10:37 / 26.05.2019
5 529

Samarqandda bir oilaning 5 a’zosini o‘ldirishda gumonlanayotganlarning bari o‘ziga to‘q

Samarqandda bir oilaning 5 a’zosini o‘ldirishda gumonlanayotganlarning bari o‘ziga to‘q
Foto: Yoshlar Ittifoqi
Samarqandda bir oilaning besh a’zosi o‘ldirilishi bilan bog‘liq jinoyatni sodir etishda gumon qilinayotganlarning bari o‘zaro qarindosh, ular bilan jabrlanuvchilar o‘rtasida avvaldan nizo bo‘lgan. Bu haqda Yoshlar press klubining 24 may kuni bo‘lib o‘tgan sessiyasida ma’lum qilindi.

Eslatib o‘tamiz, 15 may kuni Samarqandning Qo‘shrabot tumanidagi «Boqichig‘atoy» mahallasi hududidagi fermer xo‘jaligida qoldirib ketilgan Damas’ning ichidan Ishtixon tumani Chimqo‘rg‘on qishlog‘ida yashagan bir oilaning besh nafar a’zosi jasadlari topilgan edi. Uch kun tun-u kun olib borilgan harakatlar natijasida ushbu qotillikni sodir etishda gumonlanib, to‘rt kishi — Ishtixon tumani Chimqo‘rg‘on qishlog‘ida yashovchi, 1981 yilda tug‘ilgan T.G‘., 1995 yilda tug‘ilgan E.Sh., 1993 yilda tug‘ilgan U.J. va Qo‘shrabot tumanida yashovchi, 1996 yilda tug‘ilgan N.X. ushlandi: ular 15 mayga o‘tar kechasi jabrlanuvchilarning xonadoniga yashirincha kirib, besh kishini qasddan o‘ldirgan, uydan 22 million so‘m pul va Samsung Galaxy S8 telefonini olgan.

Gumonlanuvchilarning xonadoni ushbu hodisaga qadar «Yoshlar — kelajaggimiz» davlat dasturi asosida o‘rganilganida, ularning kredit olishga ehtiyoji yo‘qligi aniqlangan. Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilovning aytishicha, «ularning topish-tutishi byudjetdan oylik oladiganlarnikidan bir necha marta katta, mazkur jinoyatning ildizi ishsizlikka emas, oiladagi nosog‘lom muhit, tarbiyadagi loqaydlik va befarqlikka borib taqaladi». Qayd etishlaricha, gumonlanuvchilarning uch nafari uzumchilik bilan shug‘ullanib, yiliga o‘rtacha 50—55 million so‘m daromad topgan.

«Bu yerda ikkita masala bor. Birinchidan, gumonlanuvchilar va jabrlanuvchilarning oilalari o‘rtasida avvaldan nizo bo‘lgan. Ikkinchidan, gumondagi amakivachcha va xolavachchalar tezda boyib ketish niyatida jabrlanuvchilarning xonadoniga o‘g‘irlikka tushgan. Ular o‘zicha katta mablag‘ni qo‘lga kiritishni o‘ylab, jinoyatga qo‘l urishgan», — deydi Qobilov.

Viloyat hokimi o‘rinbosarining qo‘shimcha qilishicha, katta amakivachcha boshqalarning «qo‘lidan yetaklab», jinoyatga jalb qilgan. Qobilovning fikricha, buning bari oiladagi tarbiyaning xatoliklari bilan bog‘liq. «Biz bundan xulosa chiqarib, reja qilib, kelgusida tizimli ishlaymiz. Bunda bizga, albatta, respublika huquqni muhofaza qiluvchi idoralari yordam beradi», — dedi u.

Ishtixon tumani hokimi o‘rinbosari Ahmatjon Hasanov «jazo tiriklarga berilgani»ni ta’kidlab o‘tdi. «Jinoyatni sodir etishda gumonlanayotgan yigitlarni onasining yuziga qarasangiz — dunyo qorung‘u. Birining otasi tik turib gapira olmadi. Yana birining xotini ikki oylik bolasi bilan qolib ketdi», — dedi u.

Hozirda joylarda jinoyatchilikka qarshi kurashda oilalarni notinch, hisobda turadigan va ichkilikka berilgan kabi yo‘nalishlarga bo‘lib harakat qilish amaliyoti joriy qilingan. Lekin Samarqanddagi voqea bo‘yicha gumonlanuvchilarning oilalari ushbu salbiy yo‘nalishlarning birortasiga to‘g‘ri kelmaydi.

«Shunchalik ijobiy — har birining uyida mashinasi bor, uzumi-toki bor. Birortasining ko‘chada daydib yurishga vaqti yo‘q. Xatoimiz — jinoyatchilikka qarshi yo‘nalishlarga bo‘lib kurash olib borganimiz. Jinoyatni har qanday odamdan kutish mumkinligini unutib qo‘ygan ekanmiz», — dedi Ishtixon tumani hokimi o‘rinbosari.

Hasanovning qo‘shimcha qilishicha, o‘ldirilgan oilaning farzandlari mahalladoshlariga Captiva va uy olamiz, deb gapirib yurgan. «Haqiqatan ham pishgan g‘ishtdan ikki qavatli uy ko‘targan. Qishloqda shu gap tarqab ketgan. Bular (jinoyatchilar — tahr.) ‘uyda pul bor, shuni olamiz, birdan boyib ketamiz’, deb maqsad qilgan. Yoshlarning pul, mashina, o‘yin-kulgi qilib yurishga qiziqib qolganidan jinoyat kelib chiqdi», — dedi u

Avvalroq Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov to‘rt yigitning pul ilinjida besh kishining qotiligi aylanishini «barchamiz uchun sharmandali holat» deb baholagan edi. «Buning ildizi avvalo odamlarning bir-biriga befarqligi, atrofda bo‘layotgan voqea-hodisalarga e’tiborsizligiga borib taqalmoqda. Sen menga tegma, menga senga tegmayman, degan qarash mana, nima oqibatga olib keldi», — degan edi viloyat hokimi.

Ta’kidlanishicha, Ishtixon tumanida 248 ming nafar aholi istiqomat qiladi. Ularning 146 769 nafarini yoshlar tashkil etadi. Hozirda 284 nafar yoshlar kasb-hunarga o‘qitilayotgan bo‘lsa, 49 nafari hunarmandchilikka jalb etilgan, 50 nafari esa kasanachilik bo‘yicha faoliyat yuritmoqda.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Samarqandda bir oilaning 5 a’zosini o‘ldirishda gumonlanayotganlarning bari o‘ziga to‘q