Yozmayman deymanu... baribir yozib qo‘yaman-da!

  • 27 may 2019, 06:35
  • 1 277
  • Jamiyat
  • Yozmayman deymanu... baribir yozib qo‘yaman-da!
    Foto: «Google.com»
    Yozmayman, tinchgina sigirimni sog‘ib, pomidorlarimni parvarish qilib, sut-qatiq, qaymoq sotaman, deymanu... Yana jununim boshimga chiqib yozib qo‘yganimni bilmayman.

    Bugun telefonim jiringladi. Olsam ovozi mayin bir qiz: «siz Mahmudjonning ayasimisiz», — dedi. Ha, dedim. «Men Mahmudjonning guruhidagi bolalardan birining onasiman», — deb muddaoga o‘tdi.

    — Biz ota-onalar bilan kelishib «Xayr bog‘cha» tadbiriga 100 ming so‘mdan yig‘adigan bo‘ldik. Buni ichiga bog‘chaga remont, bolalarning chiqimlari va bog‘chaga opaga sovg‘a ham kiradi, — dedi.

    «Nega boshqa bog‘chalar 50-70 mingdan yig‘yapti, biz ham 50 mingdan yig‘sak bo‘lmaydimi», — desam, «Bilmadim, men yosh onaman, buvilar aytyapti», — dedi.

    Yaqinda o‘zi Muniraning 4-sinfni bitirishiga 100 mingdan yig‘ib bergandik. Xudo biladi o‘sha pulning qanchasi nimaga ishlatilganini. Xuddi shu 100 mingning ichida maktab remonti ham bor edi.

    Men qiziqyapman-da. Davlat byudjetining eng katta qismi ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimiga ajratiladi. Nega yana maktab va bog‘chalarda yig‘-yig‘lar tugamayapti. Davlatning puli qayerga ketyapti?

    Davlat remont uchun deb ajratgan pul nega xalqning ko‘z o‘ngida, shaffof ishlatilmaydi? Nega har yili ota-onalar remont uchun pul yig‘ib beradi? Nega, nega, nega???

    Yana eng yomoni dushman o‘zimizdan chiqadi. Ustozga yaxshi ko‘rinish istagidagi bir-ikki ota-ona taklif xuddi o‘zidan chiqqanday gapiradi. O‘shalarning qo‘li bilan ish qilinadi. Go‘yoki taklif ota-onadan chiqqanday.

    Kimdir bog‘cha va maktablar remontini tekshiradimi? Kimdir xalqqa pullari talon-taroj bo‘layotganini isbotlab bera oladimi? Kimdir yoki kimlardar Prezidentni aldayotganini tan oladimi?

    Mahmudjonning onasi

    Manba: Xabar.uz

    Фикрлар

    » » Yozmayman deymanu... baribir yozib qo‘yaman-da!