23:35 / 13.05.2019
3 819

Bu yil test natijalari qay tartibda e’lon qilinadi?

Bu yil test natijalari qay tartibda e’lon qilinadi?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra joriy yilgi test sinovlari iyul-avgust oylarida o‘tkazilishi belgilangan.

Shuningdek, joriy yilda ham test natijalari DTMning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi. Faqat ball e’lon qilishda tartib biroz boshqacharoq bo‘ladi.

Ya’ni, abituriyent test sinovidan to‘plagan ballari haqidagi ma’lumotni test topshirgan kunining ertasiga bilishi mumkin. Lekin ertasi kuni faqat necha ball to‘plaganini bila oladi, kirgan-kirmaganini emas.

Abituriyentning talabalikka tavsiya etilgan yoki etilmaganiga oid ma’lumotni esa test sinovlarini o‘tkazish jarayoni to‘liq yakunlangandan keyin bir hafta muddat ichida DTM saytidan ko‘rib olishi mumkin.

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev telegramdagi kanalida joriy etilgan o‘zgarishlarga sharh berdi.

Nima uchun bunday bo‘ladi?

Chunki joriy yildan boshlab abituriyent bir paytning o‘zida 3ta yo‘nalishga hujjat topshira olishi rasman tasdiqlandi. Shuning uchun ham abituriyentning o‘qishga kirgan yoki kirmaganini 1 kunda aytish imkonsiz.

Misol tariqasida tushuntiraman. Xorazmlik abituriyent O‘zMU, TATU hamda UrDUga hujjat topshirdi deylik. Testga Urganch shahrida 3 avgust kuni kirdi. O‘z-o‘zidan endi avvalgi yildagidek, falon OTMning testi 1 avgustda, piston OTMning testi 3 avgustda degan narsa bo‘lmaydi, bu yil OTMlar aralash bo‘ladi. Faqat yo‘nalishlardagi fanlar blokiga qarab abituriyentlar kunlarga va pavilonlarga ajratiladi.

Shundan kelib chiqib, 3 avgust kuni test topshirgan abituriyent hali yakuniy natijani bila olmaydi, chunki u kabi O‘zMU, TATU yoki UrDU uchun hujjat topshirgan abituriyentlar 5 yoki 10 avgustda ham testga kirishi mumkin.

Shuning uchun ham avval hamma test topshirib bo‘lishini kutish kerak. Yakuniy natija shundan keyingina ma’lum bo‘ladi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bu yil test natijalari qay tartibda e’lon qilinadi?