19:55 / 25.05.2019
5 336

Kimlar muddatidan oldin pensiyaga chiqadi?

Kimlar muddatidan oldin pensiyaga chiqadi?
O‘zbekiston Respublikasi “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunining 7-moddasiga asosan, yoshga doir pensiya olish huquqiga erkaklar 60 yoshga to‘lganda va ish stajlari kamida 25 yil bo‘lgan taqdirda, ayollar 55 yoshga to‘lganda va ish stajlari kamida 20 yil bo‘lgan taqdirda ega bo‘ladilar, deya xabar qilmoqda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi.

Qaysi hollarda fuqarolar muddatidan oldin yoshga doir pensiyaga chiqishlari mumkin?

Erkaklar ish staji (kamida) 25 yil bo‘lgan taqdirda 58 yoshdan, ayollar ish staji (kamida) 20 yil bo‘lgan taqdirda 53 yoshdan, ya’ni belgilangan yoshdan ikki yil oldin yoshga doir pensiyaga chiqish huquqiga “ishsiz” deb e’tirof etilganda ega bo‘ladilar. Ushbu toifaga texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining o‘zgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilganligi munosabati bilan ishdan ozod etilgan va ishsiz deb e’tirof etilgan shaxslar kiradi.

(“Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonun 14-moddasi)

Fuqarolar muddatidan oldin yoshga doir pensiyaga chiqishlari uchun Pensiya jamg‘armasi tuman (shahar) bo‘limiga zarur hujjatlarga qo‘shimcha ravishda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tuman (shahar) Aholi bandligiga ko‘maklashish markazining shaxsni ishsiz deb e’tirof etish to‘g‘risidagi taqdimnomasini taqdim etishi lozim.

Texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining o‘zgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilganligi munosabati bilan ishdan ozod etilgan fuqarolarni ishsiz deb e’tirof etish O‘zbekiston Respublikasi ijtimoiy ta’minot vazirligi va Mehnat vazirligining 30.11.1998 yildagi 2274/4 va 1235/04-1-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Alohida asoslarga ko‘ra mehnat shartnomasi bekor qilinganda ishdan bo‘shatilgan xodimlarga muddatidan oldin pensiya tayinlash tartibi to‘g‘risida Yo‘riqnoma” bilan tartibga solinadi.

Unga asosan, Bandlikka ko‘maklashish markazi tomonidan ishsiz deb e’tirof etilgan va muddatidan oldin yoshga doir pensiyaga chiqish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolarga taqdimnoma rasmiylashtiradi va 5 kun muddat ichida tegishli byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limiga topshiradi.

Bandlikka ko‘maklashish markazi tomonidan berilgan taqdimnoma, byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limi tomonidan muddatidan oldin yoshga doir pensiya tayinlashga asos bo‘lib hisoblanadi.

Fuqarolarning muddatidan oldin pensiyaga chiqish huquqi O‘zbekiston Respublikasining “Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi qonunining 25-moddasida ham mustahkamlangan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Kimlar muddatidan oldin pensiyaga chiqadi?