DTM: «Fanlar ketma-ketligi bir xil bo‘ladi»

  • 15 may 2019, 16:10
  • 665
  • Jamiyat
  • DTM: «Fanlar ketma-ketligi bir xil bo‘ladi»
    Bugun Adliya vazirligi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida OTMlarga kirish jarayonidagi o‘zgarishlar masalasi muhokamada bo‘ldi («Oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi»gi Prezident qarori).

    Anjumanda Davlat test markazi, oliy ta’lim vazirligi, Davlat xizmatlari agentligi mas’ullari ishtirok etishdi. Asosiy masalalar bo‘yicha mas’ullarning javoblari quyidagicha bo‘ldi.

    1. Fanlar ketma-ketligi. Bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev uch yo‘nalishdan birini tanlashda fanlar ketma-ketligi mos bo‘lishi shart emas, degan edi. Boshqa manbalarda ham shunday xabar tarqaldi. DTM bosh boshqarma boshlig‘i Barno Rajabov esa buni boshqacharoq talqin qildi. Ya’ni fanlar ketma-ketligiga e’tibor qaratiladi, bo‘lmasam, ko‘p chalkashliklar yuzaga keladi dedi. Ammo bu masala bo‘yicha yana takliflar o‘rganilayotganini ham qistirib o‘tdi. Xullas, hozircha noaniqlik.

    2. Sertifikatlar. V1 sertifikati bu yil o‘tadimi degan asosiy savolga DTM mas’uli 2019 yil 1 yanvargacha olingan sertifikatlar muddati tugagunicha amal qiladi dedi. Demak, ushbu sertifikatlar uch yilgacha muddatga ega bo‘lsa, 2018 yil oxirigacha olingan V1 sertifikatlari 2021 yilgacha amal qiladi deb tushunish mumkin. Bu yilgi IELTS javoblari 6 iyulda chiqishiyu JIDUga hujjat qabul qilish 5 iyulda tugashi masalasi ham ko‘tarildi. Hujjat topshirish muddatlari hukumat qarori bilan allaqachon belgilab qo‘yilgani, unga o‘zgartirish kiritib bo‘lmasligi aytildi.

    (Balki JIDU qabul tartibiga ichki hujjat bilan o‘zgartirish kiritar (bunisi hozircha aniq emas). Yoki abituriyent sertifikatsiz, umumiy tartibda test yechib chiqishi ham mumkin. IELTSdan o‘tgan odam JIDU testini ham yecha olar).

    3. Natijalar qachon e’lon qilinadi? Abituriyent to‘plagan ballar ertasi kuni e’lon qilinadi, ammo o‘qishga kirgan yo kirmagani hali ma’lum bo‘lmaydi. Buning uchun imtihonlar tugashini kutishi kerak. Hamma imtihon topshirib bo‘lgach, kimlar kirgani DTM saytida e’lon qilinadi.

    4. Imtiyozlar. Harbiy xizmatchilar, nogironlar va shu kabi imtiyozli toifalarning imtiyozlari uch yo‘nalishdan faqat bitta – ustuvor yo‘nalishga tatbiq qilinadi. Sirtqi ta’limga topshirilganlarga ham imtiyozlar birdek qo‘llanadi, bunda sirtqi ta’lim faqat to‘lov-kontrakt asosida amalga oshirilishini unutmaslik kerak.

    5. Informatika fani. Matematika fani bo‘yicha test opshirganda 6 ta savol informatikadan bo‘lar edi, keyin informatika chiqarib tashlanadi degan gaplar chiqdi. DTM mas’uli bu masala bo‘yicha taklif kiritilgani, hozirda ko‘rib chiqilayotganini aytdi (ya’ni bu ham hali aniq emas).

    6. Hujjatlar topshirish. Bu yil hujjatlar FAQAT Davlat xizmatlari markazlari va Yagona elektron davlat xizmatlari portali orqali topshiriladi. Bu yil bir milliondan ortiq abituriyent hujjat topshirishi kutilmoqda, DXA va YaEDXP bu vazifani uddalay oladimi degan savolga DXA mas’uli buning uchun barcha choralar ko‘rilganini aytdi.

    Avvalo, o‘tgan yillari respublika bo‘yicha hujjat qabul qiluvchi OTMlar soni 100 taga ham yetmas edi, hozirda respublika bo‘yicha 200 dan ortiq davlat xizmatlari markazi bor. Qolaversa, DXA rahbariyati zarurat tug‘ilsa mehnat qonunchiligiga amal qilgan holda hujjatlarni 24 soat qabul qilish rejasini ham tayyorlab qo‘ygan (uch smenalab ishlashsa kerak).

    7. Elektron raqamli imzo. Yagona portal orqali hujjat topshirish uchun elektron raqamli imzo kerak bo‘ladi. Bu bir marta olinadigan narsa. Avvalroq olib qo‘yilsa, maqsadga muvofiq. ERIni masaofadan turib olib bo‘lmaydi, demak, ERIsi yo‘q fuqarolar masofadan turib hujjat topshira olmaydilar. Ammo DXA xodimi ushbu masalani AKT vazirligi bilan muhokama qilib, imkoniyatlarni o‘rganib chiqishini aytdi.

    Tushunishimcha, qulayliklar bor, ammo noaniqiklar ham ko‘p. Sinovlar boshlanishiga oz qoldi. Bunday sharoitda chayqalishlar ayrimlarni cho‘chitishi, hayajonga solishi mumkin. Menimcha, hujjatlarga va tartiblarga chalg‘imay, ilm olishda davom etaverish kerak. Test topshirayotganda qo‘lingizda ruchkayu miyangizda bilimdan boshqa hech nima bo‘lmaydi sizda.

    Shahnoza To‘raxo‘jayeva

    Manba: Xabar.uz

    Фикрлар

    » » DTM: «Fanlar ketma-ketligi bir xil bo‘ladi»