduzgi yongan chiroq avtohalokatlarning oldini olishga yordam berishi, chunki u haydovchi va piyodalarda hushyorlikni oshirishini isbotlab qo‘yishgan. Bu qoida 10-15% halokatlarning oldini oladi. Agar erinmasangiz, Google degan sayt bor, o‘zingiz uchun qidirib, o‘qib ko‘rsangiz foydadan holi bo‘lmasdi.

Keyin yana bir narsa, kunduzi chiroq yoqib yurish qoidasi O‘zbekiston uchun yangilik emas. 2015 yildagi qoidaga binoan, yo‘lovchi va yuk tashish transportlari, mototsikl va mopedlar uchun kunduzi chiroq yoqish majburiy qilib qo‘yilgan edi. Ya’ni 4 yildan buyon bu qoida bizda qisman amalda bo‘lgan, osmondan tushgani yo‘q, faqat endilikda shuni barchaga qo‘llashyapti xolos.

Yodingizda bo‘lsa, bir necha yillar oldin GM Uzbekistan zavodidan chiqqan mashinalar o‘t oldirilganda kunduzgi signal chiroqlari (DXO, Daytime running lights) avtomatik yonadigan bo‘lganda, ayrimlar buni texnik nosozlik deb o‘ylab, salonga yoki ustaga olib borgandi ham. Lekin keyinchalik bu narsa xalq orasida «yevrostandart» degan nom oldi. Qarang, o‘z nomi bilan aytib turibdi – yevrostandart. Bir gapi bordirki, jahon standartlarida shunaqa talab kiritilgan.

Quyidagi xaritada esa Yevropa davlatlaridagi holat haqida ma’lumot keltirilgan. Ko‘k rang bilan belgilangan davlatlarda haydovchilarga kunduzi chiroq yoqib yurish tavsiya etilgan, lekin majburiy emas, qizil rang bilan belgilangan davlatlarda esa – majburiy. Xaritadan ushbu qoidaga iqlimning aloqasi yo‘qligiga yana bir bor guvoh bo‘lishingiz mumkin.

E’tirozlar bildirishga barchaning to‘la haqqi bor, ularni ayblashdan yiroqman. Shunchaki yangiliklarni qabul qilishga o‘rganishimiz, agar shubhamiz bo‘lsa, faqat kommentlardan xulosa qilmasdan, internetdan mustaqil qidirib ko‘rib, o‘z shaxsiy fikrimizni shakllantirishga ham ko‘nikishimiz kerak.

Xushnudbek Xudoyberdiyev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Kunduzi chiroq yoqish nimaga kerak?