21:16 / 29.05.2019
4 862

Germaniya prezidenti Xorazmning qadimiy obidalari bilan tanishdi (foto)

Germaniya prezidenti Xorazmning qadimiy obidalari bilan tanishdi (foto)
Germaniya Federativ Respublikasi Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer rafiqasi hamrohligida Xiva shahrining tarixiy markazi – «Ichan qal’a»ga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda O‘zA.

Qadimiy majmua ko‘p asrlik tarixga ega. Bu yerdagi dunyo me’morligining noyob an’analarini o‘zida aks ettirgan ko‘plab obidalar shaharning asriy rivojlanish tarixidan hikoya qiladi.

Mehmonlar Ko‘hna ark, Pahlavon Mahmud majmualari, Qozi Kalon madrasasi, Kalta minor yodgorligi va boshqa diqqatga sazovor joylari bilan tanishdi.

Me’moriy yechimiga ko‘ra o‘ziga xos Muhammad Aminxon madrasasi va uning peshtoqida qad rostlagan, qurib bitkazilmay qolgan bo‘lsa-da, shoirlar baytlarida «Falak ayvoniga qo‘yilgan ustun» deya ta’riflangan minora tarixi, binoning ulug‘vorligi mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Muhammad Aminxon minorasi o‘ziga xos usulda, quyosh nurlari tushushi va botishi hisobga olingan holda qurilgani bois koshinlardagi ranglar o‘zgarmaydi. Ko‘k, yashil, niliy ranglar uyg‘unligidan samarali foydalanilgan minora inson ko‘z o‘ngida yorqin va serjilo ranglarda namoyon bo‘ladi.

Xiva asrlar osha nafaqat savdo-sotiq, balki madaniyatlar va dinlararo bag‘rikenglik markazi ham bo‘lib kelgan. Buni XIX asr Xorazm tarixidan munosib o‘rin olgan nemis mennonitlari turmush tarzi, ularning mahalliy aholi bilan tinch-totuv kechirgan hayoti ham tasdiqlaydi.

Taqdir taqozosi bilan Turkiston o‘lkasiga kelib qolgan nemis mennonitlari Xorazmda qo‘nim topadi. Ular yashagan Oqmachitdagi Yevropa tipidagi nemis shaharchasi hunarmandlik va savdo-sotiq markazi sifatida ravnaq topdi.

Ushbu tarixiy aloqalar va xotiralar bugun «Ichan qal’a» hududida tashkil etilgan muzey misolida xorazmliklar xotirasida saqlanmoqda.

Germaniya delegatsiyasi «Ichan-Qal’a» davlat muzey-qo‘riqxonasida tashkil etilgan «Oqmasjidlik mennonitlar» muzeyida ham bo‘lib, majmuaning yaratilish tarixi bilan tanishdi.

Mehmonlarga XIX asrning 90 yillarida Xiva xonligi hududida yashab o‘tgan nemis mennonitlari turmush tarzi va xonlik hayotidagi ishtiroki haqida so‘zlab berildi.

Xiva tarixiy obidalaridagi aksariyat naqshlar bir-birini takrorlamaydi. Yagona kompozitsiya hosil qilgan tasvirlar necha ming yillik tarixga ega ko‘hna kentda qaror topgan xalqlararo birodarlik, yagona oila va umumiy kelajak qurishdek ezgu intilishlarni aks ettiradi.

Mohir usta va duradgor nemis mennonitlari ham shahardagi ana shunday bunyodkorlik ishlariga katta hissa qo‘shgan. Xivaga ko‘chib kelgan nemis xo‘jaliklarining shahardagi Qo‘sha darvoza, yevropa uslubi bilan mahalliy arxitekturaning uyg‘unlashib ketishi natijasida bunyod etilgan pochta-telegraf, kasalxona, Qibla Tozabog‘ va Isfandiyorxonning rasmiy qabulxonasi qurilishida faol ishtirok etgani tarixiy hujjatlarda bitilgan.

Muzeydan joy olgan eksponatlar Xiva xonligida qisqa davr yashab, xivaliklar qalbida yaxshi taassurot qoldirgan nemis mennonitlari tarixi, ularning mohir hunarmandligi va chin insoniy xislatlari, boshqa din vakillarining qardoshligi mavzulari haqida hikoya qiladi.

– O‘zbekiston betakror diyor. Qadim Xiva misolida bu zaminning asriy urf-odatlari, mehmondo‘st xalqi haqida yanada ko‘proq ma’lumotga ega bo‘ldik. Nemis mennonitlarining bu yerda hayot kechirishlari uchun yaratilgan sharoitlar haqida so‘zlab berishdi. O‘sha kezlarda turli millat, din va hayot tarziga ega insonlarning totuvlikda hayot kechirgani bugungi kunda ham xalqlarimiz tabiatida ustun bo‘lgan birodarlik fazilatining yorqin misolidir, – dedi Frank-Valter Shtaynmayer.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Germaniya prezidenti Xorazmning qadimiy obidalari bilan tanishdi (foto)