17:10 / 22.05.2019
3 108

Supermarketlarda keraksiz xaridlar qilishimizning sababi nimada?

Supermarketlarda keraksiz xaridlar qilishimizning sababi nimada?
Bugungi kunda supermarketlar ko‘p jihatdan an’anaviy savdo nuqtalarini siqib chiqarmoqdalar. Garchi ommabop va shovqinli sharq bozorlari hanuz gavjum bo‘lsalarda, kichik do‘konlar faoliyati yiriklari tufayli susaymoqda. Albatta, supermarketlarda xarid qilish qulay va yoqimli. Lekin negadir mo‘ljaldagidan ko‘proq mahsulot sotib olganimizni hammamiz ham his qilganmiz.

Yirik supermarketlar ommabopligining sirlari talaygina. Biz ayrimlarini sanab o‘tamiz: asli 100 ming so‘mlik mahsulot narxi 140 ming so‘m deb ko‘rsatiladi va 140 000 raqami o‘chirilib, ostiga 99 000 so‘m deb yoziladi. Yoki shakar narxi bozorda 5000 so‘m, supermarket uni 4800 so‘mdan sotadi. Shakarga kelgan xaridor boshqa mahsulotlarni ham xarid qiladi. Turli sovg‘alar beriladigan aksiyalarda ham odatda asosiy mahsulot qiymatiga sovg‘a qiymati qo‘shilgan bo‘ladi va h.k.

Har qanday ishlab chiqaruvchi ko‘proq mahsulot ishlab chiqarishni istashi tabiiyligi singari har qanday do‘kon ko‘proq mahsulot sotishni xohlaydi. Bozorlarda biz avval rejalashtirgan narsalarimizni xarid qilamiz, ammo yirik do‘konlarda, ayniqsa, hamma mahsulot bo‘ladigan supermarketlarda mo‘ljalimizda bo‘lmagan narsalarni ham sotib olamiz. Xo‘sh, nega shunday?

Zodagonlik

Negadir supermarketlar xaridorlari faqat yuqori qatlam vakillari degan fikr bor. Ammo ishoning, o‘sha «yuqoridagilar» odatda do‘konma-do‘kon yurishmaydi, ularga hamma narsa yetkazib beriladi. Supermarketlarning asosiy xaridorlari o‘rta qatlamdagi odamlar, ya’ni sizu-bizmiz. Bunday do‘konlarda biz o‘zimizni kiborlardek tutamiz, byudjetimiz cheklanganini tan olgimiz kelmaydi va paydar-pay olaveramiz. Ammo kassada deyarli har doim to‘lov miqdori oshib ketganini his qilamiz. Endi to‘lay olmaslik xijolatli holatni yuzaga keltiradi va har qancha og‘ir bo‘lmasin to‘laymiz.

Nasiya effekti

Kichik do‘konlarda odatda biz avval pul to‘laymiz, keyin mahsulotni qo‘lga kiritamiz. Bozorda ham deyarli shunday, xarid uchun darhol hisob-kitob qilinadi. Supermarketlarda esa boshqacha – biz olayotgan mahsulotimiz uchun ayni paytda pul to‘lamaymiz. Nasiyaga olinayotgandek hissiyot bizni bejilov xaridlarga undaydi va tabiiyki mo‘ljalda bo‘lmagan narsalar ham aravachaga tusha boshlaydi. Bu uchinchi sababga bog‘lanadi.

Aravacha effekti

Bozorda aylanib yurarkanmiz, cho‘ntak yengillashgani sari qo‘limizdagi yuk vazni orta boshlaydi. Bu miyaga juda kuchli signal beradi – to‘xta! Pul kamayishi va og‘irlik oshishi bizning tejamkorligimiz ortishiga sabab bo‘ladi va ko‘p hollarda hatto zarur mahsulotlardan ham voz kechamiz. Supermarketlarda ravon yuruvchi aravachalar xizmatimizga shay, ular juda og‘ir yukni ham bemalol ko‘tara oladi. Ayni mana shu jihat me’yorni unutishimizga sabab bo‘ladi.

Go‘zallik effekti

Supermarketlar hamisha ozoda, charog‘on va mahsulotlar tartib bilan yarqirab turadi. Sotuvchi qizlarning jilmayib turishi, mahsulot haqida erinmay batafsil ma’lumot berishi yana bir turtkidir. Bu omillar ularni olib tanishishga, hidlab ko‘rishga va nihoyat kerakligiga ishonch hosil qilishga sabab bo‘ladi.

