20:37 / 19.05.2019
2 226

Aql uchun jang: G‘olib va mag‘lublar

Aql uchun jang: G‘olib va mag‘lublar
Kecha o‘qiganim Ilya Varlamovning navbatdagi blogposti menga yoqib qoldi va uni tarjima qilishga qaror qildim.
***
Avvallari urushlar hududlar uchun bo‘lar edi. XX asrda urushlar asosan resurslar uchun bo‘ldi. Yigirma birinchi asrda esa urush aql uchun bo‘lmoqda. Ochig‘i: Qrim qaytgani umuman ahamiyatsiz. Putin Kuril orollarini qaytarib beradimi, yo‘qmi, ahamiyatsiz. Hatto Alyaskani qaytarib olganimizda ham, global hech narsa o‘zgarmaydi.

So‘nggi inqiroz ko‘rsatdiki, neft va boshqa resurslar ham ahamiyatsiz ekan. Mana bizda resurslar bisyor. Xo‘sh ularni nima qilamiz? Nonga neft surtib yeymizmi? Neft narxi tushib ketdi, tamom, byudjet qiynaladi, hammaning kayfiyati tushkun…

Dunyoda Singapur degan davlat bor, kattaligi Moskvacha. Iqtisodiyoti dunyodagi eng ochiq va korrupsiyadan holi mamlakat. Doimo iqtisodiy erkinlik reytinglarida yetakchi o‘rinlarda. Narxlar barqaror, YaIM esa jon boshiga dunyodagi eng yuqorilaridan biri. Singapurda yer va resurs umuman yo‘q. Hatto suvni ham Malayziyadan sotib olishadi.

Lekin, mahalliy aholi turmush darajasi yuqori. Qolaversa, dunyoning turli chekkalaridan odamlar u yerga ishlash uchun borishadi. Yoki Yaponiya. Hududi ham katta emas, resurslarga ham boy emas. Lekin dunyodagi eng kuchli iqtisodiyotlardan biri. Yaqingacha AQShdan keyin ikkinchi o‘rinda edi. Eng zo‘r texnika, eng zo‘r avtomobillar… Aytmasam ham bilasiz.

Zamonaviy dunyoda muhimi aql. Ishlash va yashash uchun qulay sharoit yaratgan davlat g‘olib chiqadi. Zamonaviy odamlar mobil va bilimli. Madaniy to‘siqlar deyarli yo‘q. XIX yoki XX asrda boshqa davlatga ko‘chib o‘tish jiddiy qadam va og‘ir hayotiy sinov edi. Bugun ko‘chish kichik stress, yoshlar uchun esa umuman oddiy ish. Zamonaviy texnologiyalar sizga dunyoning istalgan nuqtasida o‘zingizni uydagidek his qilish imkonini beradi.

Atrofingizdagi odamlar bilan aloqa uzilmaydi. Moskvada ham va Nyu Yorkda ham bitta ilova orqali taksi chaqirasiz, sevimli kofeingizni o‘sha tanish “Starbaks”da ichasiz. Avval yangi joyda yashash yangi hayot boshlash degani edi. Hozir bir-ikki «klik» orqali ish topish, ikki «klik» orqali bilet olish, yana ikki «klik» bilan kvartira topib dushanba kuni Londonda ishga chiqish mumkin. Yoshlar uchun chegaralar mavjud emas. Yoshlar uchun Londonga borish Omskka borishdan osonroq. Yoshlar qaysi joy yaxshi va qulay bo‘lsa, o‘sha joyni tanlaydi.

Men sinfdoshlarim bilan doimiy aloqada emasman. Yaqinda ularning hayoti qanday kechayotgani bilan qiziqib ko‘rdim. Ijtimoiy tarmoqlar orqali ularni izladim. Barcha iqtidorli va iste’dodlilari ko‘chib ketishgan. Kimdir AQSh, kimdir Yevropa, yana kimdir Isroilga. Bu – muammo. Ular Rossiyada qolishlari mumkin edi, lekin, ular ketishdi.

