11:27 / 02.06.2019
3 636

Suriyadan qaytganlar: Ularning hozirgi holati haqida nimalar ma’lum? (video)

Suriyadan qaytganlar: Ularning hozirgi holati haqida nimalar ma’lum? (video)
Foto: Prezident matbuot-xizmati
30 may kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i bilan 156 nafar o‘zbekistonlik Yaqin Sharqdagi qurolli harakatlar davom etayotgan nuqtalardan vatanga qaytarildi.
Respublika maxsus xizmatlari tomonidan xorijiy hamkorlar bilan birgalikda amalga oshirilgan «Mehr» nomli mazkur amaliyot doirasida vatanga qaytarilganlar Toshkent aeroportida kutib olindi.

Bugungi kunda adashib o‘zga yurtga borib qolgan, og‘ir hayotiy davrni boshidan o‘tkazgan insonlarga endilikda hukumat tomonidan tibbiy, psixologik, moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatilishi, ularning tinch hayotga qaytib, jamiyatga moslashishlari, ta’lim va ijtimoiy dasturlarda ishtirok etishlari uchun zarur sharoitlar yaratildi.

31 may kuni Kun.uz muxbiri Toshkent viloyatidagi «Bo‘ston» sanatoriyasida bo‘lib, O‘zbekistonga qaytarilgan vatandoshlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi hamda ular bilan suhbatlashdi.

Mazkur sihatgoh Toshkent shahridan 30 km uzoqlikda «Zax» kanali sohilida, dengiz sathidan 450 metr balandlikda joylashgan. Bu yerga Yaqin Sharqdagi qurolli harakatlar davom etayotgan nuqtalardan O‘zbekistonga qaytarilgan 156 nafar vatandoshimizdan 154 nafari vaqtincha joylashtirilgan. Sil kasalligi bilan og‘rigan bir kishi kasalxonaga joylashtirilgan bo‘lsa, Suriya qamoqxonasidan olib kelingan yana bir kishi surishtiruv va tergov ishlariga jalb qilingan.

«Biz jang ovozini Suriyaga borganimizning ikkinchi yilida eshitdik...»
(Jamila Isayeva, Namangan viloyati)

— Jamila, avvalo vatanga qaytganingiz bilan tabriklayman. Keling, suhbatimiz boshida Suriyada kechirgan kunlaringizni eslasak.
— Dastlab ishlash uchun Qozog‘istonga borgandim. Undan Turkiyaga o‘tdim. Turkiyada «Islom davlati» tuzilibdi, yashash ham yaxshi ekan» degan gaplarni eshitardim. Shu gaplarga ishonib, qolaversa, o‘zim qiziqqan diniy ilmlarni egallashni maqsad qilib Suriyaga yo‘l oldim.

Suriyadagi dastlabki hayotimiz tinch o‘tdi. Bizni alohida uylarga joylashtirib, oziq-ovqat bilan ta’minlab turishdi. Urush harakatlari sezilmasdi. Bir yilcha shunday hayot kechirdik. Urushga erkaklarni yuborishgandi. Ayollar esa uyda, bolalar bilan bo‘lardik. Ammo oxirgi ikki yildagi hayotimiz jang maydonida kechdi.

— Qo‘lingizda yosh farzandingiz bor ekan. Demak, Suriyada turmushga chiqibsiz-da?
— Suriyaga borganimdan keyin bir oycha meni ham umumiy kelganlar ichida saqlashdi. Bir oydan keyin yangi kelganlarning har birini o‘z millatdoshlari qatoriga yuborishdi, men ham Iroqdagi o‘zbeklar joylashgan bir qishloqqa ketdim. O‘sha qishloqda yashay boshlaganimning ikkinchi oyida meni andijonlik Muhammad ismli bir yigitga unashtirib qo‘yishdi, qizimning otasi u. U kishi ko‘p o‘tmay samolyot hujumiga uchrab halok bo‘ldi.