Chegirmalar, chegirmalar...

Agar biror yirik supermarket biror kunni chegirmalarsiz o‘tkazibdi desalar – ishonmang! Chegirmalar mahsulot sotishda eng samarali uslub. Ammo har doim ham chegirmalar haqqoniy bo‘lavermaydi. Ko‘p hollarda yuqorida aslida bo‘lmagan narxni yozib, ustidan chiziq tortiladi va pastida shundoq ham mahsulotning real qiymati ko‘rsatilgan chegirmadagi narxi yoziladi. Masalan, 100 000 so‘mlik mahsulot narxi 140 000 so‘m deb ko‘rsatiladi va 140 000 raqami o‘chirilib, pastiga 99 000 so‘m deb yoziladi. Xaridorga bu yerda 40 foizli chegirmadan foydalanayotganday tuyuladi, aslida esa chegirma atigi 1 foiz.

Narx belgilashda «999» usuli juda mashhur. Masalan, biror mahsulotga 89 999 so‘m narx belgilanadi. Xaridor asl narx 90 000 so‘mligini anglab tursa-da, unda bu mahsulot 80 000 so‘m degan qisqa muddatli tushuncha paydo bo‘ladi.

Yana ko‘p hollarda supermarketlar yaroqlilik muddati oxirlab borayotgan mahsulotlarni chegirma orqali sotishni xush ko‘radi. Bu holatda real chegirmalarni kuzatish mumkin.

Shuningdek «2+1» (ikkita olsang uchinchisi bepul), «televizor xarid qilinsa dazmol sovg‘a» kabi aksiyalarda ham odatda asosiy mahsulot qiymatiga sovg‘a qiymati qo‘shilgan bo‘ladi. Sodda xaridor esa bunday sovg‘alardan xursand bo‘laveradi.

«Bozordan arzon»

Supermarketlarning yana bir ayyorligi bor – eng xaridorgir mahsulotlar bahosini boshqa xarid nuqtalariga nisbatan past ko‘rsatishadi. Masalan, shakar narxi bozorda 5000 so‘m, supermarket uni 4800 so‘mdan sotadi. Aynan shakar yetaklab kelgan xaridor boshqa mahsulotlarni ham olib ketadi.

Yoki paketdagi shakar ustiga 4500 so‘m deb yozib qo‘yiladi. Paketning orqa tomonida kichik harflar bilan shakar 900 grammli qilib qadoqlangani ko‘rsatiladi. Ya’ni bu yerda xaridor hech narsa yutmaydi, arzon olayotganday his tug‘iladi, xolos. Bu usulning rasmiy nomi ham bor – narxni saqlab turgan holda mahsulot vaznini kamaytirish «daunsayzing» deb nomlanadi.

Bobur (ism o‘zgartirilgan), «Korzinka.uz» supermarketlar tarmog‘i xodimi:

– Bu usullarning hammasi vaqti-vaqti bilan qo‘llanadi. Yana bitta yaxshi usul – eng xaridorgir mahsulotlar ichkariroqda joylashtiriladi. Masalan, «Koka-kola» olish uchun sharbatlar, mineral suvlar turgan peshtaxtalar yonidan o‘tish kerak. Shunda xaridorlar «baribir kerak bo‘ladi-ku» deb katta-katta mineral suvlarni olganlarini o‘zim ko‘p kuzatganman. Non ham ko‘pincha eng ichkariga qo‘yiladi. Yana tez sotib tugatilishi kerak bo‘lgan, aksiyaga tushgan tovarlar yo‘laklar o‘rtasiga baland qilib teriladi va arzon narx qo‘yib qo‘yiladi.

Eng qizig‘i, bu uslublarning birortasi noqonuniy emas, chunki har qanday holatda ham nima xarid qilishni xaridorning o‘zi hal qiladi. Poytaxt supermarketlaridan biri bir vaqtlar hatto «Birni izlab mingni topasiz!» degan shiorni ilgari surgan. Faqat qolgan 999ta mahsulotning xaridorga qanchalik zarurligi boshqa masala.

Abror Zohidov

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Supermarketlarda keraksiz xaridlar qilishimizning sababi nimada?