O‘zbekistonda 1 iyundan qanday o‘zgarishlar yuz beradi?

  • 19 may 2019, 22:27
  • 2 734
  • Jamiyat
  • O‘zbekistonda 1 iyundan qanday o‘zgarishlar yuz beradi?
    Tabiiy gaz va elektr energiyasining narxi oshadi

    O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 noyabrdagi «Yoqilg‘i-energetika resurslarining narx va tariflarini bosqichma-bosqich o‘zgartirish to‘g‘risida»gi 897-sonli qaroriga muvofiq 2019 yil 1 iyundan boshlab tabiiy va suyultirilgan gaz va elektr energiyasi uchun narxlar oshiriladi. Jumladan:

    Tabiiy gazning (1 kub/m uchun) narxi:
    - hisoblash asboblari bo‘lganida aholining kommunal maishiy ehtiyojlari uchun — 350 so‘m;
    - hisoblash asboblari bo‘lmagan holda aholining kommunal maishiy ehtiyojlari uchun:
    - ovqat tayyorlash va issiq suv ta’minoti uchun — 605 so‘m;
    - isitish tizimi uchun — 350 so‘mdan hisoblanadi.

    Elektr energiyasining narxi (1 kVt soati uchun):
    I va II guruhdagi iste’molchilar uchun — 370 so‘m;
    III guruhdagi iste’molchilar uchun — 280 so‘m;
    IV guruhdagi iste’molchilar uchun — 392 so‘m etib belgilanadi.

    Davlat xizmatlarini ko‘rsatishdagi hudud va propiskaga chegara bekor bo‘ladi

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 15 maydagi «Davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimini yanada kompleks rivojlantirish choralari haqida»gi qaroriga muvofiq 2019 yil 1 iyundan boshlab:

    - davlat xizmatlaridan foydalanish uchun jismoniy va yuridik shaxslar istalgan joydagi Davlat xizmatlari markazlariga (propiska va pochta manzilidan qat’i nazar) murojaat qilishga haqli bo‘ladi;

    - davlat xizmatlarini olish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat etganda, davlat boji, yig‘imlar va boshqa to‘lovlar Markazlar orqali yoki bevosita xizmat ko‘rsatuvchi organlarga murojaat etganda to‘lanadigan summadan 90 foiz miqdorida to‘lanadi.

    MIB faoliyatda ayrim o‘zgarishlar yuz beradi

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 15 maydagi «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq 2019 yil 1 iyundan boshlab:

    - ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi masala ijro hujjati kelib tushgan vaqtdan boshlab bir ish kuni ichida hal etiladi;

    - ijro harakatlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qiluvchi holatlar mavjud bo‘lgan taqdirda, mazkur harakatlar qarzdorning arizasiga yoki davlat ijrochisining o‘z tashabbusiga ko‘ra ko‘pi bilan ikki marta kechiktirilishi mumkin bo‘ladi (necha marta kechiktirilishi mumkinligi qonunchilikda ko‘rsatilmagan edi);

    - va endilikda ijro harakatlarini bajarishda yuzaga kelgan masalalarni tushuntirish uchun davlat ijrochisi tomonidan tayinlangan mutaxassis ijrochining qarori bilan tanishgan kundan boshlab o‘n besh ish kuni ichida yozma xulosa taqdim etishga majbur bo‘ladi.

    Fuqarolar yig‘inlari xodimlari tuman tashkilotida ishga olinib, ishdan bo‘shatiladigan bo‘ladi

    Prezidentning 2019 yil 2 apreldagi «Aholi muammolari bilan ishlashda mahalla institutining mavqeyini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5700-sonli farmoniga muvofiq, 2019 yil 1 iyundan boshlab fuqarolar yig‘inlari xodimlari bilan mehnat shartnomalarini tuzish va bekor qilish fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha tuman (shahar) kengashlari raislarining birinchi o‘rinbosarlari tomonidan amalga oshiriladi.

    Ta’kidlash joizki, bunga qadar respublikada fuqarolar yig‘inlari xodimlari bilan mehnat shartnomalarini tuzish va bekor qilish bilan bog‘liq yagona qoida yoki amaliyot bo‘lmagan.

    Eslatib o‘tamiz, fuqarolar yig‘inlari raislari va mas’ul kotiblari oylik ish haqi joriy yil 1 maydan 1,25 baravarga oshirildi va joriy yil 1 oktyabrdan yana 1,2 baravarga oshirilishi belgilangan.

    Manba: Kun.uz

    Фикрлар

    » » O‘zbekistonda 1 iyundan qanday o‘zgarishlar yuz beradi?