Har yili Kremniy vodiysiga borishga harakat qilaman va u yerdagi bizning yoshlar bilan ko‘rishaman. Ketishgan, chunki u yerda imkoniyat ko‘p. Chunki u yerda biznesingni tortib olishmaydi. Chunki u yerdagi sud kimningdir qo‘ng‘irog‘i orqali qaror chiqarmaydi. Bunaqa katta va kichik misollar ko‘p. Kimdir, bu yerda hech kimga keragi yo‘qligini bilib, AQSh tog‘ chang‘ichilariga murabbiylik qilyapti, kimdir dunyoning yetakchi kompaniyalarida biz har kuni ishlatayotgan ilovalar ustida ishlashmoqda. Bu – Rossiyaning mag‘lubiyati.

Biznesi tortib olingani sabab chetga ketgan Durov – Rossiyaning mag‘lubiyati. AQShda yashab, o‘sha yerda shug‘ullanadigan Rossiya iftixori Mariya Sharapova – Rossiyaning mag‘lubiyati. Ha, u rasman Rossiya fuqarosi. Lekin u AQSh iqtisodi uchun ishlayapti. O‘z murabbiylik maktabini AQShda qurmoqda. Bu ro‘yxatni mening yordamimsiz ham bemalol o‘zingiz uzoq davom ettira olishingizga ishonchim komil.

Bunday mag‘lubiyatlar, masalan, biror hududni boy berganimizchalik, yaqqol ko‘rinmaydi. Hududni xaritada ko‘rsatish mumkin. Boy berilgan aqllarni esa xaritadan ko‘rsatib bo‘lmaydi. Lekin bunday mag‘lubiyatlar davlat uchun siz o‘ylagandan ko‘ra og‘riqliroq.

Bugun odamlar Amerika va Yevropa samoletlarida uchishyapti, yapon va olmon avtomobillarida yurishibdi. Biz esa hattoki oddiy stanok ham chiqara olmaymiz. Ha, ishonmasligingiz mumkin, lekin, istalgan zamonaviy korxonaga boring, u yerda birorta Rossiyada ishlab chiqarilgan dastgoh ko‘rmaysiz.

Yaqinda mudofaa vazirligi tasarrufidagi sanksiyaga tushgan zavodlarimizdan birining zamdirektori bilan suhbatlashdim. Aytishicha, chet el banklaridan kredit olish imkoniyati yo‘qolgani uncha qo‘rqinchli emas, pul topish mumkin, yomon tarafi – yuqori aniqlikda ishlovchi stanoklar sotib olishga ulgurishmagani. Chunki bu stanoklarsiz zamonaviy qurol ishlab chiqarish imkonsiz.

“Bulava” va “Iskander”lar bilan ko‘kragimizga qanchalik urmaylik, odamlarni boy beryapmiz. Kosmosga uchishi mumkin bo‘lgan, shaharlarimizni boshqaradigan odam yo‘q.

Dumada o‘tirgan “aqllilar” esa kim ko‘proq ahmoqona qonun o‘ylab topish bo‘yicha musobaqalashishmoqda. “Xalq ko‘chib ketyapti? Keling, chiqish vizalarini joriy etamiz! Chetdagi hisob raqamlarga taqiq qo‘yamiz. Ikki fuqarolik olishni ham cheklaymiz!” Har bir shunga o‘xshash tushabbus ortidan yana bir guruh yuklarini yig‘ishtirib, bir tomonga bilet oladi va Rossiyani tark etadi.

Kecha qaysidir jurnalist telefon qilib yana bir shunday tashabbus bo‘yicha fikrimni so‘radi. Har bir messendjerga, hech kim yozishmalarida qonunni buzmasligi uchun, foydalanuvchilarni identifikatsiya qilish majburiyatini yuklashmoqchi ekan. Bu tashabbus maqolalarga fikr bildirish funksiyasi bor saytlarga ham taalluqli.

Bu haqida nima ham deb o‘ylashim mumkin?! Hech narsa. O‘ylashimcha, yana bir guruh Rossiyani sevuvchi, shu yerda yashash va ishlashni istagan iste’dodli va tadbirkor yoshlar AQSh yoki Yevropaga ishlash uchun ravona bo‘lishadi. Chunki hech kim ertaga FSB yoki roskomnadzordan kelgan biror “aqlli” biznesini bir soniyada yopib qo‘yishini istamaydi.

