06:36 / 23.05.2019
5 929

Qush tilini topganlar yoki qushlarning «nikoh raqsi»ni ko‘rganmisiz?

Qush tilini topganlar yoki qushlarning «nikoh raqsi»ni ko‘rganmisiz?
Foto:«Xabar.uz»
Qushlar... Ularning turi, zoti, nomi, ko‘rinishi, sayrashi, patlari ming xil. Yer yuzida qushlar behisob. Birgina O‘zbekistonimizda 400 dan ziyod qush turlari mavjud.

Ana shunday qushlardan biri yo‘rg‘a tuvaloqdir. Navoiy viloyatida ana shu noyob qushlarni ko‘paytirib, yovvoyi tabiat qo‘yniga uchirish bilan shug‘ullanadigan markaz faoliyat ko‘rsatadi. Yurtimizning betakror tabiati, issiqligi, o‘ziga xos kengliklari bu qushning ko‘payishi uchun juda mos iqlim hisoblanadi.

Bu markaz Amirliklarning Yo‘rg‘a tuvaloqni asrash markazi (AYTAM) deb nomlanadi va u Birlashgan Arab Amirligi Vitse-Prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amirligining hokimi Shayx Muhammad Bin Roshid Ol Maktum Janobi oliylari tashabbusi bilan 2008 yilning aprelida tashkil etilgan.

Mazkur markaz faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida viloyat Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi va Amirliklarning yo‘rg‘a tuvaloqni asrash markazi hamkorligida tashkil etilgan mediaturda bo‘ldik.

Quyoshning ayni tig‘i tushadigan Samarqand va Buxoro oralig‘ida Karmana tumanining cho‘l hududida joylashgan 300 gektar maydonni tashkil etgan mazkur markaz darvozasidan kiraverishdayoq bu yerda noyob va go‘zal mavjudotlar parvarishlanayotganligini his etish qiyin emas.

- Osiyo yo‘rg‘a tuvalog‘i yo‘qolib ketish xavfi ostidagi qush turi hisoblanib, Tabiatni muhofaza qilish Xalqaro ittifoqi tomonidan zaif deb ta’riflangan,-deya izoh berdi bizni markazda kutib olgan ish boshqaruvchi Rustam To‘xtamurodov.

- Bu qush Markaziy Osiyoda ko‘payadigan ko‘chib yashaydigan qush hisoblanadi. Bu yerda qushlarni tutqunlikda ko‘paytirishning asosi - genetik xilma-xillikka ega bo‘lgan qushlarni o‘zidan ko‘paytirishga asoslangan.

– Genetik va ishlab chiqarish boshqaruvini amalga oshirish uchun Markazda yo‘rg‘a tuvaloqlarni sun’iy yo‘l bilan ko‘paytiriladi. Qushlarni sun’iy ko‘paytirish dasturiga qo‘shimcha qilib, yovvoyi populyatsiyani samarali mustahkamlashga erishish maqsadida Markaz tabiatdagi tuvaloqlarni ekologik muhitini kuzatishni ham amalga oshiradi.

Ushbu ekologik ishlar bir necha yil avval boshlangan bo‘lib, bu qushlarning nikoh raqsi va tuxum qo‘yish joylarini belgilash, bahor mavsumida tuvaloqlar populyatsiyasining zichligini aniqlash, ko‘payish samaradorligini kuzatish va ularni oziqlanish joylarini baholash bilan bir qatorda genetik tahlillar uchun biologik namunalar olishni o‘z ichiga oladi.

Qushlarning yashash joyi, qushchalarning inkubatsiyadan chiqishi, oziqlantirish, ularni dastlabki parvarish qilish joylari, tabiat qo‘yniga uchishga tayyorlanadigan joylarning alohida-alohida ekanligi jarayonning tizimli tashkil etilganligini ko‘rsatib turibdi.

– Bu yil juda barakali keldi,-deydi markaz laboranti Nilufar Husenova. - Hozirgi mavsumda har qachongidan ko‘ra ko‘p, ya’ni 7816 dona tuxum olindi. Bu yerda ishlab nafaqat qush tilini o‘rganib oldik, balki ingliz tilini ham o‘rgandik. Hozir hammamiz ingliz tilida xuddi o‘z ona tilimizdagidek bemalol gaplashamiz.

Foto:«Xabar.uz»
Darhaqiqat, markazda uzoq yillik hamkorlik loyihasiga asosan mas’ul lavozimda ishlayotgan fransiyalik Alla Deller xonim bilan ingliz tilida suvday sharros gaplashayotgan qushboqar yigit-qizlarga havasimiz keldi.

- Qushning jo‘jalari tuxumdan 21 kunda ochiladi, - deydi qushboqarlar bo‘limi mas’uli Dilrabo Hoshimova. - Ellikka yaqin ishchi ularni o‘n kunga qadar parvarishlaymiz. Ayni paytda 750 ta palapon bor.- Keyin 15-20 kun ularga qo‘ldan alohida-alohida ovqat beriladi. 20 kunlik bo‘lgandan keyin o‘z nasibalarini o‘zlari terib yeyishni o‘rganishadi. Ular bir oylik bo‘lgandan keyin maxsus keng va uzun tunellarda uchishga tayyorlanadi. 45 kunlikdan 90 kunlik bo‘lguncha, ya’ni avgust va sentyabr oylarida tabiat qo‘yniga uchiriladi. Barcha qushlar veterinar Sanjar Isomiddinov rahbarligida 2 marta emlanadi. Osmonga parvoz qilishi uchun 5 ta pati bo‘lishi kerakligini kuzatamiz, uchishga oson bo‘lishi uchun diyetaga amal qilishlarini ta’minlaymiz.

Yo‘rg‘a tuvaloqni asrash markazidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 2012 yildan buyon shu vaqtga qadar markaz tomonidan 10 mingga yaqin yo‘rg‘a tuvaloq yovvoyi tabiatga uchirilgan.

Yo‘rg‘a tuvaloqlar garchi qafaslarda parvarishlanayotgan bo‘lsa-da, ular o‘zlarini tutqunlikda emas, erkin va baxtiyor his etishlarini raqsga tushishlari, qanotlarini yoyib turli ko‘rinishlarga kirishlari misolida yaqqol ko‘rish mumkin.

Marusa Hosilova

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qush tilini topganlar yoki qushlarning «nikoh raqsi»ni ko‘rganmisiz?