13:10 / 20.05.2019
3 781

Yana bir avtomobil ko‘chada yonib ketdi (video)

Yana bir avtomobil ko‘chada yonib ketdi (video)
Ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy shahrida «Ford» avtomobilida yong‘in kelib chiqqani tasvirlangan video tarqaldi. Muhokamalarda buning sababi avtomobil chiroqlari doimiy yoniq holatda harakatlangani bo‘lgani aytilmoqda.

Kun.uz nashri ushbu holatga oydinlik kiritish maqsadida Navoiy viloyati FVB YoXB mas’ul xodimlari bilan bog‘landi.

Navoiy viloyati FVB YoXB ma’lumotiga ko‘ra, 2019 yilning 17 may kuni Navoiy shahri, Maxmud Tarobiy ko‘chasida harakatlanib ketayotgan, davlat raqami 85 T 704 SA bo‘lgan qizil rangli «Ford» rusumli furgonning motor qismida yong‘in kelib chiqqan. Yong‘in avtomobilning elektr sim-kabellarida qisqa tutashuv natijasida sodir bo‘lgan. Buning oqibatida avtomobilning motor va salon qismiga zarar yetgan.

Navoiy viloyati FVB YoXB mas’ul xodimining ta’kidlashicha, «avtomobil chiroqlari yoniq holatda harakatlanishi» tufayli deb taxmin qilinayotgan bu kabi holat viloyatda birinchisidir. Avtomobillarda yuzaga kelgan boshqa yong‘in holatlari avtomobil chiroqlari bilan bog‘liq bo‘lmagan sabablar tufayli sodir bo‘lgan.

Qayd etish kerakki, keyingi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda kun mavzusi kunduzi chirog‘ini yondiraman, deb mashinasi yonib ketayotganlar bo‘lmoqda. Yo‘l harakati qoidalariga o‘zgarish kiritish to‘g‘risidagi qaror chiqqan kundan buyon shu kabi 10ga yaqin holat kuzatildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari mashinalarning kunduzi chiroq yoqib yurishini bekor qilish taklifi bilan chiqishdi.

IIBB rasmiy saytida esa bunaqa yong‘inlarga quyidagicha munosabat bildirilgan: «Avtomobillar yonib ketishi va hattoki portlashlari ham mumkin, bunga sabab o‘zboshimchalik bilan avtomobil tuzilishiga aralashish, texnik holatga loqaydlik bilan munosabatda bo‘lish».

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev esa telegramdagi kanalida yangi qoidalarni qo‘llab-quvvatlagan holda, o‘zgarishlarni «shok terapiyasi» orqali zudlik bilan amalga kiritib bo‘lmasligini aytib, bu qoidalarni amaliyotga tatbiq etish jarayoni xato bo‘lgani, barchasiga bosqichma-bosqich o‘tish kerak bo‘lgani, kunduzi chiroq yoqib yurish majburiyatini kamida 2021 yil 1 yanvar sanasidan belgilash, ungacha keng miqyosdagi targ‘ibot ishlarini olib borish, joriy yildan boshlab texosmotrdan o‘tayotgan barcha eski mashinalarda DXO bo‘lishini talab qilish, maxsus kunduzgi chiroqlarni o‘rnatishning davlat standartini ishlab chiqish, kerak bo‘lsa elektr ustalarni o‘qitish, yong‘in keltirib chiqarmaydigan jihozlarni o‘rnatishni nazorat qilish va hokazo ishlarni qilish lozimligi haqidagi fikrlarini bildirgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yana bir avtomobil ko‘chada yonib ketdi (video)