Chunki Rossiyada Vikipediyadagi bir bezarar maqola uchun kuniga millionlab odam kiradigan saytni yopish haqida hukm chiqaradigan sudlar, bu hukmni ijro etishga tayyor roskomnadzor bor. Qayerdadir esa bo‘lajak Stiv Jobs va Ilon Mask “Rossiyada yangi loyiha boshlashdan ma’no bormi o‘zi?” deb o‘ylanib qoladi.

Har bir bir tomonga olingan bilet – Rossiyaning mag‘lubiyati.

Ertaga FSB hammaning zagranpasportini to‘plab olib, Rossiya chiqish vizalarini joriy qilib, chegaralarni yopib qo‘yganida ham, amalda deyarli hech narsa o‘zgarmaydi. Chunki zamonaviy davlat uchun faqatgina o‘z fuqarolarining o‘z-o‘zini realizatsiya qilish imkoniyati borligi emas, yangi qon kelishi ham juda muhim.

Kim dunyoning eng zo‘rlarini jamlay olsa, o‘sha eng zo‘rlar kelib, o‘sha yerda ishlashni xohlaydigan sharoit yarata olsa, o‘sha g‘olib bo‘ladi. AQSh, Yevropa va Xitoydagi istalgan muvaffaqiyatli loyiha – bu o‘sha sohaning eng zo‘rlaridan iborat, turli joydan kelgan mutaxassislar guruhidir. Bu IT-startap bo‘ladimi yoki katta adron kollayder. Va bu borada Rossiya hech narsa taklif qila olmaydi.

Barcha rivojlangan davlatlar hozir kim ko‘proq aqllarni o‘ziga jalb qilish uchun kurashmoqda. Bu kurashga Xitoy ham qo‘shilgan. Avvallari ular hamma narsaning nusxasini yaratish bilan shug‘ullanar edi, endilikda Xitoy shunchaki fabrika rolini bajarishga rozi emas. Va buning uchun sharoit yaratilmoqda. Natijada ishlash va biznes yuritish uchun Xitoyda kelishmoqda.

G‘amgin nuqtada yakunlashni istamagan edim. Lekin hozircha Rossiya aqlli, iste’dodli odamlar bu yerga kelib ishlashni istashi uchun sharoit yaratayotganini ko‘rmayapman. Gap pul uchun hattoki Somali fuqaroligini olishga tayyor qariya aktyor va qo‘shiqchilar haqida emas. Men aqllar haqida gapiryapman. Yangi mahsulot yaratadigan, bizneslarni rivojlantiradigan, koinotga raketa uchiradigan, shaharlarimizni boshqaradigan odamlar haqida. Ular esa yo‘q.

Uchinchi jahon urushi – yadro qurollari, robotlar, lazerlar bilan bo‘ladigan jang emas. Bu aqllar uchun kechadigan jang. Bu jang allaqachon boshlangan. Va hozircha Rossiya mag‘lubiyatga uchramoqda.
***
Nega aynan bu maqolani tarjima qilishga qaror qildim? Chunki, biz uchun Rossiya har narsada namuna bo‘lishiga o‘rganib qolganmiz. Rossiyaga intilamiz. Rossiya boshqa rivojlangan davlatlardan qanchalik ortda qolganini bilsak, balki bizning hozirgi ahvolimiz qay darajada ekanini his qilarmiz?! Bizning ahvolimiz — Rossiyaga borib ko‘cha tozalash, teplitsada ishlash va hokazo qora ishlar.

Bizning ahvolimiz – hech qanday shart-sharoit yaratilmagan joyda ham ishlashga va oqibatda tiriklayin yonib ketishga tayyor va majbur voyaga yetmagan qizlar. Odamlar uydan ko‘ra, o‘lim havfi ostida bo‘lsa ham, Rossiyani afzal bilishayotgani ahvolimiz naqadar harobligining isbotidir. Shu qadar harobki, biz nafaqat aqllilar uchun kurashda (bunday mahsulot yaratmay qo‘yganmiz), balki oddiy mehnat kuchi kurashida ham mag‘lub bo‘lmoqdamiz.

Tarjimon Shermuhammad ABDUG‘OFUROV

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Aql uchun jang: G‘olib va mag‘lublar