19:19 / 24.05.2019
3 300

O‘ziga qabr qazdirib, tiriklayin ko‘mmoqchi bo‘lganlarga sud hukmi o‘qildi

O‘ziga qabr qazdirib, tiriklayin ko‘mmoqchi bo‘lganlarga sud hukmi o‘qildi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Surxondaryo viloyati Qiziriq tuman sudidagi ochiq sud majlisida jinoiy til biriktirgan aybdorlar O‘zbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalari bilan ayblandi va sud hukmi o‘qildi, deya xabar berdi O‘zA.

Jarqo‘rg‘onlik N.Ibragimov, N.Temirov va X.Axmedov moddiy naf ko‘rish maqsadida 2018 yil 1 sentyabr kuni jinoiy til biriktirib, reja tuzishgan. Jinoiy rejaga ko‘ra, Jarqo‘rg‘on tumanidagi «Cho‘lbegi chinor» fermer xo‘jaligi rahbari N.Ibragimov «Obod baraka siymo» fermer xo‘jaligining raisi A.Eshnazarovni chaqirtirib, N.Temirov bilan uchrashtirish vazifasini a’lo darajada bajaradi. Rejaning keyingi bosqichida N.Temirov va X.Ahmedov A.Eshnazarovga turli xil vajlarni bahona qilib, undan tovlamachilik yo‘li bilan pul olishni maqsad qilingan.

– Avvaliga N.Ibragimov menga «Avaz va Navro‘z bilan muammongiz bor ekan. Bu muammoni hal qilish kerak», — dedi. «Mening muammom bo‘lsa, o‘zim hal qilaman» dedim. Undan keyin Nozim Temirov va Husniddin Ahmedov bilan «Uzumzor» mahallasi hududidagi adirlikka bordik. O‘z-o‘zidan Nozim Husniddinni qiynab ura boshladi. Keyin mashinadagi belkurakni menga berib «Yerni kovla o‘zingga go‘r qaziysan» degach, belkurakni olib bir metrlar chuqur kovlaganimdan so‘ng chuqurga tushishimni aytdi.

«Agar ellik million so‘m bersang, senga teginmayman. Bu voqea haqida kimgadir aytib qo‘ysang, o‘zingni ham, oilangdagilarni ham ayab o‘tirmayman» po‘pisasidan qo‘rqib ketdim. Uning shartiga rozi ekanligimni aytganimdan so‘ng qo‘limga daftar ruchka berib «Ellik million so‘m Temirov Nozimdan qarz oldim» deb yozib qo‘l qo‘yishimni aytdi. Yozib qo‘l qo‘yganimdan keyin N.Temirov va X.Ahmedov ham qo‘l qo‘ydi. O‘zimga tegishli fermer xo‘jaligining muhrini bosganimdan so‘ng mashinamni sotish harakatiga tushdik.

Bu orada N.Temirovning jiyani S.Arapov yonimga kelib «Olti million so‘m bersang, yozgan tilxatingni va videotasvir tushirilgan fleshkani o‘zim yo‘q qilaman, bular ham seni tinch qo‘yadi» deb tazyiq o‘tkazgan bo‘lsa, N.Temirov esa mashinamni sotib bergan o‘ttiz yetti million so‘mga qanoat qilmasdan «Mana seni tilxating, telefonimda videotasviring bor, agar biror kishiga aytsang seni oilang bilan birga o‘ldirib yuboraman. Qolgan o‘n uch million so‘m qarzingni ham tezroq qaytar» deb qilgan iddaolari viloyat IIBga murojaat qilishga majbur qildi.

Nasimbek Ibragimov «Jarqo‘rg‘on» tumanidagi «Cho‘lbegi chinor» fermer xo‘jaligining raisi bo‘lib ishlaydi. Bu jinoyatga aloqasi yo‘qligini ta’kidlar ekan, quyidagilarni so‘zlab berdi:

– Alisher Eshnazarov bilan ko‘p yillardan buyon hamkorlikda ishlaymiz. Faoliyatimiz bir-biriga o‘xshash bo‘lgani uchun bir necha marotaba oldi-berdi ham qilganmiz. 2017 yil qarz so‘raganida, o‘zi rahbarlik qilayotgan «Obod baraka siymo» fermer xo‘jaligi hisob raqamiga 2017 yil yigirma million so‘m pulni ko‘chirish yo‘li bilan qarz sifatida o‘tkazgandim. Biroz vaqt o‘tib, ushbu pullardan o‘n sakkiz million so‘mni qaytarib, qolgan ikki million so‘mni keyinroq berishini aytgandi. Qarz bergan bo‘lsam ham biror marta A.Eshnazarovga zo‘ravonlik qilganim yo‘q.

N.Ibragimov sudda yolg‘on ko‘rsatma berganligi ma’lum bo‘lgach, fermer qo‘pchilikning oldida uyatga qoldi. Surishtiruv davomida ATB «Agrobank» Jarqo‘rg‘on filialining 2018 yil 18 noyabrdagi xatiga ko‘ra «Cho‘lbegi chinor» va «Obod baraka siymo» fermer xo‘jaliklari o‘rtasida pul mablag‘lari yaqin o‘n yil ichida o‘tkazilmaganligi aniqlandi. Kreditga olgan mashinasini sotishga majburlandi.

A.Eshnazarov 2018 yil yozining ilk kunlarida yaxshi niyatlar bilan bankdan turmush o‘rtog‘i D.Xurramovaning nomiga Cobalt rusumli avtomashinasini kredit asosida olib, sentyabr oyigacha avtomashina kreditlarini o‘z vaqtida to‘lab kelgan.

Uyushgan jinoyatchilar qarmog‘iga tushib qolib, o‘z jonini himoya qilishga uringan A.Eshnazarov kredit asosida olgan mashinasi uyushgan jinoyatchilarning qistovi va ishtirokida denovlik xaridorga to‘qson bir million so‘mga sotishga kelishgan.

– Nozimni tazyiqi ostida Denov tumanida yashovchi Z.Ashurovga kreditdagi mashinamni to‘qson bir million so‘mga sotdim. Pulning o‘ttiz yetti million so‘mini bergan Z.Ashurov qolgan qirq uch million besh yuz ming so‘mni avtomashinaning krediti uchun o‘zi to‘lashiga va rasmiylashtirish davomida yana o‘n million besh yuz ming so‘mni berishiga kelishdik.

Avvaliga Jarqo‘rg‘on tumani «Paxtaobod» mahallasida joylashgan bilyardxonasiga olib borib qo‘yishni so‘ragan Nozim mashinadan tushar ekan Alisher Eshnazarovga shu yerda kutib turishini, bir joyga borib kelishini aytib, o‘zi bilyardxonadan belkurak, oq polietilen paketda pichoq va arqon olib chiqib, A.Eshnazarovga Jarqo‘rg‘on tumani, «Uzumzor» mahallasi hududidagi adirlikka olib borib qo‘yishni so‘ragan.

Cobalt avtomashinasida aytilgan joyga yaqinlashganda Nozimning rejasiga ko‘ra yo‘lga chiqib turgan Husniddinni ham mashinaga mindirib olishdi. Manzilga yetgan, o‘z-o‘zidan Husniddinni urib, uni o‘ldirishga shaylangan Nozimning vajohatidan Alisher cho‘chib ketdi. A.Eshnazarovning ruhiy holatiga ta’sir o‘tkazish uchun Husniddinning qo‘lini arqon bilan bog‘lab qo‘ygan Nozim Alisherning qo‘liga belkurakni berib, yerni qabr shaklida kovlashni buyurdi. Alisher Nozimning topshirig‘i bilan qabr shaklida qazilgan chuqurlikka tushishdi. Eng dahshatlisi, qo‘llarini o‘zi bilan olib borgan arqon bilan bog‘lab, bo‘yniga pichoq tirab, o‘ldirishga uringan.

– To‘g‘risini aytsam, o‘zimdan ko‘ra oilamni, farzandlarimni yo‘qotishdan qo‘rqdim, – deydi A.Eshnazarov. – Ularning talabiga rozi bo‘ldim. Shundan so‘ng o‘z mashinamda yana bilyarxonaga qaytayotganimizda Nozim tanishlaridan biriga mashinamning 4ta g‘ildiragini yechib berib yubordi. Shundan so‘ng bilyardxona ichkarisiga meni qamab qo‘yishdi. Ular menga zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilishdi. Qorong‘u xonada Nozimdan jabr ko‘rganini, unga qarshi chiqib bo‘lmasligini, kerak bo‘lganda pul, boylik uchun otasini ham ayamasligini bot-bot takrorlagan Husniddin ham aslida Nozim uchun ishlaganini keyin bildim.

37 million pulni bo‘lib olgan shovvozlar 3 millionini ehson qilishgan Alisher Eshnazarovning avtomashinasini sotishdan tushgan o‘ttiz yetti million so‘mni olgan Nozim Temirov A.Eshnazarovga yana o‘n ikki million so‘m berishni aytib, iddao qilgan. Osongina jinoiy yo‘l bilan olingan o‘ttiz yetti million so‘mni o‘tgan yilning 3 sentyabr kuni kechki vaqtda N.Temirov, N.Ibragimov va X.Ahmedov o‘zaro bo‘lib olib, ushbu puldan uch million so‘mini Jarqo‘rg‘on tumanidagi «To‘raxon o‘g‘li Ahmadxon» jome’ masjidiga ehson qilishgan.

– Jarqo‘rg‘on tumani «Obodguzar» mahallasidagi «To‘raxon o‘g‘li Ahmadxon» jome’ masjidida qorovul bo‘lib ishlayman, – deydi S.Ahmedov.

– 3 sentyabr kuni taxminan soat 22:00 larda H.Ahmedov va N.Temirov masjidga kelib, imomni so‘rashdi. U kishi ertaga ertalab kelishini aytganimda, «Bizni ertaga kelishga vaqtimiz yo‘q, o‘zingiz berib qo‘yasiz» deya, uch million so‘mni ehson sifatida berib ketishdi. Ertasi kuni ertalab masjid imomi O.Shonazarovga omonatni topshirdim.

N.Ibragimov N.Temirov va H.Ahmedov bilan jinoiy til biriktirib, ular bilan A.Eshnazarovni qo‘rqitib, undan tovlamachilik yo‘li bilan pul olishni va bevosita ushbu holatni amalga oshirishni N.Temirov va H.Ahmedovga yuklatgan. N.Temirov o‘zining tashabbusi bilan A.Eshnazarovni o‘ldirish bilan qo‘rqitgan va ushbu holatda H.Ahmedov unga ko‘maklashgan, bundan tashqari N.Ibragimov voqea joyida bo‘lmagan, A.Eshnazarovni o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitmagan hamda uni zo‘rlik ishlatib, g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilmagan, u faqatgina tovlamachilik jinoyati sodir etilishiga tashkilotchilik qilgan.

Sudlanuvchi N.Ibragimov va S.Arapov O‘zbekiston Respublikasi JKning 165-moddasi 2-qismi «v» bandida, sudlanuvchi N.Temirov va H.Ahmedov O‘zbekiston Respublikasi JKning 112-moddasi 1-qismi, 138-moddasi 1-qismi va 165-moddasi 2-qismi «v» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishgan, – deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha Qiziriq tuman sudi raisi Baxtiyor Mamadaminov. – Sudlanuvchi N.Ibragimov 4 (to‘rt) yilga, N.Temirov 5 (besh) yil 3 (uch) oy, H.Ahmedov 3 (uch) yil 6 (olti) oy, S.Arapov 3 (uch) yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘ziga qabr qazdirib, tiriklayin ko‘mmoqchi bo‘lganlarga sud hukmi o‘qildi