09:26 / 31.05.2019
3 924

Suriyadan qaytganlar: «Bizni qutqarib olish oson bo‘lmadi...»

Suriyadan qaytganlar: «Bizni qutqarib olish oson bo‘lmadi...»
30 may kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘i bilan 156 nafar vatandoshimiz Yaqin Sharqdagi qurolli harakatlar davom etayotgan nuqtalardan O‘zbekistonga qaytarildi. Ular Toshkent xalqaro aeroportida kutib olindi.

Respublika maxsus xizmatlari tomonidan xorijiy hamkorlar bilan birgalikda amalga oshirilgan «Mehr» nomli mazkur amaliyot doirasida vatanga qaytarilganlarning asosiy qismini ayollar va yosh bolalar tashkil qiladi. Jumladan, ulardan 48 nafari ayollar va 107 nafari esa yosh bolalardir.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bayonotiga ko‘ra, ushbu gumanitar amaliyot inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi asosiy xalqaro hujjatlarga to‘liq rioya etgan holda, shuningdek, xalqaro gumanitar huquqning me’yor va tamoyillaridan kelib chiqib amalga oshirildi. «Bu xorijiy jangari-terroristlar bilan aloqador hamda terrorizm qurbonlari bo‘lishi mumkin bo‘lgan ayollar va bolalarga yordam ko‘rsatish muhimligi BMT Xavfsizlik kengashining 2396-rezolyutsiyasi bilan ham tasdiqlangan», deyiladi bayonotda.

Toshkent xalqaro aeroportidagi kutib olish tadbirida qatnashgan Kun.uz muxbiri tadbir jarayonlarini yoritishi bilan birga ekstremistik va terroristik tashkilotlarning g‘oyalari qurboni bo‘lgan turmush o‘rtoqlari yoki boshqa yaqinlari ta’sirida o‘ylamay qadam bosgan ayollar va ularning bolalaridan bir nechtasi bilan suhbatlashdi.

«Dadam urushda o‘ldi, endi maktabda o‘qimoqchiman»
(Birinchi suhbatdosh Zarina, 11 yoshda)
Samolyotdan tushib kelayotgan bu qizaloqni suhbatga tortar ekanmiz, uning ko‘zlaridagi mung va o‘zi aytib bergan taqdirini eshitib dahshatga tushdik.

«U yoqqa (Suriyaga – tahr.) 3 yil avval dadam, onam bilan ketganmiz. Bu yerga (O‘zbekistonga – tahr.) onam bilan qaytdik. Dadam urushda o‘ldilar. Suriyada maktablar yo‘q edi, endi men ham maktabda o‘qimoqchiman».

«Bizni kurdlardan qutqarib olish oson bo‘lmadi...»
(Ikkinchi suhbatdosh Fotima Nishonova, 65 yoshda)
Zarinani kuzatib qo‘yar ekanmiz, qo‘li bog‘liq holda samolyotdan tushib kelayotgan keksa yoshli ayol e’tiborimizni tortdi.

«Ismim Fotima, yoshim oltmish beshda. Bundan besh yil avval qizim va uch nabiram bilan o‘sha davlatdagi tanishlarimizning uy bepul, sizlarga ko‘p pul beradi, degan va’dalariga ishonib Suriyaga ketdik. Ko‘p vaqt o‘tmay bizni chaqirgan yigitlarning o‘zlari ham urushda o‘lib ketishdi. Qaytishga esa yo‘l topolmadik», deydi suhbatdoshimiz.

Qo‘lingizga nima bo‘ldi, deya berilgan savolga esa, ikki yil avval portlagan bombadan qo‘li qattiq jarohatlangani, tibbiy vositalar yo‘qligi tufayli vaqtida davolay olmay, hozirgi paytda qo‘lini ishlatolmay qolganini aytdi.

«Bizni qutqarib olgan insonlarning barchasidan Alloh o‘zi rozi bo‘lsin.

Eng oxirida bizni kurdlar qo‘lidan qutqarib olish ham oson bo‘lmadi, lekin mana shu yigitlarimiz qat’iy turib bizni olib kela olishdi. Bir bor adashdik, bizni kechirishlarini so‘rayman», deya ko‘ziga yosh oldi Fotima opa.

«Bizni olib kelishayotganda boshqalar havas qilib qolishdi»
(Uchinchi suhbatdosh Shahrizoda Fayzullayeva, 40 yoshda)
Navbatdagi suhbatdoshimizning taqdiridagi bu kabi o‘zgarishlarga oiladagi oddiy kelishmovchilik va oilaboshi - erkak kishining o‘ylamasdan aytgan so‘zi (taloq – tahr.) sabab bo‘lgan.

«Turmush o‘rtog‘imning shu so‘zidan keyin uni qaytib olish mumkinmi, yo‘qmi bilish maqsadida internet saytlariga kira boshladim.

Internet saytlardan savolimga javob izlab, Suriyada yashayotgan o‘zbek millatiga mansub bir kishi bilan tanishib qoldim. U Toshkent davlat yuridik universitetini tamomlagan, shu sohada ko‘p yillar ishlagan kishi ekan. Mening diniy masaladagi savollarimga ham javob berardi, hatto menga taloq masalasida fatvo berdi, afsuski, bu ma’lumotlarning ko‘pi yolg‘on ekanligini kech bildim.

U doim bu yerda kuchli diniy bilim olasan, ko‘p pul ham topasan derdi. Shu va’dalarga ishonib, gulday qizimni tashlab Turkiya Respublikasi orqali Suriyaga ketdim.

Internet orqali tanishgan o‘sha inson meni Turkiya chegarasida kutib oldi va Suriyaning Raqqa shahriga olib ketdi.
Suriyadagi hayot haqiqatda og‘ir edi. Ayollarga yonida erkak kishi bo‘lmasa ko‘chaga chiqish mumkin emas.

Fikrimcha, inson ko‘rishi mumkin bo‘lgan eng nohaq hayot tarzi aynan o‘sha urush ketayotgan mamlakatda edi.
Suriyaga borib qolgan insonlarning aksariyati tez ishonuvchan, omi odamlar bo‘lgan. Menga alam qilardi, nahotki, men ham ular qatoridaman.

Suriyaga borganimning birinchi yilida qaytishimga ishonardim, lekin oxirgi ikki yilda u yerda shunchalik ko‘p urushlar bo‘ldi, qattiq ocharchilik bo‘ldi va shunchalik ko‘p odam o‘ldiki, endi O‘zbekistonga qayta olishimdan umid uzdim, mening ham o‘ligim o‘sha yoqlarda xor bo‘lib qolib ketadi deb o‘ylardim. O‘limni kutib yashardim, shundan boshqa umid yo‘q edi menda.

Yonimdagi ko‘pchilik yosh qizlar, bolalar faqat urushni, buzilgan, vayron bo‘lgan xaroba binolarni ko‘rishgan va chodirlarda yashashgan.

Samolyotda uchib kelar ekanmiz, ular O‘zbekistondagi baland binolar, yashil tabiatni ko‘rishdi. Men ularga endi shu yerda, baxtli yashashlarini, o‘qib, ilm bilan shug‘ullanishlarini aytib dalda berdim.

Biz hozir qaytib kelgan joylarda hamon fransuzlar, inglizlar, malayziyaliklar, umuman, juda ko‘p millat kishilari yashashadi. Yaqinda bizni ushlab turgan kurd askarlari bizni vatanimizga olib ketish uchun yordam kelayotgani haqida aytishdi.

Buni eshitgan boshqa millatdagilar bizga shunchalik havas qilishdiki, men o‘sha paytda ilk bor o‘zbek ekanligimdan, bizni yaxshi ko‘ruvchi insonlar, millatdoshlarim borligidan faxrlanib ketdim, ko‘p yig‘ladim», deydi Shahrizoda Fayzullayeva.

Biz imkoniyatdan foydalanib, vataniga qaytgan yana bir nechta ayollar va bolalar bilan ham suhbatlashdik. Va shuni tushundikki, suhbatdoshlarimizdan aqlini tanib ulgurgani borki, ular vatanga qaytganidan xursand, adashish ortidan borib qolgan begona yurtda ularni qoldirib qo‘ymagan mamlakat Prezidentidan minnatdor.

«Mehr» amaliyoti davomida O‘zbekistonga qaytarilgan vatandoshlarimiz havo kemasidan tushishlari bilan ularga zamonaviy avtobuslar hozirlandi.

Aldov oqibatida o‘zga yurtga borib qolib, og‘ir hayotiy davrni boshidan o‘tkazgan bu insonlarga endilikda hukumat tomonidan tibbiy, psixologik, moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatiladi. Ularning tinch hayotga qaytib, jamiyatga moslashishlari, ta’lim va ijtimoiy dasturlarda ishtirok etishlari uchun zarur sharoit yaratiladi, boshpana va ish bilan ta’minlash choralari ko‘riladi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimovning Kun.uz muxbiriga aytishicha, vataniga qaytarilgan ko‘pchilik ayollar va bolalar fuqarolikka ega emas, shu boisdan ularga tezkorlik bilan fuqarolik berish choralari ko‘riladi. Ayollarga tegishli tartibda nafaqa ajratiladi, bolalar esa sog‘lomlashtirish uchun vaqtinchalik bolalar bog‘chasi va maxsus maktablarga jalb etiladi.

«Ayollarning doimiy ish bilan band bo‘lishini ta’minlash maqsadida, tadbirkorlik uchun kredit mablag‘lari ajratiladi», deydi Abduhakimov.

Xabardagi ayrim shaxslarning ma’lumotlari o‘zgartirildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Suriyadan qaytganlar: «Bizni qutqarib olish oson bo‘lmadi...»