— Qaytib kelishingizga nima sabab bo‘ldi? Eshitishimizcha, Suriyadagi o‘zbeklar orasida vataniga qaytishni istamaydigan, aniqrog‘i qamalishdan qo‘rqadiganlar ham bor ekan.
— Aytganimday, avvaliga aslida qayerga borganimni tushunmaganman. Urush boshlangachgina buning nimaligini tushundim. Qaytish fikri shunda boshlangan.
Afsuski, menda qaytish uchun imkon bo‘lmadi, bunga ko‘p pul kerak edi. Qochishga uringanlar ham ko‘p edi. Ammo qochoqlarni tutib olishsa ularni o‘sha yerning o‘zida otib tashlashar yoki qishloqlariga qaytarishardi, farzandi bor insonlarni tutib olishsa, farzandlarini tirik qoldirib, o‘zini otib tashlashardi.

Oxirgi paytlarda ketishga uringanlarni hech kim otmadi, biz ham shu imkoniyatdan foydalanib chiqib ketdik. Suriyaning kurdlar yashaydigan Jazira deb nomlanadigan hududiga, so‘ngra Hasaka xududiga borib joylashdik. U yerda kurdlar va «Qizil yarim oy» jamiyati qarovida bo‘ldik. Hali Suriyada vatandoshlarimiz juda ko‘p.

— Qaytganingizdan xursandmisiz?
— Hatto tasavvur ham qilolmaysiz.

— Hozirgi sharoitlar haqida aytsangiz. Maxsus xizmatlar tomonidan bosimlar, kuch ishlatishlar bo‘lmayaptimi?
— Tekshiruvlar, so‘roqlar bo‘lib turibdi. Sharoitlar, o‘zimiz, farzandlarimizga bo‘lgan munosabat yaxshi. Toza joy, issiq ovqat berishdi, tibbiy xizmat ko‘rsatilyapti.

Videolavhada Suriyadan qaytgan bolalarga yaratilgan sharoitlar, ular bilan suhbatlar, shuningdek, ukasining qistovi bilan Suriyaga borib qolgan, u yerda otasi va ikki ukasidan ajralgan, o‘zi esa bomba portlashi natijasida bir qo‘lidan deyarli ajralgan Mastura ismli namanganlik ayol bilan suhbatni tomosha qilishingiz mumkin.

«Bo‘ston» sanatoriyasidagi bolalar ahvoli bilan ham qiziqdik. Bu yerda yangi olib kelingan bolalar uchun tarbiyachi, bolalar shifokori va psixologlar jalb qilingan bo‘lib, ular bolalarning dastlabki tibbiy va psixologik ahvolini o‘rganib, shu asosda ish ko‘rishmoqda.

Tibbiy va boshqa jihatdan sog‘lom bolalar esa musiqa, rassomchilik kabi bir nechta san’at yo‘nalishidagi to‘garaklarga jalb qilingan.

Bolalar bilan suhbatlashar ekanmiz, afsuski, ularning yoshiga mos bo‘lmagan tarzda bilimsiz bo‘lib qolganiga guvoh bo‘ldik. Jumladan, 10-12 yoshli bolalar ham Suriyada maktab ilmidan chetda qolgani bois harf tanimaydi, qo‘shish, hisob-kitob ilmidan esa mutlaqo bexabar.

Yuqoridagi videolavha davomida siz Suriyada otasi va ikki ukasidan ajralgan ayol qismati, Suriyadan qaytarilgan bolalarning hozirgi ahvoli, shuningdek, ayrim ijtimoiy tarmoqlarda Suriyadan qaytarilgan bolalar, ayollarni olib kelishga ko‘maklashish uchun UNICEF O‘zbekiston hukumatiga 3 million dollar yordam puli ajratgani haqidagi tarqalgan ma’lumot bo‘yicha Davlat xavfsizlik xizmatining sihatgohdagi xavfsizlik masalalariga javobgar xodimining izohi bilan tanishishingiz mumkin.

Maqoladagi ayrim shaxslarning ma’lumotlari o‘zgartirildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Suriyadan qaytganlar: Ularning hozirgi holati haqida nimalar ma’lum? (video)