21:15 / 30.05.2019
3 340

«Transport vositalarining yonib ketishi kunduzi chiroqlarni yoqib yurish bilan bog‘liq holat emas»

«Transport vositalarining yonib ketishi kunduzi chiroqlarni yoqib yurish bilan bog‘liq holat emas»
Kunning yorug‘ vaqtida avtomotoransport vositalarining yaqinni yorituvchi chiroqlarni yoki kunduzgi signal chiroqlarni yoqib harakatlanishi natijasida oxirgi 1,5 oyda yo‘l-transport hodisalari 18,2 foiga kamaygan. Bu haqida Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Akramxon Boboxonov Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida yo‘l harakati qoidalariga kiritilayotgan o‘zgarishlarga bag‘ishlab o‘tkazilgan brifingda ma’lumot berdi.

Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, mazkur tartib joriy etilganidan buyon 1,5 oydan ziyod vaqt o‘tgan bo‘lsa, shu muddat ichida yo‘l-transport hodisalari 18,2 foizga (199ta), YTH oqibatida halok bo‘lganlar 16,7 foizga (45 nafar) va tan jarohati olganlar soni 23 foizga (241 nafar) kamaygan.

Akramxon Boboxonov mazkur yangi yo‘l harakati qoidasining jahon tajribasidan o‘tgani haqida ma’lumot berdi.

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi
«Chet el tajribasiga ko‘ra, kunning yorug‘ vaqtida yaqinni yorituvchi chiroqlarni yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanish qarama-qarshi tomondan kelayotgan mashinaning yoki piyodaning diqqatini tortib, ogohlantiradi va yo‘l-transport hodisasi yuz berish ehtimolini kamaytiradi. Kunduzgi vaqtda ro‘y berayotgan yo‘l-transport hodisalarining 50 foizi esa aynan qarama-qarshi tomondan kelayotgan avtomobil yoki piyodani payqamaslik natijasida ro‘y bermoqda.

Mazkur tartib xorij tajribasidan kelib chiqqan holda joriy etilgan. Xususan, u 65ta Yevropa davlatining 25tasida barcha avtotransport vositalari uchun majburiy, 15tasida faqatgina mototransportlar uchun belgilangan, 3tasida mavsumiy xarakterga ega bo‘lsa, 4tasida tavsiyaviy asosda joriy etilgan.

Havo harorati 35-50 darajaga yetadigan BAA va Malayziyada ham transport vositalari uchun yaqinni yorituvchi chiroqlarni yoqib harakatlanish tartibi mavjud. Iqlim sharoiti bizniki bilan deyarli bir xil bo‘lgan qo‘shni Qirg‘iziston va Qozog‘iston davlatlarida ham xuddi shunday tartib amalda. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, bu tartib kiritilgach YTH ko‘rsatkichi Qirg‘izistonda 21 foizga, Qozog‘istonda 11,12 foizga kamaygan», ─ deydi vazir o‘rinbosari.

Ma’lum qilinishicha, mazkur tartibga rioya qilmaganlik uchun Shvetsiyada 1 mln 51 ming 836 so‘m (milliy valyutada hisoblaganda), Chexiyada 732 ming 220 so‘m, Estoniyada 1 mln 887 ming 510 so‘m, Ruminiyada 574 ming 829 so‘m jarima solinadi.

Yo‘l harakati qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qaror loyihasi bilan regulation.gov.uz saytida 1 oy davomida 571 kishi tanishgan, kunduzi chiroqlarni yoqish haqidagi bandga nisbatan 5ta taklif, 2ta e’tiroz bildirilgan.

Ichki ishlar vazirligi va Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi rahbariyati ishtirok etgan matbuot anjumanida ma’lum qilinishicha, mazkur tartibning joriy etilishini nazarda tutuvchi qaror bo‘yicha hali o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi rahbari o‘rinbosari Erali Bozorovning qayd etishicha, transport vositalarining yonib ketishi kunduzi chiroqlarni yoqib yurish bilan bog‘liq holat emas.

«Transport vositalaridagi yong‘in va kunduzi chiroq yoqib yurish mutlaqo bir-biriga bog‘liq emas. 2019 yilning o‘tgan 4 oyi mobaynida 139ta transport vositasining yonish holati qayd etilgan, shulardan 112tasi yengil mashina, 27tasi yuk mashinasi. 2018 yilning 4 oyida esa 147ta (116ta yengil mashina, 27ta yuk mashinasi, 4ta avtobus) yong‘in holati kuzatilgan. Avtotransport vositalaridagi yong‘in ko‘rsatkichi o‘tgan yilgiga qaraganda kamayganini ko‘rish mumkin», ─ deydi Bozorov.

Bayon etilishicha, Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasining rasmiy bayonotiga ko‘ra, avtotransport vositalarida yong‘in chiqishining sabablari tahlil etilganda ularning birontasi kunduzi chiroqlarni yoqib yurish natijasida kelib chiqmagan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Transport vositalarining yonib ketishi kunduzi chiroqlarni yoqib yurish bilan bog‘liq holat